2007-yildan beri O'zbekistonda majburiy mehnatga qarshi kurashib, o'tgan yili Mirziyoyev ma'muriyatining islohotlar va'dasiga ishonib, mamlakat paxtasiga nisbatan global boykotni to'xtatgan global koalitsiya, "Paxta kampaniyasi" hukumatni dadilroq qadamlar tashlashga chaqirmoqda.
Mazkur hafta Vashingtonda AQSh Milliy demokratiya fondi qoshida o'tgan maslahatlashuvda bu harakat o'z azolari, mutaxassislar, rasmiylar va diplomatlar bilan vaziyatni muhokama qildi.
15 yillik kurashdagi yutuqlar, ayniqsa O'zbekistonda erishilgan muvaffaqiyat, ya'ni bugunga kelib, hukumat odamlarni zo'rlab paxtaga olib chiqmayotgani, qishloq xo'jaligidagi islohotlar, mehnat sharoitini yaxshilash yo'lida qabul qilingan qarorlar va qonunlar, 2017-yildan boshlab respublikaning dunyoga ochila boshlagani, xalqaro hamjamiyat bilan hamkorlik kengaygani salmoqli progress deya baholanadi.
Buni ham ko'ring "Paxta kampaniyasi" O'zbekiston paxtasiga global boykotni bekor qildi"Paxta kampaniyasi" asoschilaridan biri Bennett Friman deydiki, Mirziyoyev ma'muriyatida mamlakat uchun qanday o'zgarishlar va islohotlar zarurligini biladigan mutaxassislar anchagina, jumladan vazirlar va ularning muovinlari. Biroq uning tahlilicha, oxirgi bir yilda, boykot bekor qilinganidan buyon hukumat kutilganidek harakat qilmayapti.
"Bilamizki, O'zbekistonni boshqarayotgan odamlar davlat global iqtisodiyot bilan uyg'unlashishini, uning muhim qismiga aylanishini istaydi",- deydi Friman, "Amerika Ovozi" bilan gaplashar ekan.
"Xalqaro mehnat me'yorlarini hurmat qilish, inson huquqlari normalariga amal qilish - birlamchi vazifalar. Ularni e'zozlaymiz, deb so'zdagina qutulib keta olmaysiz. Xorijdan bizneslar sizga sarmoya qilishi, sizga ishonishi uchun hali ko'p ishlashingiz kerak",- deydi u, O'zbekiston hukumatiga qarata.
"Paxta kampaniyasi" Vazirlar mahkamasi, Investitsiyalar va tashi savdo vazirligi, Qishloq xo'jaligi vazirligi va Bandlik va mehnat masalalari vazirligi bilan ishlagan. O'tgan bir yil ichida bu organlarda rahbarlar yangilangan, ayrimlari shaklan o'zgargan.
"Paxta kampaniyasi" Senat raisi Tanzila Narbaeva va hozirda Prezident administratsiyasi rahbari Sardor Umurzoqov bilan yaqindan muloqotda bo'lgan.
Frimanning o'zi bir paytlar AQSh Davlat departamentida xizmat qilgan, davlat kotibi muovini bo'lgan va aynan inson huquqlari masalalari bilan shug'ullangan. Belgilagan siyosatni ijro etish oson emasligini tushunadi va shu bilan birga, har qanday progress ortida kuchli iroda va ishtiyoq turishini ham biladi.
Your browser doesn’t support HTML5
Frimanning aytishicha, "Paxta kampaniyasi" O'zbekistonda islohotlar samara berishiga ishonadi, chunki bunga guvoh bo'lgan. Ammo, bu - tinimsiz mehnat va kuchli siyosiy iroda talab qiladigan jarayon, deya eslatadi u.
Respublika kattalar va bolalarning majburiy mehnatiga qarshi kurashda namuna sifatida tilga olina boshlagan, ammo bu nufuzdan ayrilish oson, agar shu kungacha erishilgan progressni saqlay olmasa, erkinlik va adolat mezonlariga bosh egilmasa.
O'zbekiston mehnat huquqlari va umuman inson huquqlari borasida jiddiyq qadamlar tashlab, real ahvolni yaxshilamas ekan, deydi Friman, orzular qog'ozda qolaveradi, rejalar va yo'l xaritalari safsata.
Xalqaro mehnat tashkiloti me'yorlari bo'yicha harakat qilish kerak, bu borada yordamga tayyor tomonlar, xususan nohukumat tashkilotlar va faollar uchun muhitni osonlashtirish lozim.
Buni ham ko'ring "Paxta kampaniyasi": O'zbekistonda majburiy mehnat qachon yo'q bo'ladi?"O'zbekiston hukumati islohotlarga qaytib, o'zi uchun yaratgan tarixiy imkoniyatni boy bermasin, deymiz. Mamlakat bo'ylab majburiy mehnatga qarshi kurash tinmasin, muammolarga e'tibor berilsin", - deya undaydi Friman.
Bu hafta O'zbekistonning AQShdagi yangi elchisi Furqat Sidiqov bilan suhbatlashgan "Paxta kampaniyasi" vakillari, qiyinchiliklarga qaramasdan, umidga to'la ekanini aytadi. Sidiqov ularga Mirziyoyev ma'muriyati majburiy mehnatga tamoman barham berishga bel bog'laganini va say-harakatlar to'xtamaganini aytgan.
O'zbekiston hukumati oldida ikki yo'l bor, deydi Friman.
"Biri - repressiv tuzum bo'lish. Ikkinchisi - ochilaverish va yosh mamlakatga farovon yurtga aylanish uchun imkoniyatlarni berish".
Sarmoya va ish o'rinlari kerakmi? Friman fikricha, Toshkent qay yo'l maqul ekanini allaqachon bilishi kerak.