BMT: Afg’onistonda ko’knor maydonlari kengayib borayapti

  • Amerika Ovozi

Shu yilning aprelida Tolibon Afg’onistonda giyohvand moddalarning barcha turlarini taqiqlaganiga qaramasdan, BMT hisobotiga ko’ra, mamlakatda afyun yetishtirish 32 foizga oshgan.

Tolibonning barcha giyohvand moddalarni taqiqlovchi aprel oyidagi farmoniga qaramasdan ko’knor uchun ajratilgan yerlar 177 ming gektardan 233 ming gektargacha kengaygan. Bu 1994-yilda tizimli monitoring boshlanganidan buyon uchinchi eng katta ko’rsatkich.

Your browser doesn’t support HTML5

Afg’onistonda afyun yetishtirish keskin oshyapti

Vaholanki, deya qayd etadi BMT, mamlakatda afyun hosili qurg’oqchilik tufayli o’tgan yilga nisbatan 10 foizga kamaygan.

Tolibon Ichki ishlar vazirligi bu xulosalarga qo’shilmaydi.

“Bu hisobotdagi xulosalarni rad etamiz. Mutlaqo asossiz gaplar. Islomiy amirlik rahbariyati giyohvand moddalar masalasiga alohida e’tibor qaratadi. Ko’knorni taqiqlash to’g’risida farmon berilganidan keyin poytaxtda ham, viloyatlarda ham ekilayotgani yo’q, savdosi man etilgan”, - deydi vazirlik vakili Hasibulla Ahmadiy.

Toliblarning aytishicha, taqiq amalda ish berayapti. Biroq BMT ma’lumotiga ko’ra, afyun yetishtiruvchi dehqonlarning daromadi o’tgan yilgi 425 million dollardan 2022-yilda 1,4 milliard dollarga oshgan.

Kobulliklar BMT o’tkazgan tadqiqotni olqishlab, qattiqroq cheklovlar joriy etilishini istaydi.

“Ko’knor yetishtirish 32 foizdan ham ko’proq deb o’ylayman. Ilgari Kobulda giyohvandlar yo’q edi, hozir esa 500 dan ortiq”, - deydi Toj Muhammad.

Ko’knor maydonlari kengaygan sari, deydi afg’onlar, mamlakatda giyohvandlar soni ham oshib borayapti.

Mart oyidagi yig’inda Tolibon hukumatida bosh vazir muovini Abdul Salom Hanafiy Afg’onistonda narkotik iste’mol qiluvchilar soni 5 million bo’lishi mumkin, deya qayd etgan edi. Bu raqam 2015-yil bilan qiyoslaganda 1,5 millionga ko’p.

Tolibon hokimiyatni qo’lga olganidan beri xalqaro yordam qisqarishi oqibatida Afg’onistonda giyohvandlikni davolovchi muassasalar 50 foizga kamaygan.