Breaking News

Elektr transport sanoati gurkirab o'sayotgan soha


Elektrda yuradigan transport vositalari - shiddat bilan rivojlanayotgan soha. Iqlim o’zgarishi va atrof-muhit ifloslanishi bilan bog’liq xavotirlar oshib borayotgan zamonda ushbu sanoat gurkirab o’sishi kutilyapti. Ammo elektr avtomobillarga hozircha hammaning ham qurbi yetmaydi.

Yuzdan ortiq elektr avtobuslar Chiliga yetib keldi. Prezident Sebastyan Pinera shaxsan o’zi kutib olishga chiqdi.

“Davlatimiz yo’llardagi elektr avtobuslar soni bo’yicha Xitoydan keyingi o’ringa chiqadi”, - deydi u.

Kosta-Rikada ham elektr mashinalarni ko’paytirish davlatning toza energiya rejasiga kiritilgan. Ishlab chiqaruvchilar bu yil biznes sermahsul bo’lishidan umidvor.

“2030-yil prognozlariga qaraydigan bo’lsak, 50 foiz mashinalar elektr toki bilan yuradigan bo’lar ekan. Hozir Chilida 600 ta zaryad qilish punktlarimiz bor. Bora-bora uch-to’rt martaga oshadi ham”, - deydi elektr mashinalar sotuvchisi Mariano Avalos.

Iqlim o’zgarishi xavotiri osharkan, mashina, avtobus, samokat bo’ladimi, barareyada yuradigan vositalar ommalashmoqda.

Zararli gazlarning taxminan 14 foizi mashinalardan chiqadi. Dunyo bo’ylab neftga talab kamayayotgani yo’q.

Hindistonning elektr transport zavodi xodimi Saptarshi Chakraborti tutun ostida qolgan shaharlar uchun elektr mashinalar ayni muddao, deydi.

“Elektr mashinalar havoni ifloslantirmaydi. Benzin yoki dizel sarf-xarajatidan ancha arzonga tushadi”, - deydi u.

Batareyani zaryadlash benzin yoki dizelga qaraganda arzon. Elektr motorlarni tuzatish ham qimmat emas. Lekin sotib olishga kelganda ko’pchilik hamon benzinda yuradigan mashinalarni tanlaydi.

Ko’pgina davlatlar haydovchilarga soliq imtiyozlari bermoqda. Masalan, Norvegiyada bugun yangi sotilayotgan mashinalarning 30 foizi batareyada ishlaydi. Soliqdan yutamiz, deydi haydovchi Kristian Bull.

“Shaharda haydash, to’xtash, mashinani qoldirish tekin. Har bir ot kuchiga to’lanadigan pulga arziydi. Davlat berayotgan imtiyozlarning ta’siri katta”, - deydi u.

Lekin Norvegiya hukumati imtiyozlarni qisman bekor qilmoqda. Ayrim imtiyozlarning 2021-yilda muhlati tugaydi. Talab pasayishi mumkin.

“Xarajatlari oddiy mashinaday bo’lganida, sotib olishni o’ylab ham ko’rmasdim. Bu mashinalar tokda yurishi, soliqlar pastligi bilan ma’qul. Hozir sotib olishga arziydi, lekin yaqin yillarda hammasiga yana o’zimiz to’laymiz”, - deydi elektr mashina haydovchisi Ida Viholdi.

Hozirda batareyalar arzonlashyapti. 2030-yilga borib, elektr mashinalar narxi an’anaviy mashinalarniki bilan tenglashishi mumkin.

Maqsadga erishish uchun subsidiyalar kerak, deydi norvegiyalik Steyel Freyenlund.

“2025-yilda hamma mashinalar 100 foiz tokda yursin desak, rejamizda qat’iy turishimiz kerak”, - deydi u.

Iqlim ifloslanishining oldini olishning eng yaxshi yo’li - elektr transportiga sarmoya, deydi mutaxassislar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG