Putin Markaziy Osiyoda nimalarni ko'zlamoqda?

Rossiya va Qirg'iziston rahbarlari Bishkekda, 12-oktabr, 2023.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Markaziy Osiyoda, Qirg’izistonda prezident Sadir Japarov bilan ikki tomonlama hamkorlikka doir muzokaralar o’tkazdi. Ammo Prezident Putin mintaqaga safari davomida faqat ikki tomonlama muzokaralar bilan cheklanmaydi. MDH sammiti ham Qirg’izistonda o’tadi. Bu tashkilotga a’zo davlatlar prezidentlari 13-oktabr kuni Bishkekda to’planadi.

Vladimir Putining 12-oktabr sanasidagi safari Markaziy Osiyoda Rossiya siyosati eng kuchli qo’llovga ega Qirg’iziston bilan ikki tomonlama hamkorlik muhokamasiga bag’ishlangan.

Your browser doesn’t support HTML5

Rossiya Qirg’iziston uchun asosiy xaloskormi?

Bu tashrifni kuzatayotgan sharhlovchilar Putinning Qirg’izistonga tashrifi, qo’shni Qozog’istonda kuzatilganidan farqli, rasmiy doirada, jamoatchilikda ham katta ishtiyoq bilan qarshilanayotganini e´tirof qilmoqda.

Markaziy Osiyo bo’yicha qirg’izistonlik ekspert Alisher Hamidovning aytishicha, Markaziy Osiyoda Rossiya-Qirg`iziston aloqalari o’zaro iliqlik bilan ajralib turadi.

Bishkekda Vladimir Putin va Sadir Japarov o’rtasida o’tgan muzokaralar, bu uchrashuvda liderlar, jumladan, Japarov tomonidan yangragan bayonotlar eskpert Alisher Hamidovning fikrlarini tasdiqlaydi. Qirg’iziston Rossiyaga o’z xavfsizligini kafolatlovchi asosiy kuch sifatida qarayotganini ko’rsatadi.

Agar so’nggi paytda Markaziy Osiyo davlatlari o´rtasida hamkorlik jadal rivojlanayotgani, prezident Shavkat Mirziyoyev ta’biri bilan aytganda, mintaqa jipslashgan kuchga aylanayotgani inobatga olinsa, xavotirlarga o’rin yo’qdek.

Ammo eskpertlar nazarida, Qirg’iziston Rossiyani avvalo kuchayib borayotgan qo‘shnilari, O`zbekiston va Qozog’iston bosimidan himoya kuchi sifatida ko´radi.

Putinning Qirg’izistonga tashrifi Markaziy Osiyoga nisbatan geosiyosiy qiziqishlar kuchaygan bir manzarada kuzatilmoqda.

Avvalroq Markaziy Osiyo liderlari AQShda, so’ng Germaniyada G’arb va mintaqa o´rtasidagi hamkorlikni muhokama qildi. G’arb va mintaqa yetakchilari ishtirokidagi bu muloqotlar bir tomondan Rossiya boshqa tomondan Xitoy bilan o´ralgan Markaziy Osiyoga rivojlanishning muqobil yo’nalishlarini taklif etmoqda.

Tashqi siyosatda asosan Moskvaga tayanib qolgan Markaziy Osiyo liderlari so’nggi geosiyosiy jarayonlardan qanday xulosa chiqarishi hozircha mavhum, ekspertlar Putinning Qirg’izistonga safari G´arb bilan aloqalarni rivojlantirishga chog’lanayotgan Markaziy Osiyoga ishora ekanligini ham ta’kidlaydi.

O´zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham 13-oktabr kuni Bishkekda o’tadigan sammitda qatnashishi kutilmoqda.