8-noyabrdagi saylovda AQSh Kongressida respublikachilar ko'pchilik o'rinlarni egallashga bel bog'lagan, ammo bunga erisha oladimi? Vaziyat har bir shtatda o'zgacha. Ayni damda Vakillar palatasi demokratlar qo'lida, Senatda esa ellikka ellik.
Tahlilchi Maykl Li nazarida, demokratlar vahimada emas, garchi respublikachilarning qo'li ayrim hududlarda sezilarli darajada baland.
Vakillar palatasida 435 o'rin bor. Har 10 yilda aholi soniga moslash uchun saylov okruglari yangilanadi, toki qonunchilar teng sonli saylovchiga ega hududlardan saylansin.
Mana shu jarayon partiyalar uchun o'ta nozik va ular ta'sir o'tkazishga harakat qiladi. Shtat qonunchilik organlarida kim hukmron bo'lsa, hudud chegaralarini ular hal qiladi.
2020-yilda respublikachilar 435 saylov okrugidan 187 tasi qayta shakllanishiga yetakchilik qilgan, demokratlar esa 75 tasiga.
"Okruglar siyosiy musobaqa maydoni deya olmaymiz, chunki u yoki bu partiya tarafdorlari juda katta sonda", - deydi Li.
Xususan Texas, Jorjiya, Florida va Ogayoda shunday bir xillik kuzatiladi.
2020-yilda yangilangan okruglardan atigi 60 tasida qay partiya yutishi oldindan aniq emas, qolganlarida yo demokratlar yo respublikachilar albatta g'olib chiqishini biladi.
Ekspert Jennifer Viktor deydiki, Amerika shu tariqa demokratik jihatdan zaiflashmoqda, chunki haqiqiy siyosiy tanlov va musobaqa muhiti sezilmaydi. Odamlar ham o'zlariga ma'qul partiya hukmron hududlarga yashash uchun intiladi.
"Bu degani aholi bir-biridan uzoqlashadi, ya'ni muammolarni hal etish uchun turlicha yo'llarni emas, faqat bir yo'lni ko'radi. Xilma-xil fikrlash, yangicha g'oyalarni tinglash, hatto hukumatdan uzoqlashish mana shu sabab yuz beradi. Qolganlar esa chetda qolib ketib, norozilik hissi avj oladi".
Viktorning tushuntirishicha, saylov okruglarining bir partiya ta'siriga tushib qolmasligidan siyosatchilar ham naf ko'radi. Jamoatchilik ham siyosatga ko'proq qiziqib, nomzodlar va ularning dasturlarini o'rganadi.
Ayni damda okruglarning aksariyatida respublikachilar nufuzi yuqorida, deya kuzatadi tahlilchilar, ammo demokratlar umidni boy bermayapti.
Kongressga saylovlar har ikki yilda. Vakillar palatasi a'zolari ikki yilga, Senat a'zolari esa olti yilga saylanadi.
Respublikachilar bu yil ko'pchilik o'rinlarni egallasa ham 2024-yilda ularni osongina boy berishi mumkin, deydi Viktor, chunki farq bag'oyat oz.
Amerika bo'ylab saylov okruglarini qayta ko'rib chiqish bilan qonunchilar emas, mustaqil komissiyalar yoki sud shug'ullansin, degan targ'ibot kuchaymoqda.
Hozirda 14 shtatda shunday tizim yo'lga qo'yilgan, jumladan Kaliforniya, Arizona, Kolorado va Michiganda.
Rivojlangan demokratik tuzumlarda ham shunday, biroq AQShda bu masala shtatlarga havola.
Bu yilgi saylovoldi manzarani tadqiq qilayotgan mutaxassislarga ko'ra, Amerika demokratiyasini "sog'lomlashtirish" pirovardida Kongressdagi vakillarga borib taqaladi. Okrug qanday chizilishi, saylovlar qanday o'tkazilishi, kim butun jarayonni nazorat qilishi federal qonunlarda nima deyilishiga bog'liq.