Prezident Shavkat Mirziyoyev farmoni bilan 21-iyuldan binoan Qoraqalpog'istonda favqulodda holat bekor qilinadi. Respublika 3-iyuldan beri shunday shartlar ostida yashayotgan edi.
Rasmiy e'longa ko'ra, Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesining bu boradagi murojaatini hamda respublika "hududida jamoat tartibi tiklanganligini va ko‘rilgan choralar natijasida fuqarolarning xavfsizligi, ularning huquq va erkinliklari himoyasi ta’minlanganligini inobatga olib", shunday qarorga kelingan.
Mutasaddilarning aytishicha, Qoraqalpog'istonda hozirda internet tiklangan. Nukus yoki boshqa shahar yoki qishloqlarda bo'lsangiz, onlayn aloqa qalay?
O'zbekiston Ombudsmani Feruza Eshmatova boshliq komissiya Qoraqalpog'istonda 1-2 iyul kunlari yuz bergan g'alayonlar, ular ortidagi sabablar va oqibatlarni tekshirar ekan, "har bir masala atroflicha o'rganilmoqda", deya bayonot berdi. Nukusda Qoraqalpog'iston rahbariyati va qonunchilari, xavfsizlik organlari va jamoatchilik bilan muloqotlar olib borilgan
Komissya - qonunchilar, huquqshunoslar va nohukumat tashkilotlarning vakillaridan tashkil topgan guruh - o'tgan hafta oxirida ish boshlagan. Oliy Majlis uni mustaqil deb ataydi, ammo xalqaro huquq tashkilotlari nazarida bu tekshiruvning o'zi yetmaydi. Qoraqalpog'istonga tom ma'noda mustaqil ekspertlar taklif qilinishi kerak, toki ular hukumat va namoyishchilar, zo'ravonlikka sabab bo'lgan omillar haqida xolis ma'lumotlarni fosh etsin.
AQSh, Yevropa Ittifoqi, BMT va qator tashkilotlar, jumladan "Human Rights Watch" voqealarni ochiq, to'liq va mustaqil taftish qilishga chaqirgan.
Amerikaning Toshkentdagi elchixonasi nazarida parlament komissiyasi ijobiy qadam.