Jahon banki: 2023-yil dunyoda iqtisodiy turg'unlik boshlanishi mumkin

  • Amerika Ovozi

Jahon banki 2023-yilda dunyo iqtisodiyoti turg’unlikka kirishini taxmin qilmoqda. Xalqaro moliya tashkilotiga ko’ra, inflyatsiyaga qarshi kurash doirasida ko’plab mamlakatlarda markaziy banklar moliyalash stavkasi foizini oshirishi, Rossiyaning Ukrainada davom etayotgan urushi kabi bir qator sabablar tufayli joriy yil dunyoda iqtisodiy o’sish to’xtashi mumkin.

Jahon baki 2023-yilda global yalpi ichki mahsulotning o'sishi 1,7 foizni tashkil etishini bashorat qildi. Bu o’tgan 30 yil ichida, 2009 va 2020-yillardagi tanazzuldan keyin, eng sekin o’sishdir. 2022-yil iyun oyida bank 2023-yil uchun global o'sishni 3 foiz darajasida prognoz qilgan edi.

Bankning ta'kidlashicha, rivojlangan mamlakatlar iqtisodiyotidagi sekinlashuv, shu jumladan, AQSh va Yevro hududi uchun prognozning 0,5 foizga qisqartirilishi oxirgi iqtisodiy inqirozdan uch yil o’tmasdan yangisi yuz berishi mumkinligini ko’rsatmoqda.

"Iqtisodiy noqulay sharoitlarni hisobga olgan holda, kutilganidan yuqori inflyatsiya, uni ushlab turish uchun foiz stavkalarining keskin ko'tarilishi, “COVID-19” pandemiyasining qayta bo’y ko’rsatishi yoki geosiyosiy keskinlikning kuchayishi kabi har qanday salbiy o’zgarish global iqtisodiyotni resessiyaga olib kelishi mumkin", - deyiladi bank hisobotiga ilova qilingan bayonotda.

Jahon bankining qayd etishicha, rivojlanayotgan iqtisodiyotlar uchun vaziyat, ayniqsa, og'ir bo'ladi, chunki ular og'ir qarz yuklari, zaif valyuta hamda daromad va biznes investitsiyalarining kamayishi muammolari bilan kurashmoqda. Rivojlanayotgan mamlakatlarda iqtisodiy o’sish so’nggi 20 yilda eng quyi nuqtaga tushishi mumkin.

Buni ham ko'ring Yil sarhisobi: 2022-yil jahon iqtisodiyoti uchun qanday kechdi?

"O'sish va biznes investitsiyalarining zaifligi ta'lim, sog'liqni saqlash, qashshoqlik va infratuzilmadagi allaqachon halokatli o'zgarishlarni hamda iqlim o'zgarishiga bo'lgan bosimni yanada kuchaytiradi", - dedi Jahon banki Prezidenti Devid Malpass o'z bayonotida.

Jahon banki hisobotida aytilishicha, 2022-yilda Xitoyning o‘sishi 2,7 foizga tushib ketdi, bu, 2020-yilni hisobga olmaganda, 1970-yillarning o‘rtalaridan buyon Xitoyda yuz bergan eng sekin o’sishdir. Pekin 2023-yilda 4,3% o’sishga erishishi kutilmoqda, ammo bu koronavirusning qayta avj olishi hamda tashqi talabning zaiflashishi tufayli iyun oyidagi prognozdan 0,9 foizga past.

Jahon banki 2022-yil yakuniga kelib inflyatsiya bosimi biroz pasayganini, shuningdek, energiya va xom ashyo narxlari tushganini ta’kidlagan, ammo u ayni paytda yangi ta'minot yo’llarining uzilish xavfi yuqori ekanligi va yuqori bazaviy inflyatsiya saqlanib qolishi mumkinligi haqida ogohlantirgan. Markaziy banklar bunga moliyalash stavkalarini kutilganidan ko'proq oshirish orqali javob berishi mumkin; bu esa global iqtisodiy vaziyatni yanada beqarorlashtiradi, deya qo'shimcha qiladi u.

Bank qashshoq mamlakatlar aholisiga oziq-ovqat va energiya zaxirlari masalasida yordam berish kerakligini aytadi. Hisobotda aytilishicha, iqlimga moslashish, inson kapitali va sog'liqni saqlash sohalariga investitsiyani kuchaytirishga yordam berish uchun xususiy kapital va ichki resurslar bilan bir qatorda yangi imtiyozli moliya va grant manbalarini topish zarur.

Buni ham ko'ring Kongress 2022-yilda: Ukraina, iqtisodiyot va milliardlab dollarlik loyihalar

Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasida 2022-yil iqtisodiy o‘sish 0,2 foizni tashkil etgan. 2023 yilda u 0,1 foiz darajasida deyarli o‘zgarishsiz qolishi prognoz qilinmoqda. Bu, asosan, Rossiya iqtisodiyotining keskin qisqarishi va Ukrainadagi chuqur turg’unlik bilan bog’liq. Bu ikki iqtisodiyotni hisobga olmaganda, Yevropa-Markaziy Osiyo hududida ishlab chiqarish 2023-yilda 2, 1 foizga o'sishi taxmin qilinmoqda.

So’nggi hisobot Jahon banki joriy hafta iqlim o'zgarishi va boshqa global inqirozlarni hal qilish uchun kredit imkoniyatlarini sezilarli darajada kengaytirish masalasida o’tkazayotgan yig’ini arafasida e’lon qilindi. Yig’in yakunida qabul qilinishi kutilayotgan reja Ikkinchi jahon urushi oxirida tashkil qilingandan beri bank ishi tarixidagi eng katta o’zgarishlarni o’z ichiga olishi aytilyapti.