AQShda ko'plab odamlar uchun bayramlar hovlilardagi bezaklarni anglatadi. Bunday bezaklar, odatda, G'arb bayramlariga xos. Hozirda ba'zi musulmon oilalar ham Ramazonni nishonlashda shunday usullarga qo’l urmoqda.
Amerikadagi uylar bayram kunlari o’ziga xos tusga kiradi. Oktabr oyida Xellouin munosabati bilan qo’rqinchli bezaklar paydo bo’lsa, Rojdestvo kabi boshqa bayramlarda uylar rang-barang nurlar bilan chulg’anadi.
Ikki farzandning onasi, Afg'onistondan AQShga ko'chib kelgan Oysha Subhonni bu har doim o’ziga jalb qilib kelgan.
"Men va bolalarim ko'chalardagi chiroqlar va ishirilgan buyumlarga juda qiziqamiz. Shuning uchun har qish mavsumida kechqurun ko'chalarni sayr qilamiz", - deydi u.
Ko'rganlaridan ilhomlanib, Subhon musulmonlar uchun shunday bezaklarni tayyorlay boshladi.
U hozir Kaliforniyaning Sakramento shahrida yashaydi. O'tgan yili “Era Trend” do'konini ochdi. Bu yerda u musulmon bayramlariga xos dekorlarni savdoga qo’ygan.
Your browser doesn’t support HTML5
"Bu biznesni bolalarim uchun ochdim. Ularning o'zlari yoqtirgan buyumlar yoki chiroqli bezaklardan hayajonlanganini ko’rsam, ishonchim komilki, boshqa ota-onalar ham buni his qilishadi. Lekin afsuski, ularda shunday nishonlashning imkoni yo’q”, - deydi u.
Asli indoneziyalik musulmon Ake Pangestuti-Ven San-Fransiskodagi uyini Ramazon oyida dekorlar bilan bezashni istadi. Bunda Subhonning do’koni qo’l keldi.
"Biz Ramazon oyida uy ichini bezashni ham yaxshi ko'ramiz. Hamma joyda namoz o’qiladi. Bu bolalarimizga uyda turib ajoyib taassurotlar olish imkonini beradi", - deydi Ake.
Uning kenja farzandi Gven ham shu fikrda.
Your browser doesn’t support HTML5
"Menimcha, bayramni ichdan his qilish ajoyib. Uyimizni Ramazon yoki Hayit deb yozilgan bannerlar va sharlar bilan bezadik. Bu juda qiziqarli", - deydi u.
Musulmon olimi Adi Sumandining aytishicha, uylarni bezashga qarshi diniy cheklov yo’q va bu ijobiy g’oya.
"Bu e'tiqodni ifodalashning bir qismi. Bu Ramazon, ayniqsa, bolalar uchun kelganini ko'rsatadi. Bolalar o'yin-kulgi bilan band bo’ladi. Demak, bu bezaklar salbiydan ko'ra ijobiyroq. Bolalar faqat "Qiyomat va zulmat" haqidagi jiddiy narsalardan tashqari islomni zavqli narsa sifatida ham ko'rishlari mumkin", - deydi u.
Ko'plab muhojir jamoalari singari AQShdagi indoneziyalik musulmonlar ham bayram kunlari, ayniqsa, Ramazonda yig’ilib turishadi. Endi ular ham musulmon bo'lmagan qo'shnilari kabi o’z bayramlarini turli bezaklar orqali nishonlashlari mumkin.