Ukraina dehqonlari g'alla eksporti muammosiga yechim izlamoqda

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Rossiya Ukrainaga bostirib kirishi ortidan Yevropa Ittifoqi Ukraina agrobiznesiga yordam berish uchun Ukraina g’allasining erkin savdosiga ruxsat berdi. Ammo Yevropa Ittifoqiga a'zo Polsha, Bolgariya, Vengriya, Ruminiya va Slovakiya mahalliy fermerlarni himoya qilish uchun Ukraina g'allasi va boshqa qishloq xo'jaligi mahsulotlarining o'z hududida sotilishini cheklashga qaror qildi. Bu esa g'allaning jahon bozorlariga chiqishiga tahdid solayotgan to'siqlarni keltirib chiqardi.

Polshalik fermer Lukash Pergol hosilni yig’ishtirishga kirishgan. U Yevropa Ittifoqi Polsha va ittifoqning yana to’rt a´zosiga o’z fermerlarini qo’llash uchun ukrain g’allasi, kungaboqari va makkajo’xorisi importini taqiqlashga ruxsat berishi ortidan yuz bergan qiyinchiliklar davrida ishlamoqda.

Yevropa Ittifoqining besh davlati qishloq xo’jaligi vazirlari Yevropa Komissiyasidan 15-sentabrgacha amalda bo´lgan taqiqni yana uzaytirishni so’ramoqda; ammo ular Ukraina qishloq xo’jaligi mahsulotlarining o`z mamlakatlari orqali dunyo bozoriga chiqishiga qarshi emas.

Buni ham ko'ring Ukraina g'alla eksporti uchun yangi yo'nalishlar qidirmoqda

“Agar Ukraina g’allasi biz orqali faqatgina tranzit qilinsa, bu muammo emas. Ammo ko’plab olib sotarlar urush davri tahlikasi va Polsha hukumati zaifligidan foydalanib, bu mahsulotni sotib olishdi va ichki bozorga chiqarishdi, zavodlarga tarqatishdi”, - deydi fermer.

O’g’itga, energiyaga bo’lgan narxlarning ko’tarilishi polshalik fermerlarga ancha salbiy ta’sir qildi, ukrain mahsulotlari bilan raqobatga kirishishni qiyinlashtirdi.

Rossiya Ukraina portlarini hujumga tutishi, Qora dengiz yo’llarini to’sib qo’yishi ukrain fermerlari ishiga, shuningdek, global oziq-ovqat ta’minoti uchun ham jiddiy xavf tug’diradi.

Ukraina agrar biznesi uyushmasi “Kiyev agrar biznes klubi” rahbari Roman Slastonning aytishicha, Polsha va boshqa davlatlar orqali muqobil yo’llar topish ukrain g’allasini yetkazishning asosiy sharti. Taqiqqacha Ukraina har oy million tonna atrofida g’alla jo’natishi mumkin edi, ammo taqiq buni o’zgartirdi.

“Tranzit hajmi aprelgacha, taqiqqacha bo’lgan darajaga chiqmadi. Oyiga ikki, ba´zan uch barobargacha kamayish bor”, - deydi u.

Polsha tadbirkorlari va ish beruvchilari uyushmasi vitse-prezidenti Marin Novatskiy tranzit masalasida ukrain g’allasi ichki bozorga chiqib ketishining oldini oluvchi yangi tartib joriy etish lozimligini aytadi.

Buni ham ko'ring Ukraina yana Qrim ko'prigiga zarba berdi. Rossiya esa Ukraina bilan g'alla kelishuvidan chiqdi

“Biz Gdansk portlari yaqinida g’alla omborlari qurishimiz kerak. Bu bugun qilinishi lozim. Agar biz muammoni hal qilmoqchi, tranzit hajmini oshirmoqchi bo’lsak, bizga g’allani saqlash uchun maxsus omborlar kerak bo’ladi”, - deydi u.

Slastonning ta´kidlashicha, Ukraina o’tgan yili 68 million tonna g’alla eksport qilgan, bu taxminan 400 million odamning bir yillik ehtiyojini qoplaydi. Uning fikricha, bu yilgi eksport keskin kamayishi mumkin.

“Biz o’z g’allamizni yetkazayotgan 400 million odamning bu yil faqat 200 millionini oziq-ovqat bilan ta´minlashimiz mumkin bo’ladi. Qolganlari uchun kim oziq-ovqat ishlab chiqaradi? ”, - deydi u.

Ukrainalik ishlab chiqaruvchilarning ogohlantirishicha, agar yaqin vaqtlarda ukrain g’allasi eksporti muammosi yechilmasa, global oziq-ovqat ta’minoti xavf ostida qoladi.