Nyu-Yorkda asoslangan Jurnalistlarni himoya qilish qo'mitasi (CPJ) 5-aprel kuni Britaniyadan O'zbekistonga uchib borgan Shohida To'laganova mamlakatga kiritilmaganini qoralamoqda.
To'laganovaning aytishicha, unga ikki farzandi qabul qilinishi, ammo o'zi bunday imkoniyatdan mahrum ekani bildirilgan. Sabablarini chegara va pasport nazorati xodimlari oshkor etmagan.
Media va jurnalistlatni himoya qiluvchi tashkilotlar, jumladan CPJ Toshkentdan bu borada bayonot kutmoqda.
To'laganova Britaniya teleradio korporatsiyasi (BBC) va "Ozodlik" radiosiga ishlab tanilgan. Shuningdek, turli xalqaro mavzulardagi hujjatli filmlari, jumladan Ukraina, Suriya va Myanmadagi vaziyatni ochib bergan loyihalari bilan ham shuhrat va ishonch qozongan.
Your browser doesn’t support HTML5
U 2005-yilda Andijondagi qonli g'alayonlarni va 2007-yilda O'shda "Amerika Ovozi" muxbiri Alisher Soipov o'ldirilishi singari muhim voqealarni yoritgan.
“Inson huquqlari bilan bog'liq muhim masalalarni yoritgani uchun jurnalistlardan bunday yo'llar bilan alam olishga harakat qilish Prezident Shavkat Mirziyoyev qurayotganini da'vo qilayotgan ochiq va demokratik O'zbekistonga xos holat bo'lmasligi kerak", - deydi Karlos Martinez de la Serna, CPJ vakili.
To'laganova 1996-yildan beri O'zbekistonda yashamaydi, endilikda Britaniya fuqarosi. Andijon voqealarigacha mamlakatga bemalol kirib chiqqan. 2022-yilda otasi vafot etganida borganida so'roq qilingan, keyin qo'yib yuborilgan.
Bu safar kiritilmagach, jurnalist bolalari bilan Latviyaga uchib ketgan.
To'laganova nazarida O'zbekiston hukumati uni Andijondagi qabih ishlarni dunyo e'tiboriga olib chiqqani, qolaversa u yaxshi biladigan holatlar, jumladan Soipov o'limida O'zbekiston xavfsizlik xizmatlari gumon qilinishi uchun ham uni mana shunday taqiqlar bilan jazolashga urinmoqda.
"Ozodlik" muxbiri Umid Bobomatov ham shu yilning fevral oyida hamda 2019-yilda kiritilmagan. Sabablar unga ham aytilmagan.
Mirziyoyev davrida mamlakat qator chet el mediasi va muxbirlariga ochilgan bo'lsa-da, jumladan "Amerika Ovozi", BBC va boshqa g'arb OAVlariga, O'zbekiston qanchalik ochiq, matbuot erkinligi borasidagi va'dalar qanchalik ishonchli, degan savollar tinmaydi.
2021-yilda polshalik jurnalist kiritilmagan. O'tgan yili esa CPJ vakili Gulnoza Said Toshkent aeroportida bir necha soat ushlab turilgan.