Avvalgi urinishidan 2,5 yil o’tib, dunyodagi eng yirik aerokosmik kompaniya Xalqaro kosmik stansiyaga muvaffaqiyatli parvozni amalga oshirdi.
“Boing” kompaniyasining “Starliner” kapsulasi Nyu-Meksiko shtatidagi “White Sands” poligoniga kelib tushdi. Yaqin orada Xalqaro kosmik stansiyaga odamlarni eltadigan xususiy bizneslar soni yana bittaga ko’payishi mumkin. “Boing” - “SpaceX”ning raqobatchisi, ammo raketasi hali to’liq tayyor emas.
“Bu sinov parvozi ekaniga e’tibor qaratmoqchiman. Kema qanday ishlashini, missiyani bajara olishini kuzatyapmiz”, - deydi AQSh Fazo agentligi NASA vakili Keti Luders.
Your browser doesn’t support HTML5
Raketa o’tgan hafta Floridadagi kosmodromdan uchgan edi. Ekipajsiz “Starliner” kemasi shu tariqa uchinchi bor sinov parvozini amalga oshirdi. Avvalgi yillarda jiddiy muammolar aniqlangan.
Xususan, 2019-yilgi parvozida “Starliner” belgilangan orbitaga chiqa olmagan.
Bu safar kapsula kosmik stansiya bilan muvaffaqiyatli tutashgani “Boing” fazoviy dasturining muhim yutug’i deya ko’rilmoqda. Fazogirlarni koinotga olib chiqish uchun yaqin orada, NASA istaganidek, raqobat paydo bo’ladi.
“Biz birgalikda, bir jamoa bo’lib harakat qilganimizda, nimalarga qodir ekanimizni ko’rayapmiz. “Boing” kompaniyasining tijoriy fazo dasturi hamda NASA hamkorlik qilayotganini ko’rish juda quvonarli. Katta yo’lni bosib o’tdik”, - deydi astronavt Kell Lindgren.
Kosmik stansiya bilan tutashgach, astronavtlar “Starliner” kapsulasiga kirib, ekipaj a’zolari bilan tanishdi. Komandir o’rnida “Rozi Roketir” ismli maneken. Shuningdek, video o’yinlar orqali odamlarga tanish “Jeb Kerman”, qo’g’irchoq.
Kapsuladan oziq-ovqat va boshqa anjomlar tushirilgach, sistemalari tekshirib ko’rildi, Yerga qaytishga tayyorlandi.
Hafta o’rtasida “Starliner” yana yo’lga chiqdi. Ammo Yerga qaytish jarayonini to’liq muvaffaqiyatli deb bo’lmaydi. Dvigatellarida chiqqan muammo parvoz paytida, rezerv sistemalar orqali hal qilingan. “Boing” barcha nosozliklarni bartaraf etsa, “Starliner” yil oxirida haqiqiy ekipaj bilan uchishi mumkin. “SpaceX” bu marradan o’tib bo’lgan.
Bu orada, Rossiyaning Ukrainadagi urushi fazoviy programmalarga ta’sir qiladimi, degan savol ochiq qolmoqda. Hozircha kosmik stansiya faoliyatida o’zgarish yo’q.
“Rossiyalik hamkasblarimizni anchadan beri taniymiz va munosabatlarimiz do’stona. Professional darajada ham maqsadlarimiz mushtarak. Belgilangan missiyani bajarish, fan va texnologiya taraqqiyoti yo’lida ishimizni davom ettirish”, - deydi yevropalik astronavt Samanta Kristoforetti.
G’arb sanksiyalari bois Rossiya Xalqaro kosmik stansiyani tark etamiz, deya dag’dag’a qilgan edi. Yevropa Fazo agentligi rahbariga ko’ra, kosmosda birga ishlash o’ta muhim, Rossiya hamkorlikdan voz kechishi ehtimoli past.