AQSh, O'zbekiston bosh diplomatlari Vashingtonda muloqot qildi

AQSh Davlat departamenti, Vashington, 12-dekabr, 2022

AQSh va O'zbekiston tashqi ishlar vazirlari 12-dekabr kuni Davlat departamentida muloqot qildi. Bu hafta Vashingtonda tomonlar strategik sheriklikni muhokama qilmoqda.

Buni ham ko'ring Blinken-Norov uchrashuvi, suratlarda

AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken deydiki, O'zbekiston va Amerika bugungi global muammolar xususida yakdil va ular yuzasidan ochiq fikr almashadi. Blinken Vashington O'zbekiston mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini quvvatlashini eslatdi.

"O'zbekiston Qirg'iziston bilan chegara chiziqlari yuzasidan kelishuvga erishganini olqishlaymiz. Bu mintaqa va xalqaro maydonda kuchli signaldir. Diplomatiya orqali muammolar hal qilinishining isboti", - deydi Blinken.

U, shuningdek, O'zbekistonda islohotlar davom etishiga umid bildirib, AQSh nazarida shu kungacha erishilgan salmoqli yutuqlarni tilga oldi - majburiy mehnatga qarshi kurash kuchaygani va diniy erkinlik kengaygani.

Your browser doesn’t support HTML5

Blinken, Norov Vashingtonda uchrashdi

Vladimir Norov uchun bu O'zbekiston tashqi ishlar vaziri sifatida AQShga ilk tashrif. U bu lavozimga 2022-yilning aprel oyida kirishgan edi.

Bu yil orada diplomatik munosabatlar o'rnatilganiga 30 yil, strategik sheriklikka esa 20 yil bo'ldi. Norov bu sanalarga alohida urg'u berar ekan, O'zbekiston ham AQSh singari serqirra hamkorlik istashini ta'kidladi, xususan C5+1 platformasi orqali. Unga AQSh va Markaziy Osiyoning besh davlati kiradi.

"Biz AQSh hukumatining O'zbekiston prezidentining islohotlar dasturini quvvatlab kelayotganidan minnatdormiz. Bu islohotlar boshqaruvni yaxshilash, qonun ustuvotligini ta'minlash, inson huquqlarini e'zozlash, tinchlikni mustahkamlab, butun Markaziy Osiyo taraqqiyotiga hissa qo'shishini maqsad qilganmiz", - deydi Norov.

Blinken va Norov uchrashuvida Ukraina va Afg'onistondagi vaziyat, Markaziy Osiyodagi geosiyosat xususida ham fikr almashilgan.

AQSh O'zbekistonni islohotlarni jadallashtirishga ungab, inson huquqlari va erkinliklarni ta'minlash, fuqaro jamiyatini rivojlantirish, matbuot erkinligini kengaytirish va oilaviy zo'ravonlik singari muammolarga qarshi kurashni kuchaytirishga undagan.

Qoraqalpog'istonda bu yil yozda ro'y bergan qonli voqealar to'liq va shaffof tarzda tekshirilishi, ayblanuvchilarning sudi adolatli kechishi uchun barcha zarur choralar ko'rilishi kerak, deya bildiradi Davlat departamenti.

"Davlat kotibi Blinken AQSh O'zbekiston tayansa bo'ladigan hamkor bo'lib qolishini va Markaziy Osiyo farovon, xavfsiz va demokratik mintaqaga aylanishida yordamni ayamasligini eslatdi", - deya bildiradi Davlat departamenti so'zlovchisi Ned Prays.

Vashingtonda tomonlar strategik hamkorlikni muhokama qilayapti. O'zbekiston delegatsiyasi AQSh hukumatining boshqa organlari, Kongress a'zolari, nohukumat tashkilotlar va aql markazlari vakillari bilan ham gaplashmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

U.S.-Uzbekistan: Blinken, Norov meet in Washington