Nega Litva va Rossiya o'rtasida ziddiyat kuchaymoqda?

  • Amerika Ovozi

Rossiya askarlari Kaliningradda harbiy mashg'ulot o'tkazmoqda, 2021-yil, 21-noyabr.

Litva o’z hududi orqali Rossiyaning Kaliningrad viloyatiga Yevropa Ittifoqi sanksiyalari doirasida taqiqqa tushgan tovarlarni o’tkazishni toʻxtatishga qaror qilganidan keyin Kremlning yangi tahdidlariga duchor bo’ldi.

Kreml bu choraga nisbatan Litva xalqiga "sezilarli darajada salbiy ta'sir ko'rsatadigan" javob qaytarishi haqida ogohlantirdi. Bu esa Rossiya va NATO o’rtasidagi ziddiyatni yanada kuchaytirishi haqida xavotirlarni oshirmoqda.

Rossiyaning asosiy hududidan tashqarida, Boltiq dengizi bo’yida joylashgan Kaliningrad viloyatida keskinlik kuchayayotganining asosiy sababi nimada?

Rossiyaning eng g'arbiy hududi

Kaliningrad viloyati bir vaqtlar Germaniyaning Sharqiy Prussiya viloyati tarkibiga kirgan va Ikkinchi jahon urushidan keyin 1945-yilda ittifoqchi davlatlar oʻrtasidagi Potsdam kelishuviga binoan Sovet Ittifoqiga berilgan edi. Sharqiy Prussiya poytaxti Kenigsberg shahri bolsheviklar yetakchisi Mixail Kalinin sharafiga Kaliningrad deb o‘zgartirilgan.

Taxminan 2 million nemis Ikkinchi Jahon urushining so'nggi oylarida hududni tark etgan va qolganlar harbiy harakatlar tugaganidan keyin majburan chiqarib yuborilgan.

Sovet hukumati Kaliningradni yirik muzsiz port va baliq ovlashning asosiy markazi sifatida rivojlantirib, boshqa mintaqalardan odamlarni hududga ko'chib o'tishga undagan. Sovuq urush davridan beri Kaliningrad Rossiya Boltiqboʻyi flotining asosiy bazasi boʻlib xizmat qilgan.

Ammo Sovet Ittifoqi parchalanib, Boltiqbo'yi mamlakatlari mustaqillikka erishgandan so'ng, Kaliningrad va Rossiyaning qolgan hududlari o’rtasida hozir NATOga a’zo bo’lgan Litva, Latviya va Estoniya mamlakatlari paydo bo’ldi. Janubda yana bir NATO a'zosi Polsha joylashgan.

Harbiy tayanch

Rossiyaning G‘arb bilan munosabatlari yomonlashgani sari Kaliningradning harbiy roli oshib bormoqda.

Kreml u yerdagi harbiy kuchlari soni va sifatini kuchaytirib, ularni zamonaviy qurollar, jumladan, “Iskandar” raketalari va bir qator havo hujumiga qarshi mudofaa tizimlari bilan ta’minladi.

Rossiyaning "S-400" havo mudofaa tizimi, Kaliningrad, Rossiya, 2019-yil, 11-mart

Lekin G’arb bilan ziddiyatlar kuchayishi ortidan hududning Polsha va Litva orqali keladigan tovarlarga qaramligi Kaliningradning eng zaif nuqtasi bo’lib qolmoqda.

Yuklarning to’xtatilishi

Litva tovarlarga qo’yilgan taqiq Yevropa Ittifoqining Rossiyaga qarshi qo’llagan sanksiyalarining to‘rtinchi paketi doirasida ekanini va u 17-iyundan boshlab faqat po‘lat va qora metallarga tegishli ekanligini ta’kidlamoqda.

Vilnyus hukumati Rossiyaning bu harakatni blokada sifatida tavsiflashini rad etib, boshqa tovarlar va temir yo'l yo'lovchilari hali ham Litva orqali o'tishi mumkinligini qo’shimcha qildi.

Yevropa Ittifoqi qaroriga ko‘ra, avgust oyida ko‘mirni, dekabr oyida esa neft va neft mahsulotlarini ittifoq hududiga olib kirish to‘xtatiladi.

Moskva javob choralarini ko’rmoqchi

Moskva Kaliningradga yuk tashishning to‘xtatilishiga rasman norozilik bildirdi. Unga ko’ra, Litva qarori Rossiya va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi mintaqaga yuklarni erkin tranzit qilish to‘g‘risidagi kelishuvlarni buzadi.

Buni ham ko'ring NATO bosh kotibi: Urush ertami-kech muzokara stolida yakun topadi

Kaliningrad gubernatori Anton Alixonovning aytishicha, taqiq mintaqaga olib kelingan barcha mahsulotlarning yarmiga, jumladan, sement va boshqa qurilish materiallariga ta'sir qiladi.

Rossiya Xavfsizlik kengashining qudratli kotibi va Prezident Vladimir Putinning ishonchli vakili Nikolay Patrushev seshanba kuni Kaliningradga tashrif buyurib, mahalliy rasmiylar bilan uchrashdi. U cheklovlarni "dushmanlik harakatlari" deb ta'rifladi va Moskva "Litva aholisiga sezilarli salbiy ta'sir ko'rsatadigan” choralar bilan javob berishi haqida ogohlantirdi.

Patrushev batafsil ma'lumot bermadi, lekin Alixonov Rossiyaning javobi Litva va boshqa Boltiqbo'yi davlatlari portlari orqali yuk oqimini yopishni o'z ichiga olishi mumkinligini aytdi.

Litva Rossiyaga iqtisodiy va energetik qaramlikni allaqachon sezilarli darajada kamaytirgan. U yaqinda Rossiya gazidan foydalanishni to‘xtatgan birinchi Yevropa Ittifoqi davlatiga aylandi. Litva Rossiya neftini ham import qilmaydi va Rossiyadan elektr energiyasi olishni ham to’xtatgan. Rossiya tranzitining aksariyat qismini Litva portlari orqali tashish Yevropa Ittifoqi sanksiyalari ostida allaqachon to‘xtatilgan. Moskva uchinchi davlatlar Litva orqali olib o‘tadigan yuklarning tranzitini ham cheklashga urinishi mumkin.

Rossiyaning Litva bilan qarama-qarshiligi 1940-yilda Moskva bu mamlakatni Estoniya va Latviya bilan birga anneksiya qilganidan beri boshlangan murakkab munosabatlarning bir qismidir. Bu uchlik sobiq Sovet rahbari Mixail Gorbachyov davrida ozodlikni qayta qo’lga kiritishga intilib, 1991-yil Sovet Ittifoqi parchalanishi tufayli rasman mustaqillikka erishdi.

Eskalatsiyadan qo'rqish

Your browser doesn’t support HTML5

NATO nega Ukrainadagi urushga aralashmaydi?

G'arbdagi ba'zilar fikricha, Rossiya o'z ittifoqchisi Belarus va Kaliningrad viloyati o'rtasida Polshaning Litva bilan chegarasi bo'ylab 65 kilometrlik quruqlik yo'lagini ochish uchun harbiy harakatlarni boshlashi mumkin.

Rossiya davlat televideniyesidagi ritorika ham shunga ishora qilmoqda. Rus sharhlovchisi Vladimir Solovyov G'arbni uchinchi jahon urushini keltirib chiqarishga urinayotganlikda aybladi.

Litva Mudofaa vaziri Arvidas Anusauskas chorshanba kuni Kaliningraddagi keskin vaziyat tufayli Rossiya provokatsiyalarga qo’l urishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.

“Agar sizning shunday harbiy kuchlaringiz boʻlsa va ular aqlsizlar tomonidan boshqarilayotgan boʻlsa, hamma narsani kutish mumkin”, - dedi u va Litva o’zini himoya qilishiga ishonchi komil ekanini hamda bu ishda NATO ittifoqchilariga tayanishini qoʻshimcha qildi.

Rossiya armiyasining asosiy qismi Ukrainaga tashlangani sababli Boltiqbo'yida har qanday kuch ishlatish Moskvaning an'anaviy harbiy imkoniyatlaridan tashqarida bo'lishi mumkin.

Estoniya Bosh vaziri Kaya Kallas Litvaga harbiy tahdid yo‘q deb o‘ylamasligini aytib, Rossiya sanksiyalarni yumshatish uchun Yevropa Ittifoqiga bosimni oshirishga urinayotganini qo‘shimcha qildi.

"Rossiya bizni o'z qarorlarimizdan voz kechtirish uchun qo'rquvlarimiz bilan o'ynashishga juda usta", - dedi Kallas “Associated Press”ga bergan intervyusida.

Rossiyaning Polsha yoki Litvaga qarshi kuch ishlatishga urinishi NATO bilan to'g'ridan-to'g'ri ziddiyatga sabab bo’lishi mumkin. NATO nizomining 5-moddasiga binoan, har qanday a’zoga uyushtirilgan hujum uchun kollektiv mudofaa ishga tushadi.

Seshanba kuni AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi Ned Prays Vashington NATOning "tayanch" tamoyili deb ta'riflanadigan ushbu moddasiga "metin"dek sodiqligini ta'kidladi.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Sergey Ryabkov bunga javoban Yevropa Ittifoqi va NATOni Kaliningrad yuzasidan “xavfli ritorik oʻyinlar” o’ynayotganlikda aybladi.

"G'arbdagi ba'zi nufuzli va qudratli kuchlar Rossiya bilan munosabatlardagi keskinlikni yanada kuchaytirish uchun qo'llaridan kelganini qilmoqdalar", dedi u va "ba'zilar biz bilan harbiy to'qnashuv muqarrar bo'lib ko'rinadigan ssenariylarni o'ylab topishda cheklovga ega emas”ligini ta’kidladi.