Afg’onistonda aholining katta qismi dehqonchlik va chorvachilik bilan kun ko’radi. Ular dehqonchilik sohasida daromadni oshirishning turli yo’llarini sinab ko’rmoqda. Qurg’oqchilik bois yertarlicha hosil yig’a olmagan dehqonlar endi kavrakka umid bog’lamoqda.
Muhammad Amin Xoksor bundan to’rt yil oldin ekkan kavraklarining hosilini kutmoqda.
“Hing (kavrak) tog’larda ko’karar edi. Odamlar asta-sekin bu o’simlikdan dori ishlab chiqarilishini bilib oldi. Men ham kavrakka qiziqdim, ekishga qaror qildim. Bu yerda 13 mingta kavrak ko’chatini ekkanman. Albatta, urug’ini sepsa ham bo’ladi, ko’chatini eksa bo’ladi. Men ekkan kavrak ko’chatlari shu yil hosil beradi”, - deydi Muhammad Amin Xoksor.
Afg’onistonda “hing” deb ataluvchi kavrak, Xoksorning aytishicha, og’ir mehnat talab qiladi, uni asrab-avaylash kerak.
“Kavrak yaxshi natija bergan. Ba’zilar to’rt yilda, ayrimlar besh yilda hosilini oladi. 6-7 yilda hosilini yig’ayotganlar ham bor”, - deydi Xoksor.
Suhbatdosh so’zlariga ko’ra, kavrakdan tushadigan daromad ancha yaxshi.
Muhammad Amin Xoksor:
“Kavrak ko’p suv talab qilmaydi. Yomg’ir, ariqlar va quduqlarning suvi bilan yetishadi”.
Buni ham ko'ring Daish nazorati ostida bo'lgan Darzobda bugun hayot qanday?
Xayrulla kavrak savdosi bo’yicha dehqonlarga maslahat beruvchi shirkatda ishlaydi. Unga ko’ra, Afg’onistonga O’zbekiston, Tojikiston va Qozog’istondan kavrak urug’i olib kelinadi.
Turlari, hosili va narxlari har xil. Eng sara kavrak urug’ining bir kilogrammi 200 dollarga sotiladi.
“Kavrak shirasini 70 dan 200 dollargacha sotib olamiz. Xitoy, Pokiston, Eron, Hindiston va Birlashgan Arab Amirliklariga eksport qilamiz”, - deydi Xayrulla.
Sobiq hukumat davrida ko’p hududlarda ko’knor ekish man qilingan, lekin Tolibon nazoratida bo’lgan hududlar bundan mustasno edi.
Bugungi kunda Tolibon hukumati ko’knor ekishni taqiqlaganiga qaramay mamlakatning aksar hududlarida ekilgan. Bunday hududlar Tolibon himoyasida.