O'zbekiston AQSh bilan diplomatik aloqalar o'rnatganiga 30 yil, strategik sheriklik boshlanganiga 20 yil, muntazam harbiy almashinuv va qurolli kuchlar orasida hamkorlik yo'lga qo'yilganiga esa 10 yil bo'ldi.
Vashingtonga bu hafta yillik muloqot uchun kelgan O'zbekiston delegatsiyasi bilan bu sanalarni qutlash uchun elchixonada Amerika harbiy yetakchilari, aloqalarga bosh-qosh rasmiylar va bu jarayonlar bilan yaqindan tanish mutaxassislar yig'ildi.
O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norovning aytisicha, Vashington-Toshkent aloqalari mustahkam, chunki orada uzoq yillar va kuchli sinovlar oqibatida charxlangan ishonch bor, xususan xavfsizlik sektorida.
"Harbiylarimiz 2018-yildan beri muntazam ravishda Amerika qurolli kuchlari bilan treninglar va qo'shma mashqlar o'tkazib keladi. Zobitlarimiz, jumladan havo kuchlarimiz ham amerikalik safdoshlari bilan chiniqayotganidan mamnunmiz", - deydi Norov.
Mississippidan kongressmen Trent Kelli, respublikachi siyosatchi, hozirda O'zbekistonning yaqin do'stiga aylangan. Uning tashabbusi bilan Vakillar palatasida O'zbekiston kengashi tuzilgan. Unga 17 vakil kiradi, demokratlar va respublikachilar.
Norov shtatga aylanganiga bu yil 205 yil to'lgan Mississippining Milliy gvardiyasi qo'mondoni Jenson Boylzga O'zbekistondan olib kelgan sovg'asini taqdim etdi.
General mayor Boylz "Amerika Ovozi" bilan suhbatda deydiki, uning shtati O'zbekiston bilan o'ziga xos rishtalarga ega ekanidan faxrlanadi.
"Respublika bunday hamkorlik uchun bizni tanlagan, ya'ni biz AQSh hukumati yuritadigan dastur orqali tanlovda qatnashganmiz va O'zbekistonga ma'qul kelganmiz. O'tgan 10 yil ichida 125 dan ortiq mashg'ulotlar o'tkazdik. Kelasi yil boshida yana bir trening rejalanganmiz," deydi u.
General mayorning aytishicha, Mississippi O'zbekiston singari qishloq xo'jaligiga asoslangan. "Odamlarimizning mehnatkashligi o'xshash",- deydi qo'mondon.
Bu yil har ikki tomondan 17 harbiy almashinuv dasturlarida qatnashgan. Ular favqulodda hollarda safarbarlik, jumladan tabiiy ofatlar va ommaviy tartibsizliklarda qanday harakat qilish va chegara xavfsizligi singari yo'nalishlarda ishlaydi.
AQShda Milliy gvardiya o'zini xalqning tayanchi deb biladi va har bir shtat o'z kuchlariga ega. General mayor Boylz O'zbekistonda ham hozir Milliy gvardiya borligini biladi.
Ishonch qozonish uchun ancha vaqt kerak, deya tan oladi bu harbiylar, gvardiya favquloqqa hollarda sinaladi. Biroq amerikalik zobitlar O'zbekistonning ichki masalalari haqida fikr bildirishni ma'qul topmaydi.
"Forma kiyib xizmat qilayotganlarni hurmat qilaman. Ular bizga qay sohada yordam zarurligini aytishadi va biz ularga qanday ko'maklasha olishimiz borasida qaror qilamiz. Ya'ni, butun faoliyatimiz o'zaro manfaatlarga asoslangan", - deydi General mayor Boylz.
"Eng muhimi, bir-birimizni taniymiz, aloqadamiz."
Qo'mondon deydiki, Mississippi ahli hozirda O'zbekiston haqida ko'proq biladi, chunki uning farzandlari u yurtga borib keladi. Bu faqat harbiy hamkorlik emas, zobitlar orqali xalqlar bir-birini tanimoqda, deydi general mayor Boylz.
Milliy gvardiyaning poytaxtdagi rahbarlaridan biri, general mayor Uilyam Zana harbiylari uquvli va vijdonli bo'lgan mamlakat har tomonlama qudratli, deydi. Treninglarda asosiy e'tibor askarlarning salohiyatini oshirish, O'zbekiston yo Amerika.
Your browser doesn’t support HTML5
Markaziy Osiyoning boshqa respublikalari ham AQShning muayyan shtati bilan shunday aloqalarga ega.
"Bu dasturni Sharqiy Yevropa davlatlari bilan boshlaganmiz, chunki mustaqillik, suverenitet va hududiy yaxlitlikni himoya qilish quruq gap emas, real harakatdir", - deydi u.
"Harbiy hamkorlik o'rada juda kuchli ishonch talab qiladi va biz o'z zobitlarimizga qanday professional talablar va majburiyatlar qo'ysak, biz bilan yonma-yuz mashq qilayotganlar va bizdan o'rganayotganlardan ham shuni so'raymiz. Aks holda, birga ishlay olmaysiz".
Buni ham ko'ring Uzbekistan-Mississippi National Guard Partnership's 10th anniversaryGeneral mayor Zana yana bir narsaga urg'u beradi: AQShda Milliy gvardiya aholining ichida va barcha sektorlar bilan yaqindan aloqada, jumladan nohukumat tashkilotlar, bizneslar va ta'lim maskanlari.
"Milliy gvardiya bilan hamkorlikdan O'zbekiston qancha foyda ko'rsa, biz ham manfaatdormiz, chunki respublika harbiylari orqali Amerika ham bu mamlakatni yaxshiroq tushuna boshlaydi. Muddao shu", - deydi General mayor Zana.
Pentagon, AQSh Mudofaa vazirligidan Rebekka Zimmermen, vazirning Markaziy va Janubiy Osiyo bo'yicha muovini, nazarida bu hamkorlikda O'zbekiston zobitlari ko'p jihatdan o'tkirligi bilan nom qozongan, chunki musobaqalarda yutib kelishadi.
"Harbiy rishtalarimiz, xavfsizlik sohasida hamjihatligimiz strategik sheriklikning ajralmas qismi va shunday bo'lib qoladi", - deydi Zimmermen.
"Ikki davlat mudofaa vazirliklari orasidagi muloqotdan real almashinuvlar vujudga kelib, bu hamkorlik keyin qurolli kuchlardan fuqaro tizimlariga o'tadi. Bu faqat formada yurgan odamlarning birga mashq qilishi emas", - deya tushuntiradi Zimmermen.
AQSh Davlat departamentida aynan shunday hamkorlik uchun mas'ul Stenli Braun, Davlat kotibi muovinlaridan biri, mintaqaviy xavfsizlikni ta'minlashda yonma-yon yashaydigan xalqlarning harbiylari bir-birini bilishi va Amerikadan bir dastur asosida yordam olayotgani chuqur ahamiyatga ega, deydi.
Braun Vashingtonning o'zgarmas pozitsiyasini eslatadi: AQSh O'zbekiston va qo'shni davlatlarning mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligi quvvatlaydi.
12-dekabr kuni O'zbekiston elchixonasida yig'ilgan doiraga ko'ra, xavfsizlik borasidagi hamkorlik Amerika va respublika orasidagi eng mustahkam yo'nalish.