Eron va Isroil bir-biriga qarshi kiber xurujlarni kuchaytirmoqda

  • Amerika Ovozi

Shu oy AQSh Prezidenti Jo Bayden Yaqin Sharq safariga otlanar ekan, Erondan keladigan ehtimoliy yadroviy tahdid asosiy muhokama mavzularidan biri bo’ladi. Bu orada Isroil va Eron o’rtasida ziddiyat kuchaymoqda. Har ikki tomon kiber xuruj va suiqasd tahdidlarini oshirgani aytilmoqda.

Shu hafta Eron matbuoti Tel-Aviv metrosiga qarshi “ulkan kiber hujum” amalga oshirilganini da’vo qildi. Vaholanki, Tel-Aviv shahrida hali metro mavjud emas. Lekin uni qurish ishlari boshlangan. Bu so’nggi xabar Isroil va Eron o’rtasida kiberxuruj kuchayganidan dalolat beradi. Eronning po’lat sanoati hamda Isroilning suv tizimi ana shunday hujumlarga duchor bo’lgani aytilmoqda.

“Kimdir bizga kiber xuruj uyushtirsa, biz ham shunday javob beramiz. Tehronni ostun-ustun qilish niyatimiz yo’q. Bu hech qachon bizning siyosatimiz bo’lmagan. Lekin siyosatimiz shuki, agar Isroil bilan o’ynashsangiz, buning badalini to’laysiz”, - deydi Isroilning sobiq bosh vaziri Naftali Bennet.

Isroil va Eron bir-biriga nisbatan suiqasd tahdidlarini ham oshirgan. Bir qator harbiy yetakchilar va yadro olimlarining o’limida Tehron Isroilni ayblaydi va buning qasosi olinishini aytadi.

Isroil yaqinda o’z fuqarolarini Turkiyaga safar qilmaslikka chaqirdi. Mamlakat razvedkasiga ko’ra, Eron Turkiyada isroillik sayyohlarni o’ldirishni qasd qilgan.

Isroil va Eron o’rtasidagi ziddiyat kuchayar ekan, dunyo hamjamiyati Tehron yadro dasturi bo’yicha yangi kelishuvga erishish yo’llarini qidirmoqda.

Isroil tahlilchilari xavotiriga ko’ra, agar Eron yado qurolini yaratish yo’lini tanlasa, bu uning mintaqadagi agressiv siyosatini yanada kuchaytiradi.

Buni ham ko'ring Bayden Yaqin Sharqqa nega bormoqchi?

“Yadroviy salohiyat Eronning mintaqadagi qudratini oshiradi. Isroil ham Eronga hujum qila olmaydi. Bu Eron va uning hamkorlariga mintaqada yanada agressiv harakat qilish imkonini beradi”, - deydi ekspert Eyal Pinko.

Prezident Bayden Yaqin Sharq safari davomida Eron yadro dasturi bo’yicha yangi kelishuvga erishish masalasini muhokama qiladi.

“Bayden Eronga kelishuvga qaytish uchun bu so’nggi imkoniyat bo’lishini aytgan. Aks holda, AQSh Yaqin Sharqda ham Isroil, ham sunniy arab davlatlari bilan birgalikda katta mintaqaviy mudofaa tizimini tashkil qilishi haqida ogohlantirgan”, - deydi yana bir tahlilchi Eytan Gilboa.

Buni ham ko'ring AQSh: Eron qo'lidagi amerikaliklarni ozod etmasa, yadroviy kelishuv yo'q

Oxirgi ikki yilda Isroil AQSh yordamida arab qo’shnilari bilan aloqalarini ancha yaxshilab oldi. Bayden endi ularni Eronga qarshi hamkorlikni yanada kuchaytirishga chaqirishi kutilyapti.