AQShda hozir ipoteka krediti stavkalari besh foizdan yuqori. Kovid davrida ko’chmas mulk ancha qimmatlashdi. Narxlar o’sishda davom etadi, lekin sekinroq sur’atda, deydi mutaxassislar.
Pandemiya davrida AQSh ko’chmas mulk bozorida savdo jadalladi. Bu jarayon to’xtagani yo’q.
Ko’chmas mulk oldi-sotdisi bilan shug’ullanuvchi “Zillow” kompaniyasiga ko’ra, uylar narxi ikki yil oldingi davr bilan qiyoslaganda 30 foizga oshgan. O’rtacha narx hozir 350 ming dollar. Uyi borlar sotishga shoshmayapti.
“Pandemiya avjiga chiqqan paytda virusni yuqtirib olishdan qo’rqib, uyini sotmoqchi bo’lganlar ko’p emas edi. Natijada sotilajak uylar ham kamayib ketdi. Lekin yosh oilalar tomonidan talab kuchaydi, ayniqsa uydan turib ishlaganlar orasida. Kim oshdi savdosiga o’xshagan raqobat shundan kelib chiqdi”, - deydi rieltor Jeyn Feyrvezer.
Uy egalari esa xonadonlari yangi talablarga javob berishini istaydi.
“Pandemiya davrida ikki narsani rosa so’rashdi. Birinchisi, uyning ochiq havodagi maydoni kattaroq bo’lsin. Ikkinchisi, ofisga aylantiradigan xonalar bo’lsin”, - deydi dizayn kompaniyasi vitse-prezidenti Vilma Bauers.
Qurilayotgan yangi uylar yetarli emas. Ofis ijarasiga talab past. So’nggi payt ko’plab oilalar birgalikda yashaydigan turar-joy binolarining bozori chaqqon.
Iyun holatiga ko’ra, deya bildiradi ko’chma mulk bilan shug’ullanuvchi “Kastle Systems” kompaniyasi, AQShda ishchilarning atigi 44 foizi ofisga qaytgan.
“Ofislar barpo etish bilan shug’ullangan kompaniyalar ko’p qavatli kvartiralar qurishga o’tib ketdi, chunki talab kuchli”, - deydi “Donohoe Development” kompaniyasi vitse-prezidenti Jed Donoho.
Qurilish kompaniyalari xaridor bugun nima istashini biladi. Ofisga molashtirsa bo’ladigan xonalar. Tor joylarda, masalan liftlar ichida boshqalarga yaqin turmaslikni ta’minlovchi texnologiyalar. Balkonlar va o’yin maydonlariga kattaroq joy ajratilmoqda.
Virjiniyada asoslangan “Highland Square Holdings” shirkati yaqinda ikkita shunday turar-joy binosini qurib topshirdi.
“Barcha kvartiralarimizdan qonuniy ravishda ham yashash joyi, ham ishlash joyi sifatida foydalanish mumkin”, - deydi shirkat rahbari Robert Seldin.
Ba’zilar fikricha, ishchilar baribir qayta ta’mirlangan ofislarga qaytadi.
“Ofislarda ishchilar tamaddi qilib olishi uchun imkoniyatlar kengroq bo’ladi, dam olish xonalari kattaroq. Hatto itlarini olib kelishsa bo’ladi. Shuningdek, ofislar qoshida sportzallar qurayapmiz”, - deydi “Boka Powell” dizayn firmasi direjtori Endryu Bennet.
Hamma narsa talabga qarab moslashadi, deydi ekspertlar. Ko’pgina mehmonxonalar va ofislar ham turar-joy binosiga aylantirilmoqda.
Facebook Forum