AQShning Kaliforniya shtati Los-Anjeles shahrida maymunchechakka qarshi emlash punktlari ochildi.
Kaliforniyada maymuncheckakka chalinganlar soni oshib borar ekan, gubernator Gevin Nyusom shtatda favqulodda holat e’lon qildi.
Odamlar kasallikka qarshi vaksina olishi uchun shtat bo’ylab maxsus klinikalar ochilmoqda.
Har bir klinika bir kunda 200 tacha odamga xizmat qiladi. Kelish uchun oldindan ro’yxatdan o’tish kerak.
“Kasal bo’lmaslik uchun ehtiyot chorasi bu. Ko’ramiz, nima bo’larkin. Kasal bo’lganlar soni oshyapti. Afsuslangandan ko’ra, ehtiyot bo’lgan yaxshi”, - deydi Teylor ismli fuqaro.
“Sport zaliga ko’p boraman. Zalda odamlar ozodalikka rioya qilishi qiyin. Maymunchechakka qarshi vaksina olishimning eng katta sababi shu. Allaqachon vaksina olgan do’stlarim ko’p”, - deydi Eshlon ismli yana bir shaxs.
G’arbiy Gollivud shahri sog’liqni saqlash boshqarmasidan klinika ochishni so’rab murojaat qilgan hududlardan biri.
“Asosiy sabab shuki, G’arbiy Gollivud va uning atrofidan ko’p kasallar chiqdi. Test topshirish va vaksina olish uchun odamlar soatlab sayohat qilishiga to’g’ri kelayotgan edi”, - deydi shahar kengashi a’zosi Jon Erikson.
Eriksonning qayd etishicha, aholi orasida xavotir kuchaygan.
Buni ham ko'ring AQSh maymunchechakka qarshi global miqyosda kurashmoqchi“Maymunchechak gomoseksuallarga oid yoki jinsiy kasallik emas. Lekin u, asosan, erkaklar bilan aloqa qiluvchi erkaklar orasida uchrayapti. G’arbiy Gollivud va uning atrofida gomoseksuallar ko’p bo’lgani uchun bu xavotir uyg’otadi”, - deydi Erikson.
Maymunchechak jinsiy yo’l bilan yuqadigan kasallik sifatida ro’yxatga olinmagan. U badanning badanga tegishi, o’pishish yoki jinsiy aloqa paytida yuqishi mumkin. Ayni paytda kasal odamga tegishli shaxsiy buyum, choyshab va sochiqlarni ishlatish orqali ham uni yuqtirish mumkin.
Avgust boshida Kaliforniya shtatida mingdan ortiq maymunchechak holati qayd etildi. Ularning 400 tasi Los-Anjeles shahrida va u bir hafta avvalga qaraganda ikki barobar oshgan.
San-Fransiskoda ham kasallar soni tez o’smoqda va hatto vaksina yetishmovchiligi kuzatilyapti.
“Kasalliklarni nazorat qilish va profilaktika markazi tavsiyasiga ko’ra, San-Fransiskoda 35-40 ming odam emlanishi kerak. Biz shuncha vaksina so’radik, ammo ancha kam oldik”, - deydi Zukerberg San-Fransisko bosh shixofonasi doktori Lyukjon Dey.
G’arbiy Gollivuddagi klinika avgust oxirigacha xizmat qiladi. Qisqa muddat ichida minglab aholini emlash maqsad qilingan.