Iqlimshunoslarning ta'kidlashicha, o’tgan bir necha hafta so'nggi 100 ming yil ichida dunyodagi eng issiq davr bo'lgan. Dunyoning ba'zi qismlari hozir suv ostida, boshqalari esa keskin jaziramani boshdan kechirmoqda. Issiq ob-havo sohil bo’yidagi sayyohlik maskanlariga ham jiddiy tahdid solmoqda.
Ispaniyaning La-Plama orolidagi kuchli yong'in o'rmonlar va uylarning kulini ko’kka sovurdi. Rasmiylarning aytishicha, Yevropa issiqlik to‘lqini bilan kurashar ekan, to‘rt mingdan ortiq odam evakuatsiya qilingan.
“Tabiat” jurnalida e'lon qilingan so'nggi hisob-kitobga ko'ra, o'tgan yilning yozida qit'ada 61 ming kishi issiqdan halok bo'lgani taxmin qilinmoqda.
Hindiston poytaxtida esa rekord darajadagi yog‘ingarchilik yo‘llarni suv ostida qoldirdi. Nyu-Dehli odatdagi yomg’ir mavsumini boshdan kechirmoqda. Ammo bu safar yog’in odatdagidan 10 baravar ko’proq bo’lgan.
Buni ham ko'ring Okean suvlarining isishi marjon qoyalariga xavf solmoqdaAQSh shimoli-sharqida ham kuchli jala yo'llarni yuvib yubordi; odamlar majburiy evakuatsiya qilindi; samolyot reyslari bekor qilindi. Nyu-York va Konnektikut shtatlarida kuchli bo’ron yuz berdi. Ba'zi hududlarda yog'ingarchilik miqdori 10 santimetrdan oshdi.
Florida sohillari ham keskin ob-havodan jiddiy zarar ko’rmoqda. Olimlarga ko’ra, haddan tashqari yuqori harorat marjon qoyalari va butun dengiz ekotizimiga tahdid solmoqda.
“Quruqlikdagi harorat haddan tashqari yuqori bo‘lishidan tashqari, bizda dengiz harorati ham juda yuqori. Mayami yaqinidagi ba'zi kuzatuv joylarida marjonlarning erta oqarishiga guvoh bo’lyapmiz. Ular oqarib, o'zlarining marjonlarini yo'qotishni boshlaydi va oxir-oqibat ular nobud bo’lishi mumkin”, - deydi Mayami universiteti tadqiqotchisi Maykl Stadivan.
Milliy Okean va Atmosfera boshqarmasi marjonning oqarishini suv haroratidagi o'zgarish kabi tashqi ta’sir omillari bilan bog’laydi. 2005-yilda AQSh shunday hodisa oqibatida Karib dengizidagi marjon qoyalarining yarmini yo'qotgan. Ammo riflarni tiklash bo'yicha loyiha ustida ishlayotgan olimlarning ta'kidlashicha, ulkan sayohat kemalari saf tortgan terminal yaqinida umid alomatlari ko’zga tashlanmoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
“Biz hozir port ichidamiz. Bu yerda suv, odatda, juda loyqa va iliq. Marjon riflari uchun qulay muhit emas. Ammo bu qirg'oq bo'ylab marjonlar o’rnashganini va gullab-yashnayotganini ko’ryapmiz. Ular men butun Mayamida ko'rgan eng sog'lom marjonlardir. Ular nihoyatda katta va ko’rinishidan sog'lom”, - deydi Stadivan.
Olimlarning aytishicha, sog'lom marjonlarni ko'paytirish va ko'chirib o'tkazishning ushbu yangi usuli ularni okeanga qaytarish uchun kalit bo'lishi mumkin. Mutaxassislarga ko’ra, marjon riflari millionlab dengiz jonzotlariga boshpana vazifasini o’taydi va sog'lom dengiz ozuqalarini ko’paytirib, qirg'oqlarni himoya qiladi. Ular, shuningdek, mahalliy iqtisodiyotni qo'llab-quvvatlovchi va sayyohlarni o’ziga jalb qiluvchi diqqatga sazovor joy.