Isroil-XAMAS: MDH qon to'kilishiga qarshi

  • Amerika Ovozi

Mustaqil Davlatlar Hamdo'stligiga 9 davlat a'zo. Ularning rahbarlari 13-oktabr kuni Bishkekda gaplashib oldi.

Mustaqil Davlatlar Hamdo'stligiga a'zo davlatlarning rahbarlari bugun Bishkekda muloqot qilar ekan, ularning tashqi ishlar vazirlari qo'shma bayonot chiqarib, Yaqin Sharqdagi qonli keskinlikni to'xtatishga undadi.

Sammitda xavfsizlik, savdo, energetika, madaniy-ilmiy rishtalar, innovatsion hamkorlik va boshqa masalalar muhokama qilingan.

Prezident Vladimir Putin, jurnalistlar bilan anjumanda, Rossiya Ukraina bilan urushga borishga majbur bo'ldi, deya 2022-yilning fevralida boshlagan bosqinini oqlashga uringan.

Putin G'arbni bu urush ortida turgan yovuz kuch deya tasvirlagan va xususan AQSh hukumatini Yaqin Sharqdagi taraglikda ham ayblagan.

Buni ham ko'ring AQSh Ukrainaga 200 million dollarlik qo'shimcha harbiy yordam beradi

Bishkekka kelgan boshqa rahbarlar matbuot bilan savol-javob qilmagan, ammo bosh diplomatlar chiqargan bayonotda jumladan shunday deyiladi:

"Biz ekstremizm, terrorizm, odamlarni garovga olish va fuqarolarga nisbatan har qanday zo'ravonlikni , shuningdek, harbiy amaliyotlarda yoppasiga kuch ishlatishni ham qat'iyan qoralaymiz".

Mustaqil Davlatlar Hamdo'stligi G'azo sektorida gumanitar vaziyat og'irlashib borayotgaidan tashvishda va urushayotgan tomonlarni xalqaro qonunlarga bosh egishga chaqirmoqda.

Insonparvarlik yordami, oziq-ovqat, yonilg'i va dori-darmon yo'llari yopilmasin, deyiladi bayonotda.

Mustaqil Davlatlar Hamdo'stligi, to'qqiz davlat ishtirokidagi blok, nazarida Isroil va XAMASni sulh imzolashi kerak.

BMT va arab tashkilotlari yetakchiligida diplomatik harakatlar olib borilishi va mojaroga tinch yo'l bilan nuqta qo'yilishi zarur, deyiladi 13-oktabr kuni Bishkekda e'lon qilingan chaqiriqda.

Buni ham ko'ring Isroil G'azo aholisini shaharni tark etishga chaqirmoqda