Breaking News

Tramp uyida tintuv: sobiq prezidentga qarshi yana qanday tergov boshlandi?


Tramp uyida nega tintuv o'tkazildi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:32 0:00

AQSh Federal Qidiruv Byurosi sobiq prezident Donald Trampning Floridadagi rezidensiyasida kutilmagan tintuv o’tkazishi ortidan Tramp siyosiy qarashlari bois ta’qibga olinayotganini da’vo qildi. Rasmiy manbalarga ko’ra esa, sobiq prezident rasmiy hujjatlarni Milliy arxivga topshirish o’rniga o’zi bilan olib ketgan bo’lishi mumkinligi tekshirilmoqda.

“Men qo’llayotgan nomzodlar saylovlarda katta g’alaba qozonayotganini ko’rolmaganlar Respublikachilar partiyasini va meni yana bir bor to’xtatishga urinmoqda”, - dedi Tramp yaqinda bo’lib o’tgan siyosiy yig’inda.

Oq uy matbuot kotibi Karin Jan-Pyerga ko’ra, federal sud orderi asosida o’tkazilgan tintuvdan Oq uyning xabari bo’lmagan. Prezident Jo Bayden u haqida yangiliklardan o’rgandi, dedi Jan-Pyer.

“Bu haqda bizni oldindan xabardor qilishmadi. Prezident Bayden avvaldan va Oq uyga kelgandan beri shuni aniq aytib keladiki, Adliya vazirligi o’z tekshiruvlarini mustaqil o’tkazishi kerak. U qonun ustuvorligiga ishonadi”, - dedi Jan-Pyer.

Federal Qidiruv Byurosi boshlagan yangi tergov sobiq prezident ustidan tekshiruv yanada kuchayganini anglatadi, deydi kuzatuvchilar.

“Buni siyosiy o’yin deb o’ylash oson, chunki Bayden ma’muriyati Donald Trampning ehtimoliy prezidentlik nomzodini va saylov kampaniyasini to’xtatishga urinayotgan bo’lishi mumkin. Lekin bu yerda gap qonun haqida. 1978-yilda qabul qilingan Prezidentlik hujjatlari qonuni bor. Unda prezident foydalangan barcha hujjatlar Milliy arxivga topshirilishi shartligi belgilangan. Sobiq prezident Donald Tramp shunga rioya qilmagan”, - deydi Jorj Vashington universiteti professori Tod Belt.

Shu yil boshida Milliy arxiv Mar-a-Lago qarorgohidan 15 quti Oq uy hujjatlarini olgani va ular orasida maxfiy hujjatlar ham bo’lgani haqida Kongressga ma’lumot bergan edi.

Tramp yana saylovda qatnashishi mumkinligiga ishora qilishda davom etmoqda.

“2024-yil noyabrda katta voqea bo’ladi”, - deydi u tarafdorlari huzurida.

Qisqa muddatda esa hozirgi tekshiruv unga hatto qo’l kelishi mumkin.

“Pul yig’ishda foyda beradi. Tarafdorlarining qo’llab-quvvatlovi kuchayyapti. Uzoq muddatda esa bu muammo yaratadi. Agar u noqonuniy ish tutgani aniqlansa, jazoga tortilishi mumkin. Bu narsani yashirib bo’lmaydi”, - deydi Ostindagi Texas universiteti professori Shennon Bou Obrayn.

Tramp yuzlashayotgan huquqiy muammolar faqat bu emas. Uning 6-yanvar qo'zg'oloniga aloqasi va 2020-yilgi saylovga doir noqonuniy xatti-harakatlari yuzasidan tekshiruvlar hanuz davom etmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG