AQShda 1974-yilda qabul qilingan qonun o'sha paytdagi g'anim davlat Sovet ittifoqi va uning ta'siri ortidagi yopiq iqtisodiy tizimlar bilan savdo aloqalarini cheklagan. Inson huquqlari himoyasi, yahudiylar bemalol emigratsiya qilishi va umuman, erkin harakatni targ'ib qilish uchun ko'rilgan bu federal choraga binoan dunyoning bu qismi bilan tijoratga qator to'siqlar qo'yilgan.
Hujjat o'sha davrning ilg'or qonunchilari, Vashington shtatidan demokrat senator Genri Jekson va Ogayo shtatidan kongressmen Charlz Vanik nomini olgan, chunki ular asosiy mualliflar bo'lgan.
Deyarli 50 yil oldin kuchga kirgan qonunni bekor qilish kerak, aynan Markaziy Osiyo davlatlariga nisbatan, deya undamoqda Vashingtonda qator qonunchilar va ekspertlar.
AQSh Kongressida, xususan Vakillar palatasida O'zbekiston va Qozog'istonni qo'llovchi doiralar bunday takliflarni anchadan beri olg'a surib kelmoqda. Bu respublikalarning elchixonalari muayyan qonunchilar bilan rishtalarni mahkamlab, ular orqali Toshkent va Ostona manfaatlarini tushuntirmoqda.
"Bu aslida AQSh bilan o'zaro manfaatdir", - deydi demokrat kongressmen Jimmi Panetta, 18-oktabr kuni Vashingtonda o'tgan davra suhbatida.
"Qozog'iston - har tomonlama g'ayratli, strategik jihatdan ahamiyatli, geografik qulay, iqtisodini oyoqqa turg'azib olgan davlat".
Buni ham ko'ring C5+1: AQShdan konkret qadamlar kutilmoqdaPanetta, Amerika aql markazlari anchadan beri o'rganib kelayotgan "Yevrosiyo o'rta koridori", Qozog'iston, Ozarbayjon va Gruziya orqali sharqdan g'arb tomon ta'minot yo'lini rag'batlantirishga undamoqda.
"Qozog'istonda harakat cheklanmagan. Jekson Vanik qonuniga endi hojat yo'q. O'tmishdan qolgan keraksiz choralar tufayli biz bu davlat bilan savdoni hamon normal shaklda olib borolmayapsiz", - deydi kongressmen Panetta.
Qozog'iston 2015-yildan beri Jahon savdo tashkilotining a'zosi. Yillik yalpi milliy daromadi 230 milliard dollardan oshib, respublika Markaziy Osiyoning eng yirik iqtisodiy sistemasidir.
Panetta deydiki, agar Amerika Markaziy Osiyoda va butun Yevrosiyoda savdo va taraqqiyotda yordamlashmoqchi bo'lsa, biznes aloqalarni kuchaytirishni xohlasa, Rossiya va Xitoy ta'siriga nisbatan o'z javobini berib unikal sherik bo'lishni istasa, Jekson Vanik bekor qilinishi va amaldagi strategiya yangilanishi lozim.
Vashingtondagi "New Lines Insitutute" deb nomlangan tahlil markazi o'tkazgan anjumanda Qozog'iston Yevrosiyoning tijoriy yuragi deya tasvirlandi. Respublika nefti G'arb tomon har doimgidan ham ko'proq miqdorda ketayotgani alohida e'tirof etildi.
Qozoq qora oltinining asosiy xaridori hamon Xitoy - oyiga 80 ming tonna sotib oladi. Joriy yilning birinchi choragida Kaspiy dengizi va Ozarbayjon orqali 163 ming tonnadan oshiq, xususan Boku-Tbilisi-Seyhan quvurida 104 ming tonna neft eksport qilingan. Bu bir yil oldingi ko'rsatkichlardan deyarli olti marotaba ko'proq.
Yig'inda so'zlagan Erik Hontz - Xalqaro xususiy tadbirkorlik markazi yetakchi eksperti. Hontz sarmoya qilishda mas'uliyat va hisobdorlikni targ'ib qiladi.
Tadqiqotchi nazarida ham Qozog'iston, qolaversa O'zbekiston endilikda normal savdo qilsa bo'ladigan tomonlar. Sovet davridan qolgan qonun imkoniyatlar yo'lini to'sadi, deydi u.
Buni ham ko'ring AQShdagi vatandoshlar nimaga qodir?"Xususiylashtirishni davom ettirib, yangi infrastruktura, transport yo'llari yaratish kerak. Mintaqaviy integratsiya ildamlashishi, tijorat raqamli tizimlarga o'taverishi lozim. G'arb, xususan AQSh Markaziy Osiyoga bu borada ko'maklashsa, faqat foyda ko'radi, chunki uning bizneslarining ishi ham osonlashadi", - deydi Hontz.
"Qozog'iston - mintaqada eng chiniqqan, eng rivojlangan biznes muhit", - deya baholaydi ekspert.
AQSh-Turkiya Biznes kengashi direktori Jennifer Mil ham hozirda Qozog'istonni Vashingtonda yaqindan quvvatlayotganlardan.
"Bu respublika allaqachon strategik sherik. Bir necha o'n yillik hamkorlik tajribasiga ega. Sinalgan tomon", - deydi Mil.
Uning fikricha texnologiya va qishloq xo'jaligida imkoniyatlar keng. Bayden ma'muriyati savdoga e'tiborni oshirar ekan, Markaziy Osiyoga nisbatan ayniqsa Jekson Vanik qonuni o'rinsizdir, deydi Mil.
Qirg'iziston bu q0nun amal qilinadigan davlatlar qatoridan 20 yilcha oldin chiqarilgan. O'zbekiston, Qozog'iston, Tojikiston va Turkmaniston esa hamon ayrim bandlar bo'yicha cheklovlar ostida. Mutaxassislar amalda bu hujjat rishtalarga bevosita ta'sir qilmayotganini va tijoriy aloqalarda omil emasligini ta'kidlaydi. Rasmiylar esa, har ikki tomonda, Jekson Vanik - timsoliy to'siq, deya qayd etadi.
Buni ham ko'ring Toshkent-Nyu-York: AQSh-Markaziy Osiyo prezidentlari sammiti tahliliShu yilning sentabrida demokrat senator Kris Merfi va respublikachi senator Todd Yang Jekson Vanik Qozog'iston, O'zbekiston va Tojikiston bilan bekor qilinsin, deya qonun loyihasi tanishtirgan.
May oyida Vakillar palatasida kongressmen Panetta va uning demokrat va respublikachi safdoshlari - Robert Aderholt, Dina Titus, Darin Lahud va Emi Bera aynan Qozog'iston uchun shunday tashabbus bilan chiqqan. Panetta va Aderholt birga Qozog'iston kokusini boshqaradi.
Bir yil oldin, 2022-yilning noyabrida demokrat kongressmen Tomas Suozzi ham O'zbekiston, Qozog'iston va Tojikiston manfaatlari uchun shunday harakatga chaqirib, qonun loyihasini uzatgan edi.
O'zbekistonning Kongressdagi do'stlari ham Toshkentga borganida va Vashingtondagi yig'inlarda shunday qadamlarga undab, jiddiy harakat ketayotganini da'vo qiladi. Ammo yillardan beri muhokamada bo'lsa-da, takliflar oldinga siljimagan.