Gruziyada namoyishlar: faollar hukumat iste'fosini talab qilmoqda

  • Amerika Ovozi

Namoyishchilar Gruziya va Yevropa Ittifoqi bayroqlarini ko'tarib chiqdi, Tbilisi, gruziya, 2022-yil, 3-iyul.

Gruziyaliklar mamlakatning Yevropa Ittifoqiga a'zolik arizasi qabul qilinishini ta’minlay olmagani uchun hukumatni iste'foga chiqishga chaqirib , ommaviy namoyishlar o’tkazdi.

Yevropa Ittifoqi yetakchilari iyun oyi oxirida Tbilisining aʼzolik arizasini keng qamrovli siyosiy islohotlar o’tkazilgunga qadar kechiktirishga qaror qilganidan keyin Qora dengiz bo’yidagi davlat ommaviy norozilik namoyishlari domida qoldi.

20-iyun kuni kamida 120 000 kishi ko‘chalarga chiqqan. Oxirgi bir necha o‘n yillikninf eng yirik namoyishi sifatida ko’rilayotgan bu ommaviy tadbir demokratik guruhlar tomonidan uyushtirilgan va muxolif partiyalar tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda.

“Frans Press” agentligining voqea joyidagi muxbiriga ko‘ra, yakshanba kuni kechqurun 35 mingdan ortiq namoyishchi Gruziya parlamenti oldida to‘planib, shaharning asosiy ko‘chasida transport harakatini to‘sib qo‘ygan.

Gruziya va Yevropa Ittifoqi bayroqlarini hilpiratgan namoyishchilar milliy madhiyani kuylashdi; ko‘pchilik qo‘lida “Biz Yevropamiz” deb yozilgan plakatlarni ko’tarib chiqdi.

Miting tashkilotchilaridan biri, taniqli yozuvchi va fuqarolik huquqlari faoli Lasha Bugadze yig‘ilganlarga aytishicha, namoyish Gruziyaning Yevropaga integratsiyalashishi haqidagi tarixiy maqsadga qaratilgan.

“Bizning konstruktiv, tinch, zo‘ravonliksiz namoyishlarimizga hukumatning munosabati mutlaqo noadekvat bo‘ldi”, - dedi u.

Buni ham ko'ring Ukraina va Moldova Yevropa Ittifoqiga a'zolikka nomzod bo'lishdi

Hukmron partiya muxolifatni "hukumatga qarshi namoyishlar uyushtirish orqali hokimiyatni ag'darish rejalarida" ayblagan.

“Facebook”da namoyish tashkilotchilari avvalroq mamlakatdagi hukmron partiya asoschisi Bidzniya Ivanishvilini “ijroiya hokimiyatidan voz kechib, uni konstitutsiyaviy tarzda milliy kelishuv hukumatiga topshirishga” chaqirgan edi.

Yangi vazirlar mahkamasi “Yevropa Ittifoqi talab qiladigan islohotlarni amalga oshiradi, bu bizga avtomatik ravishda YI aʼzoligiga nomzod maqomini beradi”, deyiladi bayonotda.

Sobiq bosh vazir va Gruziyaning eng boy odami bo‘lgan Ivanishvili hech qanday rasmiy siyosiy rolga ega bo‘lmaganiga qaramay, mamlakatda hanuz ta’sirchan shaxs ekani aytiladi.

O‘tgan oy Yevroparlament Gruziya siyosiy va iqtisodiy hayotidagi “buzg‘unchi roli” uchun Ivanishviliga qarshi shaxsiy sanksiyalar qo‘lladi. Bu sanksiyalar majburiy kuchga ega emas.

Ivanishvili siyosatdan ketganini ta'kidlaydi.

Namoyishchilardan biri, 45 yoshli jarroh Nika Gorgaslidzening aytishicha, Ivanishvili hukumat, parlament, sudlar va ommaviy axborot vositalarini parda ortidan nazorat qiladi.

“Bunday siyosiy tizim nodemokratik, Gruziyaning Yevropa Ittifoqiga a'zo bo'lish maqsadiga to'g'ri kelmaydi", - deydi u.

Gruziyalik namoyishchilar "Biz Yevropamiz" deb yozilgan plakatlarni ko'tarib chiqdi, Tbilisi, Gruziya, 20-iyun, 2022-yil.

Namoyishchilardan yana biri, 19 yoshli talaba Marina Sanodze esa hukumat iste’foga chiqmaguncha namoyishlar to’xtamasligini aytadi.

"Bizda kerakli islohotlarni amalga oshiradigan va bizni Yevropa Ittifoqiga a'zolikka yaqinlashtiradigan yangi hukumat tuzilmaguncha namoyishlarimiz to'xtamaydi", - deydi u.

Gruziya fevral oyida Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan bir necha kun o‘tib Ukraina va Moldova bilan birga Yevrop Ittifoqi a’zoligi uchun ariza topshirgan edi.

23-iyun kuni Yevropa Ittifoqi yetakchilari Kiyev va Kishinyovga rasmiy nomzod maqomini berdi, biroq Tbilisi arizasi qo’shimcha islohotlar o’tkazish shartligi ta’kidlanib, qabul qilinmadi.

Shunga qaramay, Yevropa Ittifoqi yetakchilari Gruziyaning Yevropa bilan bog’liq kelajagini e’tirof etgan. Gruziya Prezidenti Salome Zurabishvili buni “tarixiy” deya olqishladi.

Bosh vazir Irakliy Gariboshvili tezroq nomzod maqomiga ega bo‘lish uchun o’z hukumatini Yevropa Ittifoqi talablarini o‘z vaqtida bajarish uchun “safarbar qilganini” aytdi.

Yevropa Ittifoqining ijroiya organi Yevrokomissiya 20-iyun kuni e’lon qilgan xulosaga ko’ra, Tbilisi ittifoqqa a’zolik jarayonini boshlashi uchun 2022-yil oxirigacha qator islohotlarni amalga oshirishi kerak.

Mamlakatda siyosiy qutblanishni tugatish, matbuot va sudlar erkinligini yaxshilash, saylov islohotlarini o’tkazish hamda “oligarxizatsiya”ga qarshi kurash choralarini kuchaytirish tavsiya qilingan.

“Ular (gruziyaliklar) aniq yo‘lga ega.... Bu mezonlar bajarilsa, nomzod maqomi avtomatik ravishda beriladi”, - dedi Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat bo‘yicha rahbari Jozep Borrel 23-iyun kuni.

Faollarga ko’ra, hukmron “Gruziya orzusi” partiyasi hukumati Tbilisining Bryussel bilan aloqalariga jiddiy putur yetkazgan hamda demokratiyadan orqaga chekinmoqda. Buning uchun unga nisbatan xalqaro tanqidlar kuchaygan.

NATO va Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish rejalari Gruziya konstitutsiyasida mustahkamlangan va so‘rov natijalariga ko‘ra, aholining kamida 80 foizi bu rejalarni qo‘llab-quvvatlaydi.