Mehnat muhojirlari Ukrainadagi urushga jalb qilinyaptimi?

Ukrainaga otlanayotgan Rossiya harbiylari

Rossiyada markaziy osiyolik mehnat muhojirlari harbiy safarbarlikka chaqirilayotganiga doir ma’lumotlar soyasida Rossiyaning O’zbekistondagi elchixonasi bu haqda yolg’on xabarlar tarqatilayotganini da’vo qildi.

Elchixonaga ko’ra, Markaziy Osiyo fuqarolarining safarbarlikka majburiy jalb etilishi haqidagi gaplar asossiz.

Ta’kidlanishicha, ijtimoiy tarmoqlarda yovuz niyatli shaxslar Rossiya mudofaa vazirligiga tegishli ekani da’vo qilingan soxta buyruqni ro’kach qilib, Rossiyadagi O’zbekiston, Tojikiston va Qirg’iziston fuqarolari safarbarlikka majburligi, shartnoma inkor qilingan taqdirda ular deportatsiya qilinishiga doir yolg’on xabarlarni tarqatmoqda.

“Rossiyadagi O’zbekiston fuqarolarini turli yolg’on xabarlarga uchmaslikka, faqat ishonchli rasmiy axborotga tayanishga chaqiramiz”, - deyiladi elchixonaning Telegram kanali orqali tarqatgan axborotida.

Rossiya elchixonasi bunday yolg’on xabarlar kim, qanday manbalar tomonidan tarqatilayotganiga aniqlik kiritmagan. Bu murojaat Rossiyada yashayotgan Qozog’iston fuqarosi safarbarlikka chaqirilgani haqidagi xabar ortidan chiqqani aytilmoqda.

Rossiya matbuoti Peterburgda yashayotgan Qozog’iston fuqarosiga harbiy chaqiruv qog’ozi topshirilgani haqida yozadi.

Safarbarlik doirasida Markaziy Osiyo fuqarolarining ham nishonga olinayotgani haqidagi ma’lumotlar yolg’on emas. Moskvadagi migratsiya markazida harbiy chaqiruv bo’limi ochilgan; armiya bilan bir yillik shartnoma imzolagan muhojirlarga soddalashtirilgan tarzda Rossiya fuqaroligini berish va’da qilinmoqda.

Buni ham ko'ring Ukraina-Rossiya: Ozod qilingan Liman, NATO va yadroviy hujum tahdidi

Mehnat muhojirlari huquqi bilan shug’ullanib kelayotgan faollar rasman qabul qilingan, qonuniylashgan bu choralardan so’ng Rossiyadagi muhojirlar safarbarlik xavfi ostida ekanligi haqida bong ura boshlashdi.

Huquqshunos Botirjon Shermuhammadga ko’ra, Rossiyadagi o’zbekistonliklarning aksariyati Rossiya propagandasi ostida yashayotgani inobatga olinsa, vaziyat ancha xavotirli.

“Gap shundaki, hech kim muhojirlarga safarbarlik oqibatlarini atroflicha tushuntirayotgani yo’q. O’zbekiston fuqarolarini uchinchi davlatdagi harbiy to’qnashuvlarga yollanmaslik, buning uchun jinoiy javobgarlik borligi haqida ogohlantirish muammo mohiyatini izohlash emas. Muhojirlarga safarbarlik Ukrainadagi urushga qatnashish, bu urushdagi vaziyat Rossiya OAVlarida taqdim etilayotganidan ko’ra ancha og’ir, shafqatsiz ekanligi, Rossiya armiyasi mag’lubiyatga uchrayotgani, yirik qurbonlar berayotganini tushuntirish kerak”, - deydi huquqshunos.

Rossiyadagi vaziyatni kuzatib kelayotgan faollardan yana biri Bahrom Rahmonning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, u tanigan o’zbeklardan biri ayni paytda Ukrainadagi urushga tashlangan.

Buni ham ko'ring Qrim-tatarlar Ukrainaga qarshi urushga tashlanmoqda

“Asosan, Rossiya fuqaroligini qabul qilgan muhojirlar xavotirga tushib qolishgan, Rossiya fuqarosi bo’lgan ayrim do’stlarim urushga jo’nab ketganini ehtimol qilaman, ayrimlari safarbarlikdan qochish harakatida yurishibdi. Rossiya fuqarosi bo’lmagan muhojirlar orasida ham armiya bilan shartnoma imzolayotganlar bor. Ular asosan moddiy yoki boshqa manfaatdorlik maqsadida shunday qarorga kelishmoqda”, - deydi Bahrom Rahmon.

Avvalroq Rossiya prezidenti huzuridagi Inson huquqlari kengashi a’zosi Kirill Kabanov so’nggi yillarda Rossiya fuqaroligini olgan muhojirlarni safarbarlikka chaqirish, ular bundan bo’yin tovlagan taqdirda nafaqat o’zlari, balki qarindosh-urug’larini ham Rossiya fuqaroligidan mahrum qilishga doir tashabbus bilan chiqqan edi.

Bu kabi tashabbuslar, ogohlantirishlar, ayniqsa, minglab ruslar, rossiyaliklar safarbarlikdan turli davlatlarga, jumladan Markaziy Osiyo, O’zbekistonga ham qochayotgani soyasida yanada dolzarb ko’rinadi.

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiyadagi safarbarlik etnik ozchilik vakillarini nishonga olayotgani, Moskva shundoq ham milliy huquqlardan mahrum qilgan ozchilik millatlarning erkaklarini Ukrainadagi urushda qurbonlikka keltirishni maqsad qilganini ta’kidlab chiqdi.

Rossiyadagi muhojirlar soni bo’yicha O’zbekiston yetakchi o’rinda, o’zbekistonlik mehnat muhojirlari soni 3 millionga yaqin ko’riladi. Ularning qanchasi Rossiya fuqaroligini olgani noma’lum, ammo farazlarga ko’ra, har yili 20-30 mingga yaqin o’zbekistonlik Rossiya fuqaroligini qabul qiladi.

Your browser doesn’t support HTML5

Ukraina: Rossiya ataylab qrim-tatarlarni urushga safarbar etmoqda

Ammo bu fakt ularning O’zbekiston fuqarosi sifatida qolayotganini inkor etmaydi. O’zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi e’lon qilgan ogohlantirish shundan darak beradi:

“Elchixona ma'lum qiladiki, O'zbekiston Respublikasi fuqaroligi to'g'risidagi qonunga muvofiq, O'zbekiston Respublikasining fuqarosi bo'lgan shaxs xorijiy davlatning fuqaroligiga tegishli deb e'tirof etilmaydi. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni e'lon qilingan kundan boshlab O'zbekiston Respublikasining fuqaroligi bekor qilinadi.

Shu munosabat bilan, diplomatik vakolatxona O'zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 154-moddasiga ko'ra "yollanish" - xorijiy davlat hududidagi qurolli to'qnashuvlarda yoki harbiy harakatlarda qonunga xilof ravishda qatnashish jinoyat hisoblanishi, ushbu harakatlarni sodir etganlik uchun javobgarlik o'n yilgacha ozodlikdan mahrum qilishni nazarda tutishini eslatib o'tadi”, deyiladi elchixonaning O’zbekiston fuqarolariga qilgan murojaatida.