Terrorizmda aybdor deb topilgan Sayfullo Soyipovga jazo belgilash mahkamasida onasi va singlisi ham ko’rindi.
2023-yilning 26-yanvaridagi hukmga ko'ra, Sayfullo Soyipov Nyu-York shahrida 2017-yilning 31-oktabrida terroristik xuruj uyushtirib, 8 kishini o’ldirganlikda va 20 ga yaqin odamni jarohatlaganlikda aybdor deb topilgan.
Jazo tayinlash yuzasidan mahkamada 1-mart kuni Soyipovning onasi Muqaddas Soyipova va singlisi Munisabonu G’ulomova guvohlik berishdi. Ularni Soyipovning advokatlari O’zbekistondan maxsus chaqirtirishgan.
Jurnalistlarning “Jabrlanganlar yaqinlariga qanday izohingiz bor?”- degan savollarini oila javobsiz qoldirdi.
Muqaddas Soyipova sudga deydiki:
“Men uni [Sayfullo Soyipovni] juda yaxshi ko’raman. U mening bolam, u menga mehribon. O’g’lim tirikligini bilsam… tirikligi, men bilan birga nafas olayotganini bilaman, farzandlariga [Soyipovning uch farzandi bor] otang tirik, yaqinda keladi deyman. Hammasi yaxshi bo’ladi. U tirik bo’lsa, u oldingi Sayfullo bo’lishiga umid qilaman”.
Singlisi Munisabonu G’ulomova akasi radikallashuviga qadar juda g’amxo’r inson bo’lganini qayta-qayta takrorlarkan, “Ishonamanki, qalbida eski Sayfullo hamon yashayapti”, - deya yig’ladi.
Sud Soyipovning ijaraga olingan yuk mashinasini odamlar ustiga haydab, ularni qanday o’ldirgani va u yerdan ikkinchi manzili Bruklin ko’prigi tomon harakatlangani, maktab bolalarini tashuvchi avtobusga uriligani izchil ko’rib chiqqan.
Soyipov ikki qo’lida miltiq bilan ko’cha bo’ylab chopgan. Keyinchalik aniqlanishicha, undagi har ikki qurol o’yinchoq bo’lgan. Politsiya xodimlari uni qornidan yaralab qo’lga olishgan.
Soyipovning o’lim jazosiga buyurilishiga qarshilar hakamlar hayati qalbini eritish uchun “O’lim ana shu mahkama zalida to’xtatilishi kerak va adolat jaholat hamda vahshiylikdan ustun kelsin”, deya undasa, davlat ayblovchilari 8 begunohning to’kilgan qoni va ularning oila a’zolari tortayotgan iztiroblar, qolgan jabrlanuvchilar chekiga tushgan azob-uqub badali o’limdir, deydi.
Uch hafta davomida har ikki tomondan o’nlab guvohlar tinglandi. Himoya talabi bilan o’tgan hafta Soyipovning otasi, amakisi va bobosi guvohlik bergan bo’lsa, 1-mart kuni uning onasi va kichik singlisi ham sudda ko’rindi.
Soyipov qamoqqa olinganidan buyon uning yaqinlarining AQShga kirish uchun so’ragan vizalari qondirilmagan.
Mahkama raisi, sudya Vernon Broderik hech bir guvohga sudlanuvchi bilan to’g’ridan-to’g’ri gaplashishga izn bermadi.
“Ko’rsatma berasizmi?” deb ikki marta so’ralganida Soyipov “hozir emas”, deb javob qildi.
O’limga munosib topilsa, bu Nyu-York shtatining yaqin 60 yillik tarixi hamda prezident etib saylanishi bilan federal miqyosda o’lim jazosiga moratoriy joriygan Jo Bayden davrida AQShdagi birinchi o’lim hukmi bo’ladi.
Hakamlar hayati o’lim jazosini belgilashda yashirin ovoz beradi.
AQShdagi eng qattiq tartibli va mustahkam qo’riq tizimiga ega jazo muassasalaridan biri – Kolorado shtatidagi ADX federal qamoqxonasida o’tashi aytiladi.
Your browser doesn’t support HTML5
Sudda takidlanishicha, Soyipov umrining qolgan qismida kuniga 23 soat davomida beton kursi, kichik derazacha, hojatxona va yuvinish burchagidan iborat katakdek xonada yolg’iz saqlanadi. Uchrashuvlar cheklangan miqdorda va qattiq nazorat ostida, oyna ortidan kechadi.
Shunday sharoitda bir umr qamoqda saqlangan inson, deydi Soyipovning yaqinlari, qilmishidan pushaymon bo’ladi.
Prokuror muovini Amanda Xoul hakamlar hayati oldidagi chiqishida Soyipov hamon qilmishidan afsusda emasligiga urg’u berdi. U ISHIDni quvvatlab, jihod qilish g’oyasidan qaytmagan, deydi Xoul. Uning sudga aytishicha, Soyipov panjara ortida ham xavf solishda davom etib, qamoqxona xodimiga boshini olib tashlash bilan tahdid qilgan.
2013-yilda yana bir o’zbekistonlik, Fazliddin Qurbonov AQShda terrorizmda aybdor deb topilib, 25 yilga qamalgan.
Shu kungacha Amerikada sudlangan biror o’zbekistonlik o’lim jazosi bilan. yuzlashmagan.