7-mart kuni Toshkentda Afgʻonistonning qoʻshnilari va Rossiya maxsus vakillari ilk bor uchrashib, bu davlatga nisbatan bugungi siyosati va Tolibonga yondashuvini muhokama qildi.
Oʻzbekiston, Eron, Xitoy, Pokiston, Tojikiston, Turkmaniston va Rossiya diplomatlari insonparvarlik yordami koʻrsatish, mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik, Tolibonning xotin-qizlarga nisbatan munosabati kabi masalalar yuzasidan fikr almashgan.
Maxsus vakillar Kobuldagi rahbarlarni ayollarning ishlash va taʼlim olish huquqlarini tiklashga chaqirib, toliblar boshqaruvi tan olinishi uchun qo'yilgan shartlarni eslatgan.
Delegatsiyalar mezbon Oʻzbekiston bilan BMT roli yuzasidan yakdil: Afgʻoniston hukumati bilan kelishish uchun yuqori darajada xalqaro muzokaralar olib borilishi kerak.
Toshkent bu boradagi takliflarini o'tgan hafta AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken tashrifi paytida ham bayon etgan. Bugun Parijda Amerika, Yevropa Ittifoqi va G'arbning yana bir necha davlatining yetakchi diplomatlari ham Afg'oniston xususida muloqot qilgan.
Oʻzbekiston, Eron, Xitoy, Pokiston, Tojikiston, Turkmaniston va Rossiya nazarida, shuningdek, Afgʻonistonda joylashgan terror guruhlari mintaqaviy va global xavfsizlikka jiddiy tahdid solishda davom etmoqda. Ular Tolibonni keskin choralar ko'rishga undagan. G'arb ham shunday chaqiriq bilan chiqqan.
O'zbekiston Tashqi ishlar vazirligi bayon qilishicha, maxsus vakillar Afgʻonistonda narkotik tahdid kuchayishining oldini olish uchun qanday choralar ko'rish mumkinligini ham muhokama qilgan.