Rossiya hukumati ukrainalik bolalarni qanday qilib vatanidan olib ketgani haqida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Xavfsizlik kengashida hisobot berishi kutilmoqda. Aprel oyida Rossiya bu kengashga raislik qiladi.
Gaagadagi Xalqaro jinoiy sud aynan shu masala yuzasidan Prezident Vladimir Putinni qamoqqa olishni buyurgan. Putin va uning qo'lida ishlovchi Mariya Lvova-Belova bolalarni o'g'irlashda ayblanmoqda.
Rossiyaning BMTdagi elchisi Vasiliy Nebenzya deydiki, uning rahbariyati yosh avlod taqdiriga befarq emas va bolalarga nisbatan shafqatsizligi bilan ham tanilmagan.
Xalqaro jinoiy sud xulosasiga ko'ra esa Putin urush maydonidan, unga tegishli bo'lmagan hududdan ularni ruxsatsiz deportatsiya qilgan.
Ukraina hukumati nazarida Putin va uning komandasini qamoqqa olish buyrug'i o'rinli va Rossiyani keskinroq siquv ostiga olish lozim.
Buni ham ko'ring AQShga ko'chib kelgan ukrain qochqinlarMoskva 123 davlat a'zo Xalqaro jinoiy sudni tan olmaydi va Gaagada chiqqan qarorni "nolga teng" deya qoralamoqda.
BMTning Ukrainadagi vaziyatni o'rgangan komissiyasi o'tgan hafta e'lon qilgan hisobotida Rossiya bolalarni noqonuniy ravishda ko'chirgan, deya bildiradi.
Komissiya aniqlashicha, ular ota-onalaridan uzilib qolgan va aloqa qilish uchun imkoniyat berilmagan. "Bu holat xalqaro insonparvarlik qonunlariga zid va urush jinoyatiga teng", deyiladi BMT hujjatida.
Ukraina hukumati hisobicha, urush boshlanganidan beri, ya'ni 2022-yilning fevral oyi oxiridan buyon 16 ming 221 bola dushman davlat kuchlari tomonidan Rossiyaga olib ketilgan.
Xalqaro jinoiy sud prokurori Karim Xon Londonda 30 dan oshiq davlat adliya vazirlari bilan uchrashar ekan, bolalar darhol vatanga qaytarilishi kerak, dedi.
Elchi Nebenzya esa "vaziyat juda bo'rttirilgan", deydi. Moskvaning maqsadi, uning aytishicha, bolalarni xavfdan yiroqlashtirish va asrash.
Rossiya ularni Ukrainaga qaytaradimi? Nebenzyaga ko'ra, "albatta qaytaradi, ahvol yaxshilanganida".