Breaking News

Ukraina va Moldova Yevropa Ittifoqiga a'zolikka nomzod bo'lishdi


Yevropa Ittifoqi rahbarlari bugun Ukrainani tashkilotga a’zolikka nomzod deb e’lon qildi. Bundan bir kun oldin Prezident Vladimir Zelenskiy Amsterdamda uyushtirilgan xayriya marafoni ishtirokchilariga virtual murojaat qilib, Ukrainani Yevropa Ittifoqiga a’zo bo’lishga loyiq mamlakat deb atagan.

Xalqaro hayot - 23-iyun, 2022-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:12:58 0:00

"Ukraina masalasi ijobiy hal bo’lishiga hech biringizda shubha yo’qligiga aminman. Biz bunga loyiqmiz. Nafaqat jasoratimiz va erkinlik uchun kurashimiz tufayli”, - dedi u.

Ukrainadan tashqari Moldovaga ham a'zolikka nomzod maqomi berildi. Gruziya esa buning uchun ma'lum shartlarni bajarishi kerak bo'ladi. Mamlakat Bosh vaziri Irakliy Garibashvili bu yo'lda qo'ldan kelgancha harakat qilishga so'z berdi.

Sal oldinroq Yevropa Ittifoqi rahbarlari Bryusselda to’planib, tashkilotga a’zolikka navbatda turgan Bolqon davlatlari maqomini muhokama qildi.

“Ukraina bir bo’lagimiz. Yevropa oilasining bir bo’lagi”, - dedi Germaniya Kansleri Olaf Shols.

Tahlilchi Kamino Mortera-Martinesning aytishicha, Ukraina Yevropa Ittifoqiga qo’shilishdan manfaatdor.

“Bu katta bir bozordir. Unda yordam berishga tayyor ko’plab institutlar va tashkilotlar bor, kerak bo’lganda pul bor. Ayniqsa Ukraina uchun eng muhimi tashkilot Rossiyaga qarshi turishga qodir va tayyor mamlakatlardan iborat”, - deydi mutaxassis.

Urush boshidan beri Zelenskiy Yevropaning ko’plab rahbarlarini Kiyevda qarshiladi; har biri bilan uchrashuvda Ukraina Yevropani Rossiya bosqinidan himoya qilayotganini aytib, mamlakatining Yevropa Ittifoqiga a’zo bo’lishga loyiq ekanini bot-bot takrorladi. Biroq a’zolik bir kunda hal bo’ladigan ish emas.

“Bunga 10 yil yoki undan ko’p vaqt ketishi mumkin. Bir necha bosqichdan o’tish kerak. Har bir bosqichda Yevropa Komissiyasi talablarini bajarish lozim. Jarayon ko’plab muzokaralarni o’z ichiga oladi, ko’p islohotlarni amalga oshirish zarur”, - deydi ekspert.

Ayrim kuzatuvchilarga ko’ra, Yevropa Ittifoqining kengayishi uning birligiga zarar qilishi mumkin, chunki guruhda a’zo ko’paygani sari qarorlarni murosa yo’li bilan hal qilish qiyinlashaveradi.

Masalan, a’zolik masalasida. Tashkilot ichidagi davlatlardan birortasi e’tiroz bildirsa, yangi a’zoni qabul qilish cho’zilib ketishi mumkin.

Xususan tashkilotga a’zo Bolgariya nomzod maqomidagi Shimoliy Makedoniyaga til va tarix bobidagi tortishuvlar tufayli a’zolikka yo’l bermayapti, garchi har ikki mamlakat NATOga a’zo bo’lsa-da.

Yevropa Parlamenti o’tkazgan ommaviy so’rovdan ma’lum bo’lishicha, yevropaliklarning salkam uchdan ikkisi tashkilotni ijobiy baholagan. So’ralganlarning aksariyati o’tgan yilgi so’rov natijalariga qaraganda Rossiyaga nisbatan salbiyroq qarashda ekani aniqlandi. Xitoyga nisbatan ham munosabat salbiy tomonga o’zgargan, AQSh va Britaniyani esa yevropaliklar aksincha iliqroq qabul qilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG