Breaking News

Yosh amerikaliklar o'z uyiga ega bo'lishi uzoq orzu


Illinoys shtatida sotuvdagi hovli, 21-sentabr, 2022
Illinoys shtatida sotuvdagi hovli, 21-sentabr, 2022

O'z uy-joyiga ega bo'lish Amerikada azaldan mehnat orqali erishilishi mumkin bo'lgan orzu hisoblangan.

Biroq oxirgi yillarda aksariyat amerikaliklar uchun bu yetib bo'lmas maqsadga aylangan.

2022-yilga kelib, ipoteka foizi ikki baravarga oshgan, hozirda 7 foiz atrofida.

"Bankrate" moliyaviy xizmatlar kompaniyasi o'tkazgan so'rov natijalariga ko'ra, 18-41 yosh orasidagi amerikaliklar uchun uy sotib olish eng uzoq orzudek ko'rinmoqda.

26-41 yoshdagilar AQShda ko'chmas mulk sotib olish salohiyati eng yuqori qatlam sanaladi.

“Bu guruh har doim uy xarid qilishga xohishi eng yuqori ekani bilan ajralib turgan”, - deydi Volter Kiy, Florida shtatidan ko'chmas mulk dalloli.

“Biroq hozir ijara bahosi ham ko'tarilgan, uy-joy narxi ham oshgan. Yoshlar bir tomondan pulini saqlay olmayapti, ikkinchi tomondan bozor shafqatsiz".

Bostonda yashaydigan 28 yoshlui Amber Korbett qanchalik urinmasin, orzu undan yanada yiroqlashayotganini aytadi.

“Ancha paytgacha ololmasam kerak”, - deydi Amber.

Universitetni olti yil olindi bitirgan bu amerikalik maoshidan nolimaydi, ammo u bilan yaqin orada ipotekaga qurbi yetmaydi.

“Boston qimmatlashganda qimmatlashgan. Ijaram ham osmonda. O'qish uchun olgan qarzimni to'lashim kerak", - deydi u.

San-Fransiskodan dallol Loren Hvong kuzatishicha, keksa uy egalari mulkini sotishga shoshmayapti va ko'pida bittadan ortiq uy bor.

Ayrim yoshlar do'stlari bilan birgalikda turarjoy xarid qilishni ham ma'qul ko'rmoqda. Boshqalar esa ota-onasi bilan yashab, pulini ayash harakatida.

Florida shtatida sotilayotgan uylar, 2-may, 2021
Florida shtatida sotilayotgan uylar, 2-may, 2021

“Bolalik uyimda turib, ancha mablag; yig'dim”, - deydi Kayl Kazenski.

26 yoshli mexanik Ohayo shtatining Kolumbus shahrida yashaydi.

“Kelasi ikki yilda kichkina joy sotib olaman degan umiddaman. Katta ipoteka kerakmas".

Ota-onalar bolalariga ipotekaning ilk to'lovida yordam berayapti. Oldinlari kattalar farzandlari buni o'zlari eplaganini ko'rar edi.

Bleyk Brennan 20 yoshida Virjiniya shtatida hech kimning yordamisiz kvartira olgan.

“Qimmat ijara to'lagandan ko'ra, ipoteka ma'qul”, - deyi Bleyk.

"16 yoshimdan pul to'pladim. Katta ishlar qilmadim, lekin topganimni chetga qo'ydim. Epladim".

Bleyk ilk marta uy xarid qiluvchilarga davlat beradigan yordamga ham tayandi.

“Bu borada ancha dasturlar bor, bilish kerak”, - deydi Geri Ils, Virjiniya shtatidan mutaxassis.

“Ipoteka olayotganingizda, uy uchun zarur mablag'ning 20 foizini berishim kerak deb o'ylashadi. Aslida bu shart emas".

Ko'plab amerikaliklar pandemiya paytida katta shaharlarni tark eta boshladi. Bu esa kichik shaharlardagi narxlarni ham oshirdi.
Ko'plab amerikaliklar pandemiya paytida katta shaharlarni tark eta boshladi. Bu esa kichik shaharlardagi narxlarni ham oshirdi.

Keysi Martin cho'ntagi ko'taradigan uy topishga ancha qiynaldi.

33 yoshli muallima qishloqda katta bo'lgan. Vashingtonda yaqinida yashab, oila boqish va o'z uyida yashash - hayotiy yutug'i.

“Har bir dollarimizni o'ylab ishlatdik va nihoyat, qurbimiz yetadigan uy topdik".

26 yoshli Krischen Chakon hovlida yashash uchun ko'p narsadan voz kechganini aytadi.

“Harbiy bazada ishlayman, lekin unga yaqin joydan bizga mos uy topa olmadik. Narxlar juda yuqori. Sotib ololgan uyimiz ancha uzoqda, yo'lda ko'p vaqtimiz ketadi, afsuski, lekin o'z uyimiz borligidan mamnunmiz", - deydi Krischen.

29 yoshli Nik Shervud Texasning Ostin shahrida qallig'i bilan uy qidiryapti. O'qish uchun olingan kreditni ham to'lay olishi kerak, ipotekani ham. Hukumatdan bu borada madad kutmoqda, chunki Bayden ma'muriyati imtiyozlar va'da qilgan.

“Ozgina bo'lsa ham moliyaviy yordam ololsak, orzumizga yetish sal bo'lsa ham osonlashar edi, umidvormiz”, - deydi Nik.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG