Hukumat Qoraqalpog’istondagi o’zbeklarni ham eshitadimi?

Your browser doesn’t support HTML5

Prezident Shavkat Mirziyoyevning qarori ortidan O'zbekiston Oliy Majlisi zudlik bilan Qoraqalpog’iston maqomi bo’yicha konstitutsiyaviy o‘zgarishlar tahririni bekor qildi.

Buning ortidan hukumat nega bir millionga yaqin qoraqalpoqlar noroziligini inobatga olgani, lekin bu respublikada yashayotgan bir milliondan oshiq o’zbeklar fikri inobatsiz qoldirilgani haqida savollar ko’tarilmoqda. Faollar Prezident Mirziyoyevga aynan shunday murojaat bilan chiqishgan.

Prezident Mirziyoyev Nukusdagi nutqida qoraqalpoqlar norozi ekan, konstitutsiya o’zgarishsiz qolishini ta’kidladi. Tabiiyki, faqat norozilikka uchragan bandlar nazarda tutilmoqda, konstitutsiyaviy islohotlar, xususan prezidenti muddatini uzaytirishga qaratilgan o’zgarishlar muhokamasi davom etadi.

Faollarga ko’ra, Qoraqalpog’istondan farqli ravishda O’zbekistonda konstitutsiyaviy o’zgarishlarning jiddiy noroziliklar uyg’otishi kutilmaydi. Qoraqalpog’iston maqomi o’zgarishsiz qolishi yuzasidan esa turli munozaralar mavjud.

“Amerika Ovozi” gaplashgan sharhlovchilar o’zgarishlar muqarrarligi, bu O’zbekiston davlatchiligi uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanligini ta’kidlashmoqda.

Buni ham ko'ring HRW: Qoraqalpog'istonda qiynoqlarga yo'l qo'yilmasin

Siyosatshunos Farhod Tolipov fikricha, Qoraqalpog’iston maqomi o’zgarishsiz qolishi to’g’ri yoki to’g’ri emasligi haqida xulosa qilishdan avval umuman Konstitutsiyaviy islohotlarning o’zi qanchalik malakali tashkil qilinganiga diqqat qaratish kerak.

Asli xorazmlik bloger Shabnam Olloshukurova ayni paytda xorijda, ammo Qoraqalpog’istondagi vaziyatni kuzatib kelyapti, u yerdagi yaqinlari bilan aloqada. Yaqinda ijtimoiy tarmoqlar orqali Prezident Mirziyoyevga murojaat qilgan Olloshukurovaga ko’ra, Qoraqalpog’iston maqomi yuzasidan o’zgarishlarni bekor qilish bu hududdagi milliondan oshiq o’zbeklar fikrni inobatga olmaslik hisoblanadi.

Buni ham ko'ring Rasman: Qoraqalpog'istondagi g'alayonlarda 18 fuqaro o'lgan, 516 kishi ushlangan

Konstitutsiyaviy islohotlar ortidan Qoraqalpog’istonda boshlangan noroziliklar natijasida Qoraqalpog’iston maqomiga doir o’zgarishlar bekor qilindi, mamlakatda bir oylik muhlatga favqulodda holat joriy qilindi.