AQSh Davlat kotibi Entoni Blinkenning aytishicha, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Rossiyani himoya qilish uchun har qanday vositadan foydalanishga tayyorligi haqida bayonot bergandan so’ng Qo‘shma Shtatlar Kremlni yadro qurolini qo’llash ehtimolining dahshatli oqibatlari haqida oshkora va maxfiy tarzda ogohlantirgan.
"Moskva bizdan eshitishi va oqibatlari dahshatli bo'lishini bilishi juda muhim va biz buni aniq qilib aytdik", - dedi Blinken “CBS News” telekanalining "60 daqiqa" ko'rsatuviga bergan intervyusida.
Blinkenning ta'kidlashicha, yadroviy qurol "albatta, undan foydalanadigan mamlakat uchun halokatli oqibatlarga olib keladi, shuningdek, boshqalar uchun ham".
AQShning bu ogohlantirishi Putin o'tgan hafta yadroviy hujum ehtimoliga ishora qilib, Ukraina urushiga jalb qilish uchun Rossiyada qisman ommmaviy safarbarlik e’lon qilishi ortidan yangradi. Kiyev kuchlari Ukraina shimoli-sharqida Rossiyadan o’z hududlarini qaytarib olishni boshlagach, Kreml qo’shimcha askarlarni yig’ish uchun harbiy safarbarlik e’lon qilishga majbur bo’ldi.
Dushanba kuni Britaniya mudofaa vazirligi chiqargan bayonotda aytilishicha, chaqiruvlarning birinchi guruhi harbiy bazalarga kelishni boshlagan, biroq Rossiya bu qoʻshinlarni tayyorlashda maʼmuriy va logistika muammolarga duch kelmoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
“Chaqirilganlarning koʻpchiligi harbiy tayyorgarlikdan o’tganiga uzoq yillar bo’lgan, - deyiladi vazirlik ma’lumotida. - Harbiy trenerlarning yoʻqligi va mobilizatsiyaning tezkorlik bilan boshlangani chaqirilgan qoʻshinlarning koʻpchiligi minimal tayyorgarlik bilan front chizigʻiga joylashtirilishidan dalolat beradi. Ularning yaroqsiz holga kelish darajasi yuqori bo‘lishi mumkin”.
Chaqiruvga qarshi noroziliklar
Rossiyaning ko’plab shaharlarida ommaviy safarbarlikka qarshi norozilik namoyishlari avj oldi. Politsiya Moskva va boshqa markaziy shaharlarda yuzlab namoyishchilarni hibsga olgan.
Rossiyaning Sibir viloyatida dushanba kuni 25 yoshli yigit chaqiruv uchastkasidagi harbiy komendantni otib tashlagan. Bu haqda mahalliy gubernator xabar berdi.
Putin urushiga qarshi boʻlgan yoki jang maydonida halok boʻlishni istamaydigan koʻplab erkaklar Rossiyani tark etmoqda. Imkon topganlar havo parvozlari orqali, boshqalar esa Rossiya chegaralarini kesib o’tib, Finlyandiya, Gruziya kabi mamlakatlarga yo’l olgan. Chegara puntkarlida avtomobillarning uzun navbatlari yuzaga kelgan.
Rossiya bu orada Ukrainaning toʻliq yoki qisman nazoratga olingan toʻrtta viloyatida besh kunlik bahsli referendumlarni oʻtkazmoqda. Xalqaro hamjamiyat noqonuniy deya keskin rad etgan bu tadbirlar ortidan Rossiya bu hududlarni rasman o’ziga qo’shib olishi kutilyapti.
Blinken “CBS News” telekanaliga bergan intervyusida saylovlarni g’irt soxta deb atadi.
Buni ham ko'ring Ukrainaning Rossiya nazoratidagi hududlarida referendum boshlandi“Ular kirib, qoʻgʻirchoq hukumatlarni, mahalliy hukumatlarni qoʻyadi, keyin esa ovoz berishni tashkillashtirish orqali ularni Rossiya hududi deb eʼlon qilishga urinadi. Bu hududlar hech qachon Rossiyaniki deb tan olinmaydi. Ukrainaliklar uni qaytarib olishga haqli”, - dedi AQSh davlat kotibi.
"Yadroviy shantaj"
Yakshanba kuni “CBS News” telekanalining “Face the Nation” ko‘rsatuvida efirga uzatilgan intervyusida Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy referendumda ovoz berishdan bosh tortgan ukrainaliklar Rossiya kuchlari tomonidan jiddiy jazoga tortilayotganini aytdi.
"Rossiyaliklar elektr energiyasini o'chirib qo'yishlari mumkin va ularga oddiy insoniy hayot kechirish imkoniyatini bermaydilar, - dedi Zelenskiy. - Ular odamlarni majburlaydi, qamoqqa tashlaydi. Ularni bu soxta referendumga kelishga majbur qilishadi”, - dedi Ukraina rahbari.
Unga ko’ra, referendum Putinning urushni tugatish niyatida emasligi haqida “juda xavfli signal” beradi.
“U urushda yutqazayotganini biladi, - dedi Zelenskiy. - Urush maydonida Ukraina tashabbusni qoʻlga oldi. U o‘z jamiyatiga buning sababini tushuntira olmaydi va shu savollarga javob izlayapti”.
Buni ham ko'ring Putin Rossiyada qisman safarbarlik e'lon qildiZelenskiyning aytishicha, Rossiyaning Ukrainaga yadroviy hujumi haqiqatda yuz berishi mumkin.
“U butun dunyoni qo'rqitmoqchi. Bu yadroviy shantajning dastlabki qadamlari. U quruq gap qilyapti deb o'ylamayman", - dedi u.
“O‘ylaymanki, dunyo uni to‘xtatib, bu tahdidning oldini oladi. Biz unga bosim o‘tkazishda davom etishimiz va bunga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak”, - dedi Zelenskiy.
Ukraina prezidentining qo’shimcha qilishicha, ukrainaliklar hozir Putinga qarshi har qachongidan ham kuchliroq birlashgan.
"U bizni zaiflashtirish uchun mamlakatimizni beqarorlashtirishga qaratilgan hamma narsani qiladi. Avvalo, u bizni bo’lib tashlamoqchi. Albatta, men nishonlardan biriman. Bu mening shaxsiyatim tufayli emas, balki prezident sifatida ukrainaliklarning rahbari bo’lganim uchun”, - dedi Zelenskiy.