Kurdlar manfaati asosiga qurilgan XDP partiyasi so’lchilar koalitsiyasida o’z kampaniyasini boshladi.
Biroq Turkiyaning ikkinchi yirik muxolif partiyasi ayni damda jiddiy muammmo bilan yuzlashgan. Konstitutsion sud XDP’ni hukumatga qarshi kurashayotgan kurd otryadlariga aloqadorlikda ayblab, davlat moliyasini muzlatib qo’ygan. XDP ayblovni inkor etmoqda.
Sud ushbu ishni 14-mayga belgilangan prezident va parlament saylovlariga qadar kechiktirishga doir arizani qabul qilmadi.
Your browser doesn’t support HTML5
“Eng yirik yuridik muammo – partiyaning qonuniy mavjud bo’lib turishi, saylovlarda qatnashish imkoniyati borasidagi shubhalar bilan bog’liq. Muammo ko’lami keng. Partiyaning bugungi va avvalgi liderlari siyosatdan chetlashtirilishi mumkin”, - deydi XDP partiyasi faxriy prezidenti Ertug’rul Kurkju.
XDP’ning sobiq lideri Salohiddin Demirtash panjara ortida. Inson huquqlari bo’yicha Yevropa sudi hukmni siyosiy manfaatga asoslangan deya tanqid qilgan. Turkiya hukumati sud mustaqil ekan, ayblov o’rinsiz ekanini aytmoqda.
Erdog’an tarafdorlari kam emas. Biroq saylovda mamlakatning kurd aholisi ovozini qozonish borasida uning AKP partiyasiga XDP jiddiy raqib.
“Ideal holatda, Erdog’an XDP yopilishini istashi tabiiy, chunki bunday qulay vaziyatda parlament saylovlarida AKP ko’proq o’rinlarni egallashga erishadi”, - deydi Islohot instituti eksperti Mesut Yeen.
Asosiy muxolif partiya JXP ham yuridik muammolar ichida. Partiyadan prezidentlikka nomzod sifatida ko’rilgan Istanbulning xarizmatik meri Akrom Imamog’li mansabdor shaxsni haqoratlaganlikda aybdor topilib, siyosiy taqiqqa uchradi. Sud siyosiy qurolga aylandi, deydi ayrim faollar.
“Hukumatga qo’l kelayotgan ikki jabha bu – sud tizimi va hukmlari ustidan nazorat. Bu ustunlik oppozitsiyani istalgancha siqib chiqarish va mediani boshqarish imkoniyatini beradi”, - deydi "Human Rights Watch" tashkiloti vakili Emma Sinkler-Vebb.
Turkiya iflyatsiyaga qarshi kurashar ekan, so’rovlar Erdog’an saylovda ilk bor o’ziga beriladigan ovozlar borasida muammo bilan yuzlashishini ko’rsatmoqda. Ayrimlar natijani saylovchimas, sud hal qiladi, degan xavotirda.
“Go’yoki qonunlar ishlamayapti. Barchasi Erdog’an izmida. Keskinlashishi ham mumkin”, - deydi Yeen.
Turkiyada 1950-yildan buyon saylovlar erkin va adolatli o’tmoqda. Biroq joriy yilda partiyalar saylovda teng imkoniyat berilmayotganidan xavotirda ekanini bildirmoqda.