ChatGPT sun’iy intellekt (SI) chatboti o’tgan yili kuzda ishga tushganidan beri bu kabi generativ tizimlarning foyda va zarari haqida ko’plab xabarlar paydo bo’ldi, robotlar hukmron bo’lgan distopik kelajak haqidagi qo’rquv kuchaydi.
Yangi hisobotga ko’ra, ChatGPT kabi ilovalar jurnalistlar va media sanoati uchun muayyan qiyinchiliklar yaratadi. Nyu-York universiteti qoshidagi Stern biznes va inson huquqlari markazi chiqargan bu hisobotda generativ SI bilan bog’liq sakkizta xavf qayd etilgan, jumladan, dezinformatsiya, kiberhujumlar, shaxsiy hayotga aralashuv va media sanoatining tanazzuli.
“Ekzistensial xavf-xatar va generativ SIning bevosita zarari haqidagi xavotirlar o’rtasida biroz chalkashlik yuzaga kelayapti. Xudoyim, bu texnologiya insoniyatni yo’q qiladigan qotil robotlarga olib keladi degan, savol bilan falaj bo’lib qolmasligimiz kerak”, - deydi hisobot hammuallifi Pol Barret.
Hozirgi tizimlar bunday dahshatli ssenariyga olib kelmaydi, deydi u. Izlanish xulosalaridan biri shuki, qonunchilar, nazoratchilar va SI sanoatining o’zi potensial xavflarni bartaraf etishga ustuvor ahamiyat qaratishi lozim.
Jurnalistlar faoliyati davomida duch keladigan tahdidlardan biri - bu “doksing” va tuhmat kampaniyalari. “Doksing” deganda shaxsiy yoki identifikatsion ma’lumotlarni, masalan, birovning uy manzili yoki telefon raqamini internetda chop etish tushuniladi.
Generativ SI yordamida jurnalistlarni “doksing” qilish yoki ta’qib qilish yanada osonroq.
“Agar shunday ishga qo’l urmoqchi bo’lsangiz, SI tizimlari buni osonlashtiradi”, - deydi Barret.
Oson propaganda
Dezinformatsiya – hisobotda qayd etilgan yana bir xavf. Qayd etilishicha, agar Kreml 2016-yilgi AQSh prezidentlik saylovlari arafasida generativ SIdan foydananish imkoniyatiga ega bo’lganda edi, buzg’unchilik operatsiyasini o’ta samarali tarzda olib borgan bo’lardi.
Generativ SI “samaradorlikni oshiradi, ammo dezinformatsiya yaratishni ham ancha samarali qiladi”, deydi Barret.
Buning matbuot erkinligi va media savodxonlikka ta’siri jiddiy bo’lishi kutilmoqda, chunki dezinformatsiya va ommaviy axborot vositalariga bo'lgan ishonch bir-biriga bog’liq.
Generativ SI, shuningdek, media tashkilotlar yuzlashayotgan moliyaviy muammolarni kuchaytirishi mumkin. Misol uchun, odamlar ChatGPT orqali savoliga lo’nda javob olish bilan qoniqsa, ularning boshqa maqolalarga havolalarni bosishi ehtimoli kamayadi. Bu esa trafikni va reklamadan tushadigan daromadni ham kamaytiradi.
Media uchun bu texnologiyaning foydali jihatlari ham bor. SI vositalari PDF formatidagi fayllarni va ma’lumotlarni tezda tahlil qilish, manbalarni tekshirish va sarlavhalarni yozishga yordam beradi.
Hisobot mualliflari fikricha, hukumat ushbu yangi sanoatni ijtimoiy media platformalari bilan bo’lgani kabi xatolar qilishiga yo’l qo’ymasligi kerak.
SI kompaniyalarini nazorat qilish bo’yicha federal vakolatlarni kuchaytirish, bu kompaniyalardan ko'proq shaffoflik talab qilish tavsiya etilgan.
“Kongress, nazorat organlari, jamoatchilik va SI sanoati potensial xavflarga e’tibor bersin. Agar bu jabhada yetarlicha tez harakat qilinmasa, Kongress bir yo’lini topishi kerak bo’ladi”, - deydi Barret.
Facebook Forum