Qirg’iziston va Tojikiston xavfsizlik idoralari orasida 17-sentabr kuni kechgan muzokaralardan keyin chegara hududlarda otishma to’xtagani xabar qilinmoqda, biroq vaziyat keskinligicha qolayotir.
Prezidentlar Sadir Japarov va Emomali Rahmon ham Samarqandda Shanxay hamkorlik tashkiloti yig’inidan keyin o'zaro uchrashib, ziddiyat yuzasidan gaplashib olgan edi.
14-sentabr kuni boshlangan to’qnashuvlar ikki kun davomida avj oldi. Qirg’iziston Sog’liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko’ra, 24 kishining jasadi Botkendagi kasalxonalarga yetkazilgan, yaralangan yana 103 kishi davolanmoqda.
Tojikiston tomoni talafotlar haqida ma’lumot bermagan. “Reuters” axborot agentligi manbalariga ko’ra, hafta davomida 30 kishi halok bo’lgan.
Tojikiston rasmiylari qo’shni davlat armiyasini bir masjidni vayron qilganlikda, fuqaroviy obyektlar va aholi turar joylarini o’qqa tutganlikda aybladi. Ularning aytishicha, Qirg’iziston “provokatsiyalar” uchun chegaraga qo’shin va harbiy texnika olib kelgan.
So’nggi ziddiyatlarga nima turtki bergani aniq emas.
Qirg’iziston Favqulodda vaziyatlar vazirligining ma’lum qilishicha, jangovar harakatlar maydoniga aylangan hududlardan 136 ming aholi evakuatsiya qilingan.
Qirg’iziston rahbari idorasiga ko’ra, ikki mamlakat prezidentlari Samarqanddagi uchrashuvi ortidan tegishli organlarga qo’shinlarni olib chiqish va janglarni to’xtatish vazifasini yuklashga kelishib olgan.
Sadir Japarovning 17-sentabr kungi bayonotida shunday deyilgan:
“Tarix shuni ko’rsatadiki, hal qilinmagan chegara nizolari doimo mojarolarga va muqarrar yo’qotishlarga olib keladi. Ammo ajdodlarimizdan meros qolgan yerimizning bir metrini ham bermaymiz. Milliy manfaatlarimizni qat’iy himoya qilamiz”.
Tomonlar o’rtasidagi umumiy chegara uzunligi 1000 kilometrga yaqin. Bu hududning katta qismi, 300 kilometrdan oshig’i aniqlashtirilmagan.
"Amerika Ovozi" muxbiri Davron Hotam botkenliklar uchun gumanitar yordam to'g'risida video lahva tayyorlayotganda O'sh hokimiyati yonida noma'lum shaxslar tomonidan kaltaklangan. Jurnalistning aytishicha, uni suratga olish jarayonida tojik ayg'oqchisi deb gumon qilishgan bo'lishi mumkin.