Pekinda Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy kengashi targ’ibot bo’limi rahbari Li Shuley yaqinda Markaziy Osiyo parlament delegatsiyasi vakillari bilan uchrashdi.
Uchrashuvda Xitoy va Markaziy Osiyo siyosiy partiyalari hamkorligi muhokama qilingan. Davlat matbuotining xabar berishicha, Markaziy Osiyo delegatsiyasi Xitoy bilan siyosiy partiyalar va davlat boshqaruvi bo’yicha tajriba almashishga tayyorligini izhor qilgan.
Kompartiya vakili Li Shuley Markaziy Osiyo - Xitoy umumiy kelajagini shakllantirish uchun partiyalararo hamkorlik muhimligini bildirgan. Bir partiyavliklik tizimiga ega, yagona Kommunistik partiya hukmronligi ostida bo’lgan Xitoydan aynan qanday boshqaruv saboqlarini o’rganish rejalangani ma’lum emas.
Pekindagi uchrashuv Markaziy Osiyo va Xitoy o’rtasida izchillashgan navbatdagi tadbirlardan biri bo’lib, o’zaro hamkorlikka doir bunday tadbirlar so’ngi paytda muntazam tus olgan.
Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan, O’zbekiston ham Xitoy bilan tajriba almashish, aniqrog’i xitoycha rivojlanish modelini tatbiq etishga jiddiy qiziqmoqda.
Buni ham ko'ring Jahon bo'ylab demokratik me'yorlar pasaygan, Markaziy Osiyo yanayam orqadaO’zbekiston bungacha ham kambag’allikni qisqartirish bo’yicha Xitoy modelini mamlakatda qo’llashga qaror qilgan edi.
Yaqindan kommunistik Xitoy bilan hamkorlik tajribasi ta’lim, xususan axborot texnologiyalari sohasiga ham ko‘chishi kutilyapti.
Xitoyda safarda bo’lib qaytgan mulozim, Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov tomonidan ijtimoiy tarmoqda e’lon qilingan Xitoy taassurotlari shundan darak beradi.
Vazir Xitoyning raqamli texnologiyalari bo’yicha rivojlanishini o’ta ilg’or hisoblaydi, G’arbning bu boradagi yetakchiligini shubha ostida olar ekan, O’zbekiston uchun G’arb qadriyatlarini so’zsiz qabul qilish rivojlanishning yagona yo’li emas degan xulosaga keladi.
Shermatovning bu chiqishi jamoatchilikda jiddiy munozaralar uyg’otdi. Xususan, vazirning qadriyatlar, so’z erkinligidan voz kechib ham taraqqiyotga, rivojlanishga erishish mumkinligi haqidagi xulosalari.
Your browser doesn’t support HTML5
Taraqqiyparvar kadrlardan biri sifatida taqdim etib kelingan Shermatovning Xitoy boshqaruvini o’rnak qilib ko’rsatishi nafaqat o’zbek faollari, shuningdek AQShning O’zbekistondagi elchisi e’tiroziga ham sabab bo’ldi.
Elchi Jonatan Henik mahalliy matbuotdagi intervyusida rivojlanishning turli yo’llari mavjudligi, O’zbekiston o’zi istagan yo’ldan borishi mumkinligi, ammo vazir o’rnak keltirishda adashganini qayd etdi.
Xitoyning Markaziy Osiyoga ta’sir doirasi shiddatli oshayotgani may oyida Sianda o’tgan Markaziy Osiyo-Xitoy sammitidan so’ng ochiq e’tirof qilina boshlandi.
Bu sammit Markaziy Osiyo ustidan geosiyosiy ustunlik Rossiyadan Xitoyga o’tganiga doir xulosalar bilan ham kuzatilgan edi.
Mintaqa va Xitoy aloqalari tarixidan ilk bor o’tkazilgan bu sammit dunyoda jiddiy geosiyosiy siljishlar kuzatilayotgan bir manzarada o’tkazildi.
Ukrainadagi urush tufayli keskin sanksiyalar ostiga olingan Rossiya qudrati, xususan, Markaziy Osiyoda tobora zaiflashib borayotgani aytiladi.
Ammo Xitoyning Markaziy Osiyodagi ustunligi Moskva bilan raqobat borayotganini anglatadi, deyish qiyin.
Xitoy rahbari Si Zinpin Markaziy Osiyo rahbarlarini sammitga yig’ishi ortidan Rossiyaga safar qildi; Putin bilan muzokaralarda Markaziy Osiyoda rangli inqiloblarga yo’l qo’yilmasligiga oid qo’shma bayonot qilindi.
Markaziy Osiyo-Xitoy sammiti ham, Xitoy bilan avvalgi munosabatlardan farqli, uchinchi kuchlarga qaratilgan ogohlantirishlar; mudofaa, harbiy hamkorlik, xavfsizlik va mustaqillik kafolatlari haqidagi siyosiy bayonotlar bilan kuzatildi.
Buni ham ko'ring Xitoy va Markaziy Osiyo rahbarlari yuzma-yuz sammitda“Amerika Ovozi” suhbatlashgan ekspertlar sammit ortidan imzolangan Sian deklaratsiyasini Xitoyning geosiyosiy ambitsiyalari ochiq namoyish qilingan hujjat sifatida baholamoqda.
Siyosatshunos Farhod Tolipovning aytishicha, mintaqa davlatlarida deklaratsiya matnida tuzatishlar qilishga jur’at topilmagani xavotirli ishora:
“Siandagi sammit ortidan imzolangan bayonotda go’yoki butun dunyoga Markaziy Osiyoning ichki ishiga aralashmang degan chaqiriq mavjuddek. Vaholanki, bunday bayonotning o’zi mintaqaning ichki ishiga aralashishdir. Nega bu hujjatni imzolagan Markaziy Osiyo davlatlari bu bandni olib tashlashga jur’at qilishmadi? Qanchalik ular mustaqil, dadil, bu ochiq savol. Bu kabi holatlar, albatta, Xitoy qudrati oshib borayotganiga doir xavotirlarni oshiradi. Shunday bo’lgan taqdirda mintaqa davlatlari nima qilishadi, qanday choralar ko’rishadi? Chunki bunday deklaratsiyalarni imzolash to’satdan, kutilmaganda kechmaydi, avvaldan muvofiqlashtiriladi”, - deydi Farhod Tolipov.