Kremlga, Putinning qarorgohiga dronlar yordamida qilingan hujum Ukraina urushi atrofidagi ehtiroslarni yangi bosqichga chiqardi. 3-may kuni kuzatilgan bu hujum ortida kim turgani noma’lum. Moskva bu Ukraina tomonining amaliyoti ekaniga ishonadi, Kiyev esa bu ayblovni rad etmoqda.
Ayni paytda xorij safarida bo’lib turgan Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Finlandiyada o’tkazilgan matbuot anjumanida Kremga qilingan hujum ortida Ukraina turganiga doir iddaolarni yana bir marta rad etdi. Unga ko’ra, Ukraina armiyasining maqsadi bosib olingan hududlarni dushmandan ozod qilishga yo’naltirilgan; Kremlni nishonga olib, qandaydir ishoralar berish bilan shug’ullanishga emas.
Vladimir Putin tomonidan biror bayonot qilingani yo’q, ammo uning matbuot kotibi Dmitriy Peskov dronlar hujumida nafaqat Kiyevni, shuningdek, Vashingtonni ham ayblab chiqdi. Peskovga ko’ra, Ukraina AQSh tomonidan berilgan ko’rsatmasiz Kremlga hujum qilishga jur’at qilmasdi. AQSh Kremlga qilingan hujumga doir ma’lumotlarga ega emasligini, Ukraina tomonidan ham biror bir ogohlantirishlar bo’lmaganligini ta’kidladi.
Buni ham ko'ring Rossiya Kremlga dron hujumida AQShni ayblamoqdaYevropa Ittifoqining ayrim davlatlari bu kabi amaliyotlar vaziyatni mutlaqo izdan chiqarishi mumkinligidan xavotir bildirmoqda. Kremlga, Putin qarorgohiga qilingan bu hujum siyosatchilar, ekspertlar doirasida munozaralarni qizitgan. Ayniqsa, Rossiya Xavfsizlik kengashi raisi o’rinbosari Dimitriy Medvedovning Prezident Zelenskiyni jismonan yo’qotishga, o’ldirishga chaqirishi ehtiroslar chegaradan oshayotganini ko’rsatadi.
Kreml nishonga olinishiga doir boshqa bir taxminlarga ko’ra, hujum Moskvaning o’zi tomonidan sahnalashtirilgan bo’lishi mumkin. AQShdagi Urushni o’rganish instituti ekspertlari shunday xulosa bildirishgan. Ekspertlarga ko’ra, bu Rossiya ichkarisida urushga safarbarlikni kuchaytirish maqsadida uyushtirilgan sahna, chunki Ukraina tomonidan uchirilgan dronlarning mavjud himoya to’siqlaridan o’tib, Kremlga zarba berish imkoniyatiga ega bo’lishi qiyin.
Harbiy ekspertlar Rossiya bu hujumlarga javob qaytarishiga shubha qilmaydi. Munozaralar asosan bu javobning qanday shaklda kuzatilishi bilan bog’liq. Chunki bir necha kundirki, Rossiya Ukraina viloyatlarini, xususan Kiyevni dronlar va raketalardan nishonga olishni qayta tiklagan. So’nggi paytda havo mudofaa tizimini bir qadar yaxshilashga erishgan Ukraina armiyasi raketalarning aksariyatini havoda yo’qotmoqda. Jumladan, 4-may tunida Kiyevga hujum qilgan raketa va dronlarning hammasi havoda urib tushirilgan.
Kremlga qilingan hujum uchun o’ch amaliyoti esa hozirgilaridan mutlaqo boshqa bir shaklda bo’lishi kutilyapti. Rossiya jamoatchiligida Zelenskiyning Kiyevdagi qarorgohini nishonga olish, Ukrainada taktik yadro qurolini sinab ko’rishgacha bo’lgan chaqiriqlar mavjud.
Your browser doesn’t support HTML5
Moskva Kremlga qilingan hujum uchun javob chorlarini o’ylayotganini Putining so’zchisi Peskov ham tasdiqladi. U javob zudlik bilan emas, mulohaza bilan qaytarilishiga ishora qilgan.
Ukrainlar yaqin kunlarda Rossiya Ukrainani, jumladan, mamlakatdagi muhim strategik obyektlarni raketalardan ommaviy nishonga olishiga shubha qilmaydi. Ammo Kremlga qilingan hujum uchun o’ch mutlaqo boshqacha, yanada dahshatli, ommaviy ko'rinishda bo’lishiga doir xavotirlar ham yo’q emas.