Vanda Irving qarigan chog’ida go’dak katta qilishni rejalashtirmagan edi. 5 yil avval qizi Shalon Irving tug’ruqdan so’ng vafot etadi. Qizaloqni katta qilishni buvisi o’z zimmasiga olishiga to’g’ri keldi.
“Shalon ajoyib edi. Har qanday ona orzu qiladigan farzand edi”, - deydi ona.
Vandaga ko’ra, Shalon qizli bo’lishni juda istagan. Homiladorlik davri yaxshi o’tgan. Shifokor ko’rigiga doim borgan. Ammo tug'ruqdan so’ng oyoq-qo'llari birdan ishib, qon bosimi ko’tarilib ketgan.
Vanda fikricha, shifokorlar Shalonga yetarlicha e’tibor qilmagan.
U sog'liqni saqlash bo'yicha mutaxassis edi. Professor edi. Uni tinglashmagan. Hurmat qilishmagan. Ishonishmagan", - deydi ona.
Bunday holatlar aslida tez-tez sodir bo’lishini Vanda qora tanli onalarning sog'lig'ini saqlashga qaratilgan notijorat tashkilot ochganidan so’ng bildi.
Onalar salomatligi masalasini AQSh Vitse-prezidenti Kamala Xarris tez-tez ko’tarib chiqadi.
"AQSh rivojlangan davlatlar orasida onalar o'limi bo'yicha eng yuqori o'rinlarda turadi", - deydi Xarris.
Vitse-prezidentning ichki siyosat bo'yicha maslahatchisi Rohini Kosogluga ko’ra,
qora tanli ayollar o’rtasida homiladorlik davrida o’lim oq tanli ayollarga nisbatan uch baravar ko'p. Tub amerikalik ayollar o’rtasida esa o'lim ehtimoli ikki baravar ko'p.
Xarris ayollarga yordam berish bo’yicha amalga oshirish zarur bo’lgan chora-tadbirlarga e’tibor qaratdi.
“Laktatsiya davrida qo‘llab-quvvatlash, ruhiy salomatlik xizmatlaridan foydalanish, turli kasalxonalarda ayollarni himoya qilishga yordam beradigan enagalar. Ishchi kuchini ham ko‘rib chiqdik. Mamlakat bo‘ylab ginekolog va doyalar yetishmaydi”, - deydi Kosoglu.
Vakillar palatasi a’zosi Loren Andervud Kongressdagi Qora tanli onalarning salomatligi kengashi yetakchilaridan biri.
“Bu mamlakatda, shu jumladan, sog'liqni saqlash tizimida irqchilik borligini bilamiz. Og'riqqa chidamliligingiz yuqori bo’lsa, demak sizda qaramlilikka moyillik ko'proq, shuning uchun mavjud bo'lgan barcha davolash imkoniyatlari sizga taklif etilmaydi", - deydi siyostchi.
Pepper Ridning besh nafar farzandi bor. Xususiy tibbiy sug'urtasi bo’lganida, tug’ruq yaxshi o'tgan. Lekin uni yo’qotganidan so’ng og'riq qoldiruvchi dorilar yetarlicha berilmaganini aytadi. To’rtinchi farzandini dunyoga keltirish vaqtini xotirlaydi.
“Hayotimdagi eng og’ir kunlardan biri bo’lgan. Qayd qilganman. Kuchli og’riq his qilganman. Tinmasdan yig’lardim, baqirdim. Onalar og'riyotganini aytishsa, shifokorlar, tibbiyot xodimlari ishonmaydi”, - deydi ayol.
“Odatda himoya choralari bo’ladi, ya'ni daromadingiz yuqori bo’lsa, oliy ma'lumotli bo’lsangiz, ishingiz bo’lsa, tibbiy sug'urtangiz bo’ladi, homila davri parvarishiga imkoniyatingiz bo’ladi. Qora tanlilar uchun bularning hech qaysi biri himoya chorasi emas”, - deydi qonunchi.
Vanda Irving qizi bilan oxirgi suhbatini shunday xotirlaydi:
“Ona nima bo’layotganini bilmayman, lekin hammasi yaxshi bo’ladimi, deb so’radi. Hammasi yaxshi bo’ladi, dedim. Haligacha o’zimni aybdorday his qilaman. Hammasi yaxshi bo’ladi, deb aytganim uchun. Chunki, unday bo’lmadi”, - deydi ona.