O'zbekiston, Xitoy savdo aylanmasi bu yil 10 milliard dollarga yetadi

  • Amerika Ovozi

O'zbekiston-Xitoy muzokaralari, Pekin, 17-oktabr, 2023

Bugun Pekinda O‘zbekiston va Xitoy rahbarlari muzokara olib bordi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev u yerda Xitoyning global loyihasi - "Bir kamar, bir yo'l" tashabbusining 10 yilligini qutlash uchun borgan, shuningdek, rishtalarni yangi bosqichga olib chiqish uchun.

Tomonlarga ko'ra, sheriklik ko'p qirrali.

Prezident Mirziyoyev va Xitoy raisi Si Zinpin ta'kidlashicha, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik jadal.

Toshkentga ko'ra, "keyingi yillarda Xitoy investitsiyalari hajmi besh barobar, qo‘shma korxonalar soni uch barobar ko‘paydi. Joriy yil boshidan buyon o‘zaro savdo hajmi 36 foizga oshdi. Yil yakunigacha ushbu ko‘rsatkich 10 milliard dollardan oshishi kutilmoqda".

O'zbekiston va Xitoy tovar ayirboshlashni yaqin besh yilda 20 milliard dollarga yetkazishni niyat qilgan.

Xitoy kompaniyalari va moliyaviy institutlari O'zbekistonda texnologiya, muqobil energetika, kimyo, mashinasozlik, metallurgiya, elektrotexnika, infratuzilma va boshqa yo‘nalishlarda yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirmoqda.

Toshkentda Xitoyning Sinxua universiteti va Pekin universiteti filiallarini ochish muhokamada.