Ukrainlarning Rossiya ustidan g’alaba qozonish umidi susaymoqdami?

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

610 kundan buyon davom etayotgan Ukraina urushi mamlakat aholisi va hukumatini jiddiy sinovdan o´tkazmoqda.

Ukrainlarning bu sinovga matonat bilan dosh berishiga kuch berayotgan asosy omil bu g’alabaga, qurolli kuchlarga va hukumatga bo`lgan ishonch.

Ta’kidlash kerak, g’alaba deganda ukrainlar mamlakatga bostirib kirgan Rossiya armiyasini tor-mor qilishni emas, Ukrainaning ishg’oldagi hududlarini ozod qilishni, 1991-yilgacha bo`lgan chegaralarga qaytishni, jumladan, Qrimning ham ozod qilinishini tushunishadi.

Ishg’oldan so’ng mutlaq ko’pchilik ukrainlar muzokaralarga o’rin qoldirmasdan, g’alabagacha urishishni yoqlab chiqdi. Urushdan bir yarim yil o’tib ham ko’pchilik shunday fikrda, ammo Rossiya bilan tinchlik muzokaralariga borish kerak degan fikrlar ham ko’paya boshlagan.

Ijtimoiy so’rov bilan shug’ullanuvchi nufuzli Gallup tashkilotining Ukraina bo’yicha o’tkazgan yaqindagi tadqiqotlari shundan darak beradi.

Buni ham ko'ring Kongress Ukrainaga so'ralgan yordamni beradimi?

Tadqiqot xulosalariga ko’ra, urush g´alabagacha davom etishi kerak degan qarordagi ko´pchilik qisqara boshlagan, o´tgan yil 70 foiz ukrainlar shunday ishonch bildirgan bo’lsa, bu yil ularning soni 60 foizga tushgan.

Gallup vakilining “Amerika Ovozi”ga ta’kidlashicha, Kiyev Moskva bilan muzokaralarga borib, urushni to’xtatishiga umid qilayotganlar Ukrainaning urushdan ko’p talafot ko’rgan janubiy va sharqiy viloyatlarida ko’pchilik.

So’rovda ishtirok etgan har ikki ukrainalikdan biri boshpana va oziq-ovqat muammoligini aytgan.

Ekspertlar nazarida urushning cho’zilishidan Rossiya kutayotgan maqsad ham shu - ukrain jamiyatida tushkunlikning kuchayishiga erishishdir.

Bu yilgi qish Rossiya kutayotgan bu natijani yanada yaqqolroq qilishi mumkin.

Ukraina infratuzilmasi, energetik obyektlari bo’ylab hujumlar yana kuchayishi, ukrainlar qahraton qishda chiroqsiz, issiqliksiz qolishi xavfi katta.

Prezident Zelenskiy va qurolli kuchlarga ishonch mustahkam

Urushdan charchoq kuzatilayotganiga qaramasdan, Prezident Vladimir Zelenskiy va qurolli kuchlarga bo’lgan ishonch susaymagan.

Gallup tadqiqotiga ko’ra, 95 foiz ukrainlar qurolli kuchlarga ishonadi, Zelenskiyga nisbatan ishonch bir qadar susayganiga qaramasdan, hamon yuqori darajada, 81 foiz.

Your browser doesn’t support HTML5

Ukraina energetik tizimi qishga tayyormi?

Bu ko’rsatkich yuqori darajada qolayotganiga qaramasdan, ayrim ekspertlar xususan Prezident Zelenskiyga nisbatan ishonchda pasayish qayd qilinishini xavotirli ishora sifatida ham baholashadi.

Bu pasayish Ukrainaning qarshi hujumi kutilgan natijalarni bermagani bilan bog’liq deyish mumkin, ammo boshqa tomondan prezidentlar, siyosatchilar reytingidagi pasayish va ko’tarilishlar tabiiy jarayon.

Ittifoqchilar va Ukraina

Ukraina uchun urush taqdiri ittifoqchilar qo’lloviga bog’liq, diplomatik muvaffaqiyatlar Zelenskiy faoliyatini baholashda ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Ukrainaga harbiy ko’mak berayotgan ikki asosiy davlat AQSh va Germaniya. Gallup ma’lumotlariga ko’ra, 53 foiz ukrainlar AQSh va Germaniya hukumatlaridan minnatdor. Bu ko’rsatkich so’nggi paytda Germaniya hisobiga o’zgarmoqda.

Bu AQShda Ukrainaga yordam masalasida kechayotgan bahs-munozaralarga, AQShning harbiy, moliyaviy yordamiga ko’z tikkan Ukraina Rossiyaga qarshi jon jahdi bilan urishayotganiga qaramasdan, kutilgan natijalar erishilmagani bilan ham bog’liq ko’riladi.

AQShda Ukrainaga yordam masalasida partiyalar o’rtasidagi munozaralar davom etar ekan, Germaniya Ukrainaga navbatdagi yordam paketini yetkazdi.

So’rov natijalariga Baydenning Ukraina NATOga kirishga tayyor emasligi haqidagi bayonoti ham ta’sir qilgani ehtimol.

AQSh rahbariyatiga baho berishni istamagan, shuningdek, uning qarorlarini yoqlamaslignini bildirganlar soni ham oshgan, 25 va 22 foizga.

Your browser doesn’t support HTML5

Ukraina urushi ikki yilga yaqinlashmoqda: so'nggi voqealar tahlili

NATO va Yevropa Ittifoqi a´zoligiga umid

Gallup so’rovida qatnashgan ukrainlarning tortdan uch qismi Ukarina yaqin o’n yil ichida NATO va Yevropa Ittifoqiga a’zo bo’lishiga ishonadi.

Ammo ekspertlar mamlakatda urush davom etar ekan, Ukrainaning NATO a´zosi bo´lishi haqida gapirish qiyinligini ta’kidlashadi.

NATO a’zolari tashqi xurujdan birgalikda himoyalanadi, blokning bir a´zosiga qilingan hujum boshqalariga ham qilingan hujumni anglatadi. Ukrainada urush ketayotgan bir paytda uning NATO a’zoligiga kirishi, NATOni Rossiya bilan urushga majburlovchi asosiy omilga aylanadi.

Ammo bundan qat’i nazar, ukrainlarda mamlakat kelajagi G’arb va Yevropa bilan bog’liqligiga ishonch kuchli.