Electric GT: eski avtomobillarga yangi hayot berayotgan kompaniya

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

So'nggi yillarda iqlim o'zgarishiga qarshi kurash doirasida ekologik toza elektromobillar savdosi avj oldi. Avtomobil oldi-sotdisidagi bu o’zgarishlar AQSh va jahon iqtisodiyotida ham sezilmoqda. Elektr avtomobillar asta-sekin ommalashib borar ekan, ko'plab eski transport vositalari foydalanishdan olib tashlanadi. Ularni yangi muhitga moslab, saqlab qolishga urinayotgan kompaniyalar bor.

Masalan, AQShning Kaliforniya shtati Xantington-Bich shahrida “Electric GT” kompaniyasi klassik avtomobillarni elektromobilga aylantirish ustida ishlamoqda.

"2030-yilga kelib ishlab chiqarilayotgan barcha yangi avtomobillar elektr quvvatiga ega bo'ladi. Natijada klassik mashinalarni saqlab qolib, ularni elektromobilga aylantirish ehtiyoji tug’iladi. Ana shunday transport vositalarini saqlab qolish bizning asosiy vazifamiz.

Avvalo, elektrda ishlash uchun mo'ljallanmagan transport vositalariga mos tizimlarni ishlab chiqarishni maqsad qilib olganmiz. Kelgusi besh-olti yil ichida an’anaviy avtomobillarni elektrlashtirishga talab oshishi haqida hisobot bor. Biz shu asosda ishlab chiqarishni kuchaytiryapmiz.

Bu yerda, ko'rib turganingizdek, texniklarimiz akkumulyator qutilarini, tizimlarimiz uchun ishlatiladigan batareya qutilarini yig’moqda. Bu tizimning asosiy qismi batareyalardan iborat. Bizning barcha tizimlarimiz dastgohda sinovdan o'tgan va topshirilishdan oldin ishlatib ko’riladi. Bu yangi sanoat va o’rganishimiz kerak bo’lgan narsalar ko’p. Bu yerdagi kabi yaxshi o'rganish imkoniyatini boshqa joydan topa olmaysiz.

Buni ham ko'ring Bayden elektromobil sanoatiga ko'proq mablag' ajratishga chaqirdi

Transportni elektromobilga o’zgartirish, odatda, shunday kechadi. Asosiy narsa bu barcha komponentlarni birlashtirishdir. Batareyalar, motorlar va boshqa tizimlarni bir-biriga ulaymiz. Xavfsiz va ishonchli tizim yaratish uchun bularning barchasini to’g’ri yig’ish muhim", - deydi "Electric GT" kompaniyasi vakili Xuan.

"Janubiy Kaliforniya ehtimol avtomobil madaniyati boshlangan joy emasdir, lekin u shu yerda rivojlangan. Tesla allaqachon qarashlarni o’zgartirdi va ko'p odamlar bugun elektromobillarga ochiq ekanini aytmoqda va elektromobillarni sotib olmoqda. Bu siz ko'rishni xohlaganingizdan sekinroqdir, lekin yanada ko’proq odamlar qo’shilgani sari o'sish astronomik tarzda bo’ladi.

Biz ustida ishlayotgan tizimlar soni yiliga bir necha yuzdan bir necha mingga chiqishini, hatto o’n minglab darajaga yetishini kutyapmiz.

Bu dunyodagi birinchi elektrlashtirilgan Ferrari. U 2014 -yilda San-Diyegodagi bir temir-tersak omboridan sotib olingan. Biz uni qayta tiriltirib, unga butunlay yangi hayot berdik. U hozir avvalgisidan ikki karra kuchli, soatiga 305 km tezlikda yuradigan besh pog'onali mexanik uzatmalar qutisi dastlab ishlab chiqarilganidan ko’ra tezroq. Moy almashtirish, texnik xizmat ko'rsatish va “Ferrari”ga egalik qilish bilan bog'liq boshqa serxarajat ishlar endi yo’q.

Biz deyarli har qanday avtomobilga joylashtirish mumkin bo'lgan va olti-sakkiz silindrli dvigatel kuchini bera oladigan modulli komponentlarni yaratdik. Ba'zi hollarda mijozlar talabi bilan ularni yanada kuchliroq qilish mumkin.

Your browser doesn’t support HTML5

Bayden: Elektromobillar ishlab chiqarishda Xitoydan orqadamiz

Oxir-oqibat, cheklovlar tufayli eski mashinalar tobora ishonchsiz bo'lib boradi. Ular eskirgan sari butlovchi qismlarni topish yanada qiyinlashadi. Lekin klassik mashinani haydashda davom etishni xohlaydigan odamlar doim bo’ladi. Bu tabiiy hol va menimcha, keyingi 10 yil ichida mamlakat bo'ylab va butun dunyo bo'ylab eski mashinalarni yangisiga o’zgartirishga ehtiyoj jiddiy tarzda o’sadi.

Bizda “Porsche”lar uchun ishlab chiqarilgan “EGT 913” deb nomlangan universal tizim mavjud. U 45 daqiqada 240 km.dan ortiq masofaga yetadigan elektr quvvatini oladi. Taxminan, 40 soat ichida uni o’rnatish mumkin. U “Tesla Plaid” bilan bir xil kuch va vazn nisbatiga ega, ya’ni 435 ot kuchini beradi. Bu juda tez mashina, ehtimol ikki soniyada 100 km/soat tezlikka chiqadi.

U oddiy komponentlar, orqaga o’rnatiladigan batareyalar to'plami, yuqori kuchlanishli zaryadlash qutisi hamda sovutish ventilyatorlaridan iborat, xolos. Bularning barchasi bitta modulda bo’ladi, ya’ni ularni o’rnatish ancha qulay. Mahsulotga texnik jihatdan yaxshi ishlov berilgan. Tez orada, taxminan, 25 ta mahsulotimiz bozorga chiqadi, undan keyin 100 tacha buyurtmamiz bor. Yaqin kelajakda bunday avtomobillar ko’chalarda ko’payishiga guvoh bo’lasiz.

Buni ham ko'ring “GM” asosan elektromobil ishlab chiqaruvchi korxonaga aylanadi

Barcha avtomobillar umumiy bir vazifaga ega, lekin ko‘plab eski mashinalardan ortiq foydalana olmaysiz, chunki ular eskirgan, mexanik jihatdan ishonchsiz yoki ular bugungi ekologik talablarga javob bermaydi. Ammo elektr dvigatellar ularni yana trendga qaytarmoqda. Bu ko'plab transport vositalarining yaroqlilik muddatini uzaytiradi. Men, masalan, yangi yuk mashinasi sotib olaman, deb o'ylamayman. Chunki menda 1957-yilda ishlab chiqarilgan “Jeep” bor. Uni yangilab, elektromobilga aylantirmoqchiman. U kundalik yordamchim bo’ladi", - deydi kompaniya asoschilaridan biri Erik Xatchison.