Prezident Jo Baydenning uyidan va unga qarashli tashkilot ofisidan maxfiy ma’lumotlar topilgach, Adliya vazirligi davlat rahbariga nisbatan tekshiruv boshladi.
Prezident Jo Baydenning uyida va unga qarashli tashkilot idorasida Obama ma’muriyati davriga oid maxfiy hujjatlar topilishi ortidan Oq uyning boshiga yangi tashvish tushdi.
“Bu huquqiy masala. Oq uy huquqshunosiga murojat qilishingizni so’rayman. Bu masalaga ortiq to’xtalmoqchi emasman”, - dedi Oq uy so’zlovchisi Karin Jan-Pier.
Adliya vazirligi tekshiruvi davom etar ekan, Oq uy shaffoflik to’la ta’minlanishini va’da bermoqda.
Ekspertlarga ko’ra, mamlakatda maxfiy hujjatlar bilan ishlash huquqiga ega millionlab rasmiy bor. Shunday ekan, bu kabi muammolar yuz berishda davom etadi.
“Faktlar o’zgarmasa, Prezident Baydenning huquqiy javobgarlikka tortilishi ehtimoli deyarli yo’q. Lekin prezidentning uyida shunday hujjatlar mavjudligini to’rt haftacha oldin bilishgani va bu haqda xabar berishmagani qo’pol xato”, - deydi Milliy xavfsizlik bo’yicha huquqshunos Mark Zaid.
Buni ham ko'ring Bayden maxfiy hujjatlarni qanday maqsadda Oq uydan olib chiqqan?Adliya vaziri Merrik Garland masalani tekshirish uchun Robert Hurni maxsus tergovchi qilib belgiladi. Sobiq prezident Donald Tramp ham maxfiy ma’lumotlarni noqonuniy saqlaganlik bo’yicha tekshiruv ostida. Federal Qidiruv byurosi avgust oyida Trampning Mara-Lagodagi uyidan o’nlab shunday hujjatlarni topgan. Sobiq prezident bu hujjatlarni qaytarishdan bosh tortgach, uning uyi order asosda tintuv qilingan edi.
Respublikachilar Bayden va demokratlarni ikki yuzlamachilikda ayblamoqda.
“U prezident Trampni tanqid qildi. Trampning uyini tintish uchun Adliya vazirligidan foydalandimi? Bunday qilish to’g’rimidi? Ular Prezident Bayden bilan ham shunday bo’lishini saylovdan avval bilishgan, lekin buni xalqdan sir saqlashdi”, - deydi Vakillar palatasi Spikeri Kevin Makkarti.
Your browser doesn’t support HTML5
Quyi palatada kichik miqdorda ustunlikka ega respublikachilar o’z mustaqil tekshiruvini o’tkazishga hozirlanmoqda. Bayden ma’muriyati esa xavfsizlikka oid sirlar noto’g’ri saqlangani haqidagi ayblovlarni rad etmoqda.
“Ittifoqdoshlarimiz va hamkorlarimiz bugun biz dunyoda yuzlashayotgan umumiy tahdidlar va muammolar haqida ko’proq qayg’urmoqda. Bu xoh Ukrainadagi Rossiya bosqini bo’lsin, xoh Hind-Tinch okeani mintaqasidagi Xitoy tajovuzi”, - dedi Milliy Xavfsizlik kengashi rasmiysi Jon Kirbi.