Rossiya AQSh bilan ishlagan sobiq afg'on harbiylarini yollamoqda

  • Amerika Ovozi

Afg'oniston sobiq hukumati askarlari

Amerika qoʻshinlari bilan birga jang qilgan va oʻtgan yili Tolibon hokimiyatga kelishi ortidan Eronga qochgan afgʻon maxsus kuchlari askarlari endi Rossiya harbiylari tomonidan Ukrainada jang qilish uchun yollanmoqda. Bu haqda “Associated Press” agentligiga uch nafar sobiq afgʻon generali ma’lum qilgan.

Ularning so‘zlariga ko‘ra, ruslar minglab sobiq afg‘on harbiylarini oyiga 1500 dollar to‘lash va o‘zlari hamda oilalari uchun xavfsiz boshpana berish va’dasi bilan “xorijiy legion”ga jalb qilmoqda.

"Ular jangga borishni xohlamaydi, lekin boshqa iloji yo'q, - deydi generallardan biri Abdul Rauf Arg'andival. - Ular mendan bizga yo’l ko’rsating, nima qilishimiz kerak; Afg‘onistonga qaytsak, Tolibon bizni o‘ldiradi, deb so‘rashmoqda”.

Arg’andivalning so'zlariga ko'ra, Rossiyaning yollanma kuchlari “Vagner” guruhi tomonidan boshqariladi. Yana bir general, Tolibon hokimiyatni egallashidan avval Afg‘oniston armiyasining so‘nggi qo’mondoni bo’lgan Hibatulloh Alizoyning aytishicha, bu sa’y-harakatlarga Rossiyada yashagan va rus tilida so‘zlashuvchi sobiq afg‘on maxsus kuchlari qo‘mondoni ham yordam bermoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Ukraina-Rossiya: Mirziyoyevga murojaat, dronlar va afg’on jangchilar

Afg’onistonda mahalliy askarlar bilan birga jang qilgan amerikalik askarlar bir necha oydan beri sobiq afg’on harbiylari tirik qolish uchun Amerika dushmanlari safiga qo’shilishi mumkinligi haqida ogohlantirib kelayotgan edi.

Avgust oyida Kongress chiqargan hisobotda ham AQSh tomonidan tayyorlangan afgʻon maxsus kuchlari “Islomiy davlat” guruhiga, Eron yoki Rossiyaga AQSh harbiy taktikasi haqida maʼlumot berishi yoki ular safiga qo’shilishi mumkinligi haqida ogohlantirilgan edi.

"Biz bu shaxslarni, va'da qilganimizdek, olib chiqib keta olmadik, - dedi AQSh Markaziy razvedka boshqarmasining Afg'onistonda xizmat qilgan iste'fodagi zobiti Maykl Mulroy va afg'on qo'mondonlari yuqori malakali, shiddatli jangchilar ekanini qo'shimcha qildi. - Ochig'i, men ular bilan jang maydonida yuzlashishni istamagan bo’lardim; ayniqsa, ukrainaliklarga qarshi”.

Mulroy ruslar ko'plab afg'on askarlarini jalb qila olishiga shubha bilan qaraydi. Chunki ko’plab afg’onlar yollanma askar bo’lish uchun emas, balki mamlakatida demokratiya o’rnatilishiga umid qilgani uchun harbiy xizmatga qo’shilgan, deydi u.

Rossiya Mudofaa vazirligi izoh so’rab qilingan murojaatga javob bermadi. “Vagner” guruhi asoschisi Yevgeniy Prigojin matbuot kotibining aytishicha, sobiq afg‘on askarlarini yollash g‘oyasi “aqldan ozgan bema’nilik”dan boshqa narsa emas.

Buni ham ko'ring Muftiy: Rossiya Qrimga azob-uqubat, qo’rquv olib keldi

AQSh Mudofaa vazirligining yuqori martabali rasmiysiga ko’ra, “Vagner” boshqa bir qancha mamlakatlarda askarlarni ro'yxatdan o'tkazishga urinayotgani hisobga olinsa, afg’onlar yollanayotgani haqidagi bu xabar ajablanarli emas.

Eronga qochgan afg‘on maxsus kuchlarining qanchasi ruslar tomonidan yollangani noma’lum, biroq ulardan biri “AP”ga “WhatsApp” chat xizmati orqali takliflarni ko‘rib chiqayotgan 400 ga yaqin harbiylar bilan muloqot qilganini aytdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘ziga o‘xshagan ko‘plab sobiq askarlar Afg’onistonga deportatsiya qilinishdan qo‘rqishadi va ularni tashlab ketgani uchun AQShdan norozi.

"Ular biz uchun maxsus dastur yaratishi mumkin, deb o'ylagandik, lekin hech kim biz haqimizda o'ylamadi, - dedi o'zi va oilasi xavfsizligi uchun ismini oshkor qilmagan afg’on sobiq harbiysi. - Ular hammamizni Tolibon qo‘liga topshirishdi”.

Sobiq askarning aytishicha, ruslar unga va Afg'onistonda qolgan uch farzandi va rafiqasiga Rossiyaga kelish uchun viza taklif qilmoqda.

Boshqalarga esa Erondagi vizalarini uzaytirish taklif qilingan. Uning so'zlariga ko'ra, “WhatsApp” guruhlari orqali ayni paytda ko’pchilik bu taklifni muhokama qilmoqda. Aksariyati taklifni qabul qilsa kerak, deydi u.

Taxminan, 20-30 ming afg'on maxsus kuchlari yigirma yillik urush davomida amerikaliklar bilan jang qilgan va AQSh harbiylari Afg'onistonni tark etganda bor-yo'g'i bir necha yuz yuqori martabali zobitlar amerikaliklar bilan birga olib chiqib ketilgan. Afg'on qo'mondonlarining ko'pchiligi to'g'ridan-to'g'ri AQSh harbiylari uchun ishlamaganligi sababli ularga AQShning maxsus vizalarini olish huquqi berilmagan.