"Amerika Ovozi" muxbirining dipfeyk videosi tarqatildi

Dipfeyk videodan skrinshot

“Amerika Ovozi” Rus xizmati muxbiri Kseniya Turkova o’zi boshlovchilik qiladigan ko’rsatuvni ko’rar ekan, avvaliga hayron qoldi. U studiyada kriptovalyuta haqida suhbat olib borayotgan edi. Jurnalist bunday ko’rsatuv olib borganini eslolmadi.

Lekin videoda o’zini ko’rib turardi, ovozi ham o’xshardi. Keyin esa bu dipfeyk, ya’ni sun’iy intellekt yordamida yaratilgan soxta video ekanini tushundi. Video bir qarashda haqiqiy ko'rinadi. “Facebook” ijtimoiy tarmog’ida tarqatilgan.

Bunday holatga avval “CNN”, “CBS” va “BBC” kabi axborot agentliklari jurnalistlari ham tushgan. Bu tashvishlanarli.

Asli moskvalik Kseniya Turkova 2017-yildan beri “Amerika Ovozi”da ishlaydi. Undan oldin Rossiya va Ukrainada ishlagan.

“Yaxshiyamki, bu reklama video ekan. Ammo keyingi safar nima bo'ladi? Ular, masalan, Putinning Ukrainadagi urushini yoki terrorizmni qo‘llab-quvvatlayotganimga oid soxta video tarqatishsa-chi? Yoki porno kontent!", - deya tashvishini bildiradi jurnalist.

“O’zimni zaif his qildim, jurnalistik reputatsiyam xavf ostida qolishi mumkinligini angladim”, - deydi Turkova.

Soxta videoda Sovet Ittifoqida tug'ilgan isroillik tadbirkor Yuriy Milner intervyu beradi. Bu ham sun'iy intellektning ishi.

Video Argentinaning “Digit Estudio” aloqa agentligining “Facebook”dagi akkauntida e’lon qilingan. Sahifa 2021-yildan beri faol emas. “Amerika Ovozi” videoni kim yaratganini aniqlay olmadi. Videoni post qilgan akkaunt ham, video ham endi o’chirilgan.

“Amerika Ovozi” “Digit Estudio”ga ham, “Facebook” kompaniyasiga ham shikoyat qilgan. Lekin javob kelmadi.

Yaqin-yaqingacha soxta videolar yaratish juda ko'p vaqt va resurs talab etardi, endi unday emas, deydi Toronto universiteti tadqiqotchisi Jon Skott-Reilton.

"Ularning maqsadi fikringizni o'zgartirish emas, balki sizning ko‘rayotgan, eshitayotgan va o‘qiyotgan narsalaringizga bo‘lgan ishonchingizni yo’q qilish, sizni chalg’itish”, - deydi Nyu-York universiteti direktor o'rinbosari Pol Barrett.

Ekspertlarga ko’ra, “Amerika Ovozi”, “CNN” kabi ishonchli manbalar nomidan chiqishlar uyushtirish odamlarni chalg'itishning eng samarali yo'lidir.

Yangiliklar boshlovchisini “qalbakilashtirish” samarali dezinformatsiya strategiyasi bo'lishi mumkin, chunki yangiliklar boshlovchilari ishonchli manba timsoliga aylangan, deydi Vashingtondagi Yangi Amerika xavfsizligi aql markazi vakili Bill Dreksel.

Bunday dezinformatsiya axborot agentliklariga bo’lgan ishonchni o’ldiradi, deydi ekspert.

Barret fikricha, dipfeyk videolar sun'iy intellekt faoliyatini tartibga solish zarurligini yana bir bor isbotlamoqda. AQSh Prezidenti Jo Bayden yaqinda sun'iy intellekt bilan bog’liq ilk farmon imzoladi.

Barretning ta'kidlashicha, yangi qoidalar keng qamrovli. Lekin Oq uy xorijiy hukumatlar yoki boshqa tashkilotlarning ochiq sun’iy intellekt dasturlaridan foydalanishini cheklashga oid buyruq bera olmaydi.

Texnologiya dizaynerlari mahsulotlari manipulyatsiya qilinmasligi uchun choralar ko'rishi kerak, deydi Barrett.