Pentagonning tasdiqlashicha, AQSh kuchlari shu oy Oklaxomadagi Fort-Sill harbiy bazasida raketaga qarshi “Patriot” mudofaa tizimi bo'yicha ukrainalik harbiylarni tayyorgarlikdan o’tkazishni boshlaydi.
"90 dan 100 tagacha ukrainalik askar bir necha oy davom etishi kutilayotgan o'quv kursi davomida mudofaa tizimini boshqarish, saqlash va ta’mirlash bo’yicha amaliyotdan o’tadi", - dedi Pentagon matbuot kotibi, brigada generali Pet Rayder
Fort-Sillda AQSh armiyasining dala artilleriya maktabi joylashgan.
Rayderning aytishicha, AQSh ukrainaliklar jang maydoniga imkon qadar tezroq qaytishi uchun "mashg'ulot vaqtini tezlashtirish"ga urinadi.
O'tgan hafta Pentagon Kiyevga harbiy yordamning yangi paketi doirasida 50 ta Bredli jangovar mashinasi yuborilishini ham e'lon qildi.
Seshanba kungi brifingda Rayderning aytishicha, Bredli bo'yicha mashg'ulotlar ukrainaliklar Germaniyada o’tkazadigan treyningning bir qismi bo'ladi.
Bredli texnikalari yuzlab tankka qarshi raketalar va yuz minglab o'q-dori bilan birga jo’natiladi.
"Bu tank emas, lekin tankning qotili", - dedi Rayder o'tgan hafta jurnalistlar bilan uchrashuvda.
Buni ham ko'ring AQSh Ukrainaga "Patriot" havo mudofaa tizimini berish arafasida
Ittifoqchilar o’z ahdida sodiq
NATO va Yevropa Ittifoqi yetakchilari Rossiyaning qariyb bir yildan beri davom etayotgan bosqiniga qarshi turish uchun Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatish, jumladan, ilg‘or havo mudofaa vositalari hamda boshqa jihozlar bilan ta’minlash majburiyatiga sodiq ekanini aytmoqda.
Yevropa Komissiyasi prezidenti Ursula fon der Leyen seshanba kuni jurnalistlarga Ukraina o‘zini himoya qilish uchun zarur bo‘lgan barcha harbiy texnikani olishi kerak, deb aytdi.
“Chunki ular BMT Nizomining asosiy tamoyillarini, xalqaro huquqning asosiy huquqlarini ham himoya qilmoqda”, - dedi u.
Bryusseldagi uchrashuvdan so‘ng fon der Leyen va Yevropa Kengashi Prezidenti Charlz Mishel bilan birga so‘zga chiqqan NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg so‘nggi kunlarda AQSh, Germaniya va Fransiya Ukrainaga yangi turdagi texnika va zirhli mashinalar yetkazib berishga qaror qilganini olqishladi. U ittifoqchilar Ukraina kuchlariga yuborgan mavjud tizimlarni tayyorlash, ularga texnik xizmat ko'rsatish va o'q-dorilar bilan ta'minlashga ham e'tibor qaratish zarurligini ta'kidladi.
Buni ham ko'ring "Vagner guruhi" - Rossiyaning Ukrainada jang qilayotgan xususiy kompaniyasi“NATO ittifoqchilari va Yevropa Ittifoqi aʼzolari Ukrainaga yordam berish uchun zaxiralarini tugatdilar va bu toʻgʻri ish boʻldi, chunki bu bizning xavfsizligimizga ham tegishli. Va, albatta, Ukrainani qo‘llab-quvvatlash uchun o‘z imkoniyatlarimiz, zaxiralarimiz, o‘q-dorilarimizdan foydalanishimiz kerak”, — dedi Stoltenberg.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Ukraina kuchlari tarafidan Rossiya armiyasiga og’ir yo‘qotishlar yetkazilgan bo’lsa-da, Rossiyaning imkoniyatlarini past sanamaslik kerak. Uning soʻzlariga koʻra, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin “Ukrainaga qarshi shafqatsiz urushdagi asosiy maqsadini” oʻzgartirish haqida hech qanday ishora koʻrsatmagan.
“Moskvadagi rejim boshqa Yevropani xohlaydi. U o‘z qo‘shnilarini nazorat qilmoqchi, demokratiya va erkinlikni tahdid deb biladi, - dedi Stoltenberg. - Bu bizning xavfsizligimiz uchun uzoq davom etadigan oqibatlarga olib keladi, shuning uchun biz NATOdagi muhim transatlantik aloqani mustahkamlashda davom etishimiz kerak. Biz NATO va Yevropa Ittifoqi oʻrtasidagi hamkorlikni mustahkamlashda davom etib, Ukrainaga yordamimizni yanada kuchaytirishimiz lozim”.
Baxmut ustidan qaqshatgich janglar
Britaniya Mudofaa vazirligining seshanba kuni xabar berishicha, Rossiya kuchlari va yollanma “Vagner” guruhi qoʻshinlari Ukraina sharqidagi eng shiddatli janglar boʻlayotgan Soledar shahrining koʻp qismini o’z nazorati ostiga olgan.
Soledar uchun kurash ikkala tomon uchun ham katta yo'qotishlarga olib keldi.
Buni ham ko'ring Rossiya-Ukraina urushi: Artilleriya duelida kim qanday kuchga ega?Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy dushanba kuni tungi nutqida Soledardagi vayronagarchilikni tasvirlab berdi.
"Deyarli butun devorlar qolmadi", - dedi u.
Soledardan taxminan 10 kilometr uzoqlikda Baxmut shahri joylashgan bo‘lib, Britaniya Mudofaa vazirligi o‘zining so‘nggi kunlik hisobotida u Rossiyaning Ukrainadagi asosiy nishoni bo‘lishi mumkinligini aytdi.
"Baxmutga bosim kuchayganiga qaramay, Rossiya yaqin orada shaharchani o'rab olishi dargumon, chunki Ukraina kuchlari chuqurlikda barqaror mudofaa chizig'ini va ta'minot yo'llarini nazorat qilmoqda", - dedi Britaniya vazirligi.
Dushanba kuni jurnalistlarga ismini oshkor qilmaslik sharti bilan gapirgan yuqori martabali AQSh harbiy amaldori Baxmutdagi jangni "haqiqatan ham vahshiy" deb atadi.
“Har ikki tomon bir-biriga qarshi minglab va minglab artilleriya oʻqlari o’qlarini yog’dirmoqda. Rossiya yollanma kuchlari kuchsiz askarlarini oldingi safga qoʻyib, ularni qurbon qilmoqda”, - dedi AQSh rasmiysi.