Floridada yashovchi to'rt xitoylik fuqaro va shtatda faoliyat yurituvchi ko'chmas mulk brokeri AQSh fuqarosi bo'lmagan ba'zi shaxslarning mulk sotib olishiga jiddiy cheklovlar qo'yuvchi shtat qonuni ustidan sudga shikoyat qildi.
Da’vogarlarga ko’ra, Florida shtati gubernatori Ron Desantis tomonidan shu oy imzolangan va 1-iyuldan kuchga kiradigan qonun AQSh Konstitutsiyasidagi barchaning teng himoya olish huquqini buzadi.
Qonun loyihasi Kuba, Venesuela, Suriya, Eron, Rossiya, Xitoy va Shimoliy Koreyani o‘z ichiga olgan “tashvishli mamlakatlar” fuqarolariga Floridadan mulk sotib olishni cheklaydi.
Qonunga ko'ra, AQShda qonuniy doimiy rezident bo'lmagan Xitoy fuqarolari Floridada ko'chmas mulk sotib olishi mumkin emas. Ayni paytda shtatda mulkka ega bo'lgan Xitoy fuqarolari ushbu mulkni davlat ro'yxatidan o'tkazishlari kerak. Qonunni buzganlik uchun jarima, jinoiy javobgarlik va hatto ozodlikdan mahrum qilish jazolari belgilangan.
Osiyolik amerikaliklar xavotirda
Qonun loyihasiga qarshi faollarga ko’ra, bu qonun shtatda irqiy adovatni kuchaytiradi.
Your browser doesn’t support HTML5
"Xitoyga nisbatan ksenofobiya siyosati va ritorika irqiy qarama-qarshilikni kuchaytirmoqda, - deydi Osiyo-Amerika Huquqiy himoya va ta'lim Jamg'armasining yuridik direktori Betani Li. - Biz milliy xavfsizlik yoʻlidagi siyosat osiyolik amerikaliklarga qanday zarar yetkazganini bir necha bor koʻrdik: immigratsiya cheklovlaridan tortib, Ikkinchi jahon urushi davrida yapon amerikaliklarning lagerlarda saqlangani va 11-sentabrdan keyingi kuzatuvlargacha".
Qonun har ikki partiya qo’lloviga ega
Chorshanba kuni Respublikachilar partiyasidan AQSh prezidentligi uchun nomzodini e’lon qilgan Desantis Xitoy kompaniyalari va fuqarolarining shtatda mulk sotib olishiga yo'l qo'ymaslik istagini bildirganidan keyin shtat qonun chiqaruvchi organida ham respublikachilar va ham demokratlar uni qo’llab-quvvatladi. Qonun Senat va quyi palatada yakdillik bilan qabul qilindi.
"Ushbu qonun loyihasi nishonga oladigan yagona narsa - bu Xitoy Kommunistik partiyasi, - dedi respublikachi qonunchi Deyvid Borrero. - Bu yerda er sotib ololmaslikdan tashvishlangan yagona odamlar bu yerda yashamaydiganlar".
Bu fikrni shtatning demokrat vakili Ketrin Valdron ham tasdiqladi.
"Menimcha, bu yerdagilarning hammasi bu qonun loyihasi nishoniga tushmaydi. Biz bu yerda yashaydigan hech kimga zarar yetkazmoqchi emasmiz", - dedi u.
Buni ham ko'ring Amerikaliklar nafaqa yillarini nega Floridada o'tkazishni xohlaydi?
Bunday qonun yangilik emas
Kamida 13 shtatda qishloq xo'jaligiga mo'ljallangan yerlarga xorijliklar egalik qilishini taqiqlovchi yoki cheklovchi qonunlar mavjud. Kongress tadqiqot xizmati tomonidan to'plangan ma'lumotlarga ko'ra, 2021-yilda xususiy qishloq xo'jaligi yerlarining atigi 3,1 foizi chet el fuqarolari yoki korporatsiyalariga tegishli bo’lgan.
Joriy yil boshida Xitoyning AQSh osmonidan o'tgan ayg'oqchi shari bilan bog'liq bahs-munozaralardan so'ng, boshqa bir qator shtatlarda ham shunga o'xshash qonunlar taklif qilingan.
Floridaning qishloq xo'jaligi yerlaridan tashqari cheklovni turar-joy va boshqa mulklarga ham qaratishi yangilik bo’ldi, ammo bu oxirgisi bo’lmasligi mumkin. Masalan, Texasda ham qonunchilar Xitoy, Rossiya va Eron fuqarolariga shtatda uy-joyga ega bo'lishni taqiqlovchi qonun loyihasini ko'rib chiqmoqda.
Bunday cheklovlar boshqa davlatlarda ham bor
Turar-joy mulkiga xorijlik egalik qilishi bo'yicha cheklovlar AQSh uchun yangilik bo'lsa-da, xorijda bunday holatlar uchrab turadi.
Your browser doesn’t support HTML5
Yanvar oyida Kanada chet ellik investorlarga ikki yil davomida turar-joy sotib olishni taqiqlovchi yangi qonunni ijroga kiritdi. Qonunchilar fikricha, bu chora uy-joy narxlarini pasaytirish maqsadida qabul qilingan.
Joriy yil boshida Ispaniyaning Balear orollari hukumati, jumladan, Mayorka, Menorka va Ibiza, fuqaroligi bo'lmagan shaxslarga turar-joy sotib olishni taqiqladi. Bunga uylar narxining keskin oshib ketgani, mahalliy aholi sotib olishga qurbi yetmaydigan darajaga yetgani sabab bo’lgan.
Boshqa Yevropa davlatlari, shuningdek, Avstriya, Daniya, Italiya va Shveysariya ham turar-joy sotib olmoqchi bo'lgan chet elliklarga cheklovlar qo'yadi. Ba'zi joylarda bunday qonun o’nlab yillardan beri mavjud bo’lgan.