2020-yilda AQShda umr ko’rish davomiyligi 1,5 yilga kamaygan. Sog’liqni saqlash mutasaddilarining aytishicha, bu Ikkinchi jahon urushidan buyon bir yil ichida ro’y bergan eng katta pasayishdir. Qora tanlilar va ispanzabonlar orasida ushbu ko’rsatkich yanada qo’rqinchli – uch yil.
AQSh Kasalliklarni nazorat qilish markaziga ko’ra, aholi umri qisqarishi asosan COVID-19 pandemiyasi bilan bog’liq. O’tgan yili 3,3 milliondan oshiq amerikalik vafot etgan. Bu AQSh tarixidagi boshqa yillarga qaraganda ancha ko’p. 2020-yildagi o’limlarning taxminan 11 foizi koronavirusga to’g’ri keladi.
Xususan, afro-amerikaliklarning umr ko’rish davomiyligi bir yil ichida 1930-yillardagi Buyuk Depressiya davridan beri bu darajada pasaymagan edi.
Texas universitetida sotsiologiya bo’yicha professor Mark Xeyvord so’nggi raqamlarni dahshatli deya tasvirlaydi.
COVID dan tashqari boshqa omillar ham bor. Dori va narkotiklar suiiste’moli umr qisqarishiga olib kelgan, ayniqsa oq tanlilar orasida. Qora tanlilar uchun asosiy sabablardan biri esa qotilliklar, deydi hisobot muallifi Elizabet Arias.
Afro-amerikaliklar va ispanzabonlar yuzlashgan boshqa muammolar – sifatli tibbiy xizmatdan mahrumlik, gavjum yashash sharoiti hamda aholining bu kategoriyasi asosan kam haq to’lanadigan ishlar bilan bandligidir. Natijada pandemiya avjiga chiqqan paytda ham ular orasida ishga qatnaganlar ko’p bo’lgan, deydi ekspertlar.
Umr davomiyligi bu muayyan yilda tug’ilgan chaqaloqning o’rtacha necha yil yashashining taxminiy qiymatidir. Bu mamlakat salomatligining muhim statistik ko'rsatkichi bo’lib, unga semirish kabi barqaror tendensiyalar qatorida pandemiya va urushlar ham ta’sir qiladi.
Amerikada umr ko’rish davomiyligi o’nlab yillar o’sib kelayotgan edi, ammo bu tendensiya 2015-yilda to’xtagan. 2019-yilda bu ko’rsatkich 78,1 yoshni tashkil etgan, 2020-yilda esa 77,4 ga tushdi.
Hisobotdagi boshqa xulosalar:
— Ispanzabon amerikaliklar oq va qora tanlilardan ko’ra ko’proq hayot kechiradi, biroq 2020-yilda ularning umr ko'rish darajasi uch yilga qisqargan. Bu kuzatuv olib borilayotgan so’nggi 15 yildagi eng katta pasayishdir.
— Afro-amerikaliklarning umr ko'rish davomiyligi ham qariyb uch yilga kamayib, 71,1 yoshni tashkil etmoqda. Oq tanlilarniki esa 77,7 yosh.
— Koronavirusning ta’siri irq va millatga qarab har xil. Ispanzabonlar umri qisqarishining 90 foiziga, oqlarda 68 foiziga va qora tanlilarda 59 foiziga virus sababchi bo’lgan.
— AQShda erkaklarning umr ko’rish davomiyligi 74,6 yoshni (qariyb ikki yilga kam), ayollarda esa 80,2 yoshni (taxminan bir yilga kam) tashkil etmoqda.
AQSh Kasalliklarni nazorat qilish markaziga ko’ra, 2020-yilda koronavirusdan o’lim hollarining 80 foizi 65 yoshdan kattalar bo’lgan.
Emlanmagan amerikaliklar orasida virusning turli shtammlari tarqalishda davom etar ekan, 2021-yilda ham o’limlar davom etmoqda. Vaksina olmaganlar orasida yoshlar ko’p.
Facebook Forum