AQSh Vitse-prezidenti Kamala Xarris Kongressni mamlakatda kuchayib borayotgan qurolli zo’ravonlikka qarshi chora ko’rishga chaqirdi.
Xarris turmush o'rtog'i Dag Emhoff bilan Nyu-Yorkning Buffalo shahridagi supermarketda irqchilik hujumi sifatida tasniflangan otishmada halok bo’lganlarning so'nggi dafn marosimida qatnashib, shu haqda gapirdi.
"Keling, hujumkor qurollarni taqiqlaylik. Hujum quroli nima ekanligini bilasiz. Hujum quroli qanday yaratilganini bilasiz. U aniq maqsadda - ko'plab odamlarni zudlik bilan o’ldirish uchun yaratilgan. Hujum quroli - bu urush qurolidir. Fuqarolik jamiyatida unga o'rin yo'q”, - dedi Xarris.
Xarris, shuningdek, qurol sotib oluvchilarni ko'proq tekshirishga undadi.
Vitse-prezident dafn marosimidan keyin “Tops Friendly Market” oldidagi yodgorlikka gul qo'ydi va u Emhoff bilan bir necha daqiqa sukut saqladi.
Buni ham ko'ring Texasdagi qatliom qurol nazoratini kuchaytirishi kutilmayapti
Buffalo shahrida yuz bergan hujumda 13 kishi otib o'ldirilgan. AQSh federal organlari hujumni nafrat jinoyati sifatida tekshirmoqda.
AQShda qurol zo’ravonligi bilan bog’liq otishmalar tez-tez sodir bo’ladi. Eng so’nggi ommaviy otishma 24-may kuni Texas shtatining Yuvalde shahridagi boshlang’ich maktabda yuz berdi. 18 yashar yigit amalga oshirgan hujumda 19 o’quvchi va 2 o’qituvchi halok bo’ldi.