Breaking News

“GM” asosan elektromobil ishlab chiqaruvchi korxonaga aylanadi


“GM” 2035-yildan elektromobillar ishlab chiqarishga o’tadi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:21 0:00

“General Motors” (GM) o’z oldiga ulkan maqsad qo’ydi. 14 yildan so’ng asosan elektr quvvati bilan yuradigan avtomobillar ishlab chiqaruvchi, yana besh yildan so’ng esa uglerod chiqindilaridan xoli kompaniyaga aylanmoqchi.

Korxona 2025-yilgacha zavodlarini yangilash va elektr batareyalarga 27 milliard dollar sarmoya tikadi. An’anaviy yonilg’iga tobelikni, global harorat ko’tarilishiga hissa qo’shayotgan gazlarni kamaytirish rejada.

“GM” yashil bozorga erta kirgan korxonalardan biri edi. 2010-yilda “Chevy Volt” rusumidagi gibrid avtomobilni taqdim etgan.

Ammo 2019-yilda kompaniya Kaliforniya va yana 12 shtat joriy etgan ekologik standartlarga qarshi chiqqan, Tramp ma’muriyatining sudga shikoyatini qo’llab-quvvatlagan.

Jo Bayden saylovda g’alaba qilganidan keyin esa “GM” pozitsiyasi o’zgardi, deydi “Ford” kompaniyasining sobiq bosh iqisodchisi, professor Martin Zimmerman.

“General Motors” faoliyatini qayta ko’rib chiqmoqda. Qarorlari va yo’nalishini Bayden ma’muriyatining siyosatiga moslashtiryapti”, - deydi Zimmerman.

Avtomobilsozlik sanoati ertangi kunni o’ylab sarmoya qilayapti. “Tesla” kompaniyasi elektromobillarga qiziqish borligini isbotladi, ammo AQShda xaridorlar hamon ko’p emas.

“AQShdagi mashinalarning atigi 2 foizi elektrda yuradi, Yevropada esa 10 foizi”, - deydi “JD Power” tadqiqot firmasi xodimi Tayson Jomini.

Xitoyda elektromobillar bozori 5 foizni tashkil etadi. Bu sohada yetakchi Norvegiyada elektr transport ulushi 50 foizdan yuqori.

Ammo amerikaliklar yaxshi ko’radigan kichik hajmli, benzinda yuradigan yuk mashinalari avtokorxonalarga yaxshigina daromad keltiradi. Shuning uchun ham “GM” benzinda yuradigan ayrim rusumdagi mashinalarni ishlab chiqarishda davom etadi.

“O’tgan yili sotilgan avtomobillarning 70 foizi yo’l tanlamas va pikaplar. Elektromobil sotmoqchi bo’lsangiz, shu segmentda bo’lishingiz kerak”, - deydi avtomobil sanoati tahlilchisi Bryus Belzovski.

Gap shundaki, batareyada yuradigan qilib ishlab chiqarilsa, kichik yuk mashinalari va krossoverlardan kamroq foyda tushadi. Shunga qaramasdan “GM” kuzda shunday dizayndagi ilk pikapni taqdim etmoqchi.

Aytish joiz, mashina batareyalari ham arzon emas.

“Lekin batareya narxi pasayishda davom etishi kutilyapti. Mashinalar bitta zaryad bilan kattaroq masofaga ham yuradi”, - deydi Jomini.

Hozirda zaryad stansiyalari ko’p emas, ayniqsa uzoq safarga chiqqanda. So’rovlarga qaraganda, bu haydovchilarni tashvishga soladi.

“Bu masalada, menimcha, hukumatning yordami kerak bo’ladi. Chunki iste’molchi zaryadlash shoxobchalari bo’lmasa, elektromobillarni sotib olmaydi. Investorlar esa yo’llarda ko’proq elektromobil bo’lmasa, stansiyalarga sarmoya qilmaydi”, - deya tushuntiradi Zimmerman.

Hukumatdan imtiyozlar, xaridor tomonidan talab, takomillashtirilgan texnologiya, yaxshiroq infratuzilma va arzonroq mahsulot. Elektromobillar bozorni egallashi uchun jumboqning mana shu qismlariga e’tibor zarur.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG