Politsiyaning tasdiqlashicha, Kaliforniya shtatidan poytaxt Vashingtonga kelib, Oliy sud a'zosini o'ldirishga uringan fuqaro hibsda.
26 yoshli Nikolas Jon Roske Oliy sudya Brett Kavananing uyi oldida 8-iyun kuni erta tongda ushlangan. Kavana Vashingtonga qo'shni Merilend shtatida yashaydi.
Ayblanubchi sudyaning maxsus qo'riqchilari nazariga tusgan, ular darhol politsiyaga xabar qilgan. Roske Kavananing uyiga taksida kelgan. Keyin u favqulodda xizmatlar bilan bog'lanib, o'zini va sudyani o'ldirish niyatida ekanini bildirgan. Suhbat bir necha daqiqaga cho'zilgan. Bu orada politsiya yetib kelgan.
Roske manzilga o'zi bilan qurol, o'q-dori, pichoq, ko'zni yoshlantiradigan modda, og'ir turdagi skotch, plastik qop va boshqa ashyolar olib kelgan.
Politsiya va sud hujjatlarida qayd etilishicha, Roske Oliy suddan g'azabda bo'lgan. Sabab, degan u, bu organ ayollarning abort qildirish huquqini cheklashi mumkin.
Oliy sud 1973-yilda chiqargan hukmini chetga suruvchi qaror chiqarish arafasida, degan ma'lumotlar anchadan beri muhokamada. Homilani oldirish huquqi himoyachilari Vashingtonda bir necha haftadan beri namoyishda. Ular hatto sudyalarning hovlilari oldida ham chiqishlar qilgan.
Roske politsiyaga aytishicha, u Amerika bo'ylab otishmalardan ham norozi, qatliomlar uni qattiq stressga tushirgan.
AQSh Adliya vaziri Merrik Garland deydiki, sudyalarga nisbatan har qanday tahdid va zo'ravonlikka aslo toqat qilinmaydi.
'Demokratik tizimimiz adolatni kafolatlaydi. Xavf solganlar qonun oldida javob beradi", - deydi Garland, jurnalistlar bilan gaplashar ekan.
Kavana qatori Oliy sudning barcha a'zolarining qo'riqchilari ko'paytirilgan, xavfsizlik choralari kuchaytirilgan.
Oliy sud to'qqiz a'zodan iborat, aksariyati konservator sudyalar sanalib, abort singari huquqlar ular davrida cheklanishi mumkin degan xavotir kuchli.
Oliy sudyalar bir umrga tayinlanadi. Ular lavozimga prezident tomonidan ko'rsatiladi va Senat tomonidan tasdiqlanishi kerak. Kursini o'z xohishi bilan bo'shatishi mumkin yoki qonunga xilof harakati uchun lavozimdan olinishi mumkin.