Qoraqalpog'iston voqealarida gumon qilinganlardan 59 nafari hibsda

  • Amerika Ovozi

Nukus shahar markazi, 8-sentabr, 2022 (VOA)

O'zbekiston Bosh prokuraturasining Ombudsman idorasiga bergan ma'lumotlariga ko'ra, Qoraqalpog'istonda shu yilning 1−2 iyul kunlari yuz bergan qonli voqealar paytida va undan keyin hibsga olingan 516 kishining aksariyati shartli yoki shartsiz qo'yib yuborilgan.

Rasmiy javobdan ayonki, hozirda jami 59 nafar fuqaro panjara ortida. Ulardan 20 nafari ayni damda Buxoroda sudlanmoqda. Suddagilarning biri uy qamog'ida, ikkinchisi jamoatchilik kafilligi bilan ozod etilganlardan. Yana 39 kishi hamon tergov ostida.

Boshida ushlanganlarning 5 nafariga nisbatan uy qamog'i, 166 nafariga nisbatan esa qamoq choralari qo'llanilgan.

Bu borada jurnalistlar va huquq faollari anchadan beri so'rab kelayotgan edi. "Amerika Ovozi" ham Bosh prokuraturaga savollar bilan murojaat qilgan.

Ombudsman idorasiga javoblar 13-dekabr kuni yo'llangan. Ombudsman Feruza Eshmatova, ma'lumki, Qoraqalpog'istondagi g'alayonlarni tekshirayotgan parlament komissiyasiga yetakchilik qiladi.

22 kishining sudi o'tgan oy boshlangan, ammo komissiya hisobotidan darak yo'q.

Your browser doesn’t support HTML5

Qoraqalpog'iston Buxorodagi sud va adolat talabi, 1-qism

Komissiya vositachiligida 107 mahbus jamoat kafilligi asosida erkinlikka chiqqan. Lekin Bosh prokuraturaning tasdiqlashicha, ular orasida javobgarlikka tutilayotganlar bor. Tergov ishlari davom etmoqda.

Voqealar oqibatida ko'rilgan iqtisodiy zarar, prokuraturaga ko'ra, 6,6 millard so'm, ya'ni 585 ming dollarni tashkil etadi. Zarar aybdor deb topilganlardan undiriladi.

Idoraning tushuntirishicha, 1-2 iyuldagi ommaviy tartibsizliklar vaqtida zaruratsiz kuch ishlatgani va qonunlarni buzgani isbotlangan xavfsizlik xodimlari ochiq sudda javob beradi.

"Ikki nafar fuqaroning o'limi yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan qo'zg'atilgan jinoyat ishlari doirasida prokuratura idoralari tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. Tergov yakuniga ko'ra, aybdor deb topilgan shaxslarga nisbatan qonuniy qarorlar qabul qilinishi ta'minlanadi", - deya bildiradi Bosh prokuratura.

Your browser doesn’t support HTML5

Qoraqalpog'iston: Qon to'kkan mutasaddilar, zobitlar sudlanadimi? 2-qism

Hozirgi sudning Buxoroda o'tayotganining asosiy sababi, idoraga ko'ra, sudlanuvchilarning bu hududda saqlanayotganidir.

Sudya E. Abibullayev E-sud tizimi orqali, ya'ni elektronik tanlangan, deyiladi ma'lumotnomada. Bu sudyaning sudlovchilardan biri bilan oldin janjallashgani ayon bo'lgach, manfaatlar to'qnashuvi masalasi ko'tarilgan edi. Bosh prokuratura bu holat yuzasidan hech narsa demagan.

Prokuraturaga ko'ra, ommaviy tartibsizliklar paytida o'lganlarning taqdiri va sabablar ham sudda muhokama qilinishi kerak.

Idora izoh berishicha, Buxorodagi sud guvohlarni ko'rsatmaslik uchun jonli tarzda ko'rsatilmayapti va jarayonni qayta ommaga ochish sudning qo'lida.